O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filialini tashkil etish to‘g‘risida
Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, hududning o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda ijtimoiy, madaniy va boshqa sohalarda taraqqiyotga erishish borasida bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Biroq shunga qaramasdan, soha mutaxassislarining psixologik bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda jamiyatda psixologik bilimlarni keng targ‘ib etish borasida hali o‘z yechimini kutayotgan masalalar mavjud.
Hududda ta’lim-tarbiya jarayonini psixologik qo‘llab-quvvatlash, soha mutaxassislarining psixologik bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda jamiyatda psixologik bilimlarni keng targ‘ib qilish, yoshlar bilan ishlaydigan psixolog-pedagoglar maktabini yaratish, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari uchun aynan bola psixologiyasiga ixtisoslashgan yuqori malakali psixolog kadrlar tayyorlashni kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Jizzax viloyati hokimligining Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Jizzax filialini (keyingi o‘rinlarda Filial deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilansin:
psixologiya, pedagogika, matematika va tabiiy fanlar, mexanika va boshqa ehtiyoj yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha yuqori malakali kadrlarni xalqaro standartlar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;
xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan, jumladan, psixologiya sohasida Rossiya Federatsiyasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari asosida malakali kadrlar tayyorlash;
Rossiya Federatsiyasining yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikda psixologiyaning ilmiy vazifalarini hal etishga yo‘naltirilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borish;
o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida respublika va xorijning yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;
xorijiy ilmiy-tadqiqot va oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, olim va mutaxassislarini jalb etgan holda psixologiya sohasi bo‘yicha pedagog va mutaxassis kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etish, o‘quv jarayoniga zamonaviy ta’lim texnologiyalarini va masofaviy o‘qitish usullarini joriy etish;
respublika va xorijning oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish.
3. Belgilansinki:
Filial Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlariga ega bo‘ladi;
2019/2020 o‘quv yilida Filialga davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasining qaroriga asosan tasdiqlanadi;
2020/2021 o‘quv yilidan boshlab Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ikki oy muddatda:
Filialning tuzilmasini oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq tasdiqlasin;
Filialning ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;
Filialni tanlov asosida, shu jumladan, psixologiya sohasida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan mutaxassislardan iborat yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin;
Filialda o‘quv-metodik jarayonning tashkil etilishini ta’minlash, shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini tasdiqlash, uni o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlash bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Filial axborot-resurs markazini tayanch oliy ta’lim muassasasi tomonidan qo‘shimcha o‘quv, ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
5. Quyidagilar Filial faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;
to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar;
xo‘jalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablag‘lar;
Oldingi tahrirga qarang.
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
(5-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
6. Belgilab qo‘yilsinki:
a) O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq 2019-yilda Filialni saqlashga budjet mablag‘lari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2019-yil ijtimoiy soha uchun tasdiqlangan parametrlari doirasida ajratiladi, 2020-yildan boshlab esa O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ushbu sohaga ajratiladigan xarajatlar parametrlarida nazarda tutiladi;
b) Filialning dastlabki faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlar, shu jumladan:
Filialning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va Filialni joriy ta’minlash bilan bog‘lik xarajatlar — Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining budjetdan tashqari, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lari hisobiga;
Filialning bino va inshootlarini joriy ta’mirlash va jihozlash (mebellar, kompyuter texnikasi, o‘quv adabiyotlari va boshqa moddiy-texnika vositalar) bilan bog‘liq xarajatlar — O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.
7. Jizzax viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Jizzax shahar, Sh. Rashidov ko‘chasi, 259-uy manzilida joylashgan Jizzax transport, aloqa kasb-hunar kollejining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda Filialga operativ boshqaruv huquqi asosida berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilansinki, Jizzax transport, aloqa kasb-hunar kolleji o‘quvchilari o‘qishni bitirgunlariga qadar Filial binolarida o‘quv jarayonini davom ettiradilar.
8. Jizzax viloyati hokimligi, zarurat bo‘lganda, Filialning to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun uni qo‘shimcha bino va inshootlar, yer maydonlari bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan O‘zbekiston Respublikasining Investitsiya dasturini 2020-yil va keyingi yillar uchun shakllantirishda Filial bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, kapital ta’mirlash va jihozlash loyihalari ushbu dasturlarga belgilangan tartibda kiritilishini nazarda tutsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Filialni onlayn ma’ruza hamda masofaviy ta’lim uchun telekommunikatsiya jihozlari va infratuzilma bilan ta’minlash, shuningdek, yuqori tezlikdagi Internet jahon axborot tarmog‘iga hamda elektron ta’lim milliy tarmog‘iga belgilangan tartibda ulash choralarini ko‘rsin.
11. Filialga 2 ta, shu jumladan, 1 ta yengil va 1 ta maxsus avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U. Madjidov hamda Jizzax viloyati hokimi E.A. Saliyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-iyul,
563-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 08.07.2019-y., 09/19/563/3388-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)