Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining
Qarori
Ichki ishlar organlari xodimlarini terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat havfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan deb topish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 1-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3171]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-maydagi 375-son “Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlarining davlat oliy taʼlim muassasalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasining oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi qaror qiladi:
1. Ichki ishlar organlari xodimlarini terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan deb topish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Ichki ishlar vaziri P. BOBOJONOV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-iyul,
52QQ-son
Sogʻliqni saqlash vaziri A. SHADMANOV
Toshkent sh.,
2019-yil 1-iyul,
86-son
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligining 2019-yil 1-iyuldagi 52QQ, 86-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Ichki ishlar organlari xodimlarini terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan deb topish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-maydagi 375-son “Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlarining davlat oliy taʼlim muassasalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasining oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq ichki ishlar organlari xodimlari terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan (bundan buyon matnda halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan deb yuritiladi) deb topish tartibini belgilaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ichki ishlar organlari xodimlari xizmat majburiyatini bajarish vaqtida (“Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 28-moddasi) halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan boʻlsa, biroq ularning halok boʻlishi yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolishi terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlmasa, mazkur Nizom talablari ularga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Ichki ishlar organlari xodimlarini halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan deb topish Ichki ishlar organlari xodimlarini terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan deb topish boʻyicha maxsus komissiya (bundan buyon matnda Maxsus komissiya deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi.
3. Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) oʻzlariga tegishli hududdagi halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan sobiq xodimlar va ularning oila aʼzolari (ota-onasi, turmush oʻrtogʻi, farzandlari) haqidagi maʼlumotlar bazasini yuritadi va undagi maʼlumotlarni doimiy ravishda yangilab boradi.
2-bob. Maxsus komissiyani tuzish
4. Maxsus komissiya Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining buyrugʻi bilan 7 kishidan kam boʻlmagan toq sondan iborat tarkibda tuziladi.
5. Maxsus komissiya Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Kadrlar bosh boshqarmasi boshligʻi, Ichki ishlar vazirligi Tibbiyot boshqarmasi boshligʻi va uning oʻrinbosari, Tashkiliy departament boshligʻi, Oʻz xavfsizligi boshqarmasi boshligʻi, Moliya va moddiy texnika bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari — Moliya iqtisod boshqarmasi boshligʻi, Yuridik taʼminlash boshqarmasi boshligʻi va Ichki ishlar vazirligining masʼul xodimlaridan iborat tarkibda shakllantiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining oʻrinbosari — Kadrlar bosh boshqarmasi boshligʻi Maxsus komissiya raisi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasining masʼul xodimi Maxsus komissiya kotibi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Maxsus komissiya oʻz faoliyatini mazkur Nizom hamda boshqa qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Maxsus komissiya raisi:
Maxsus komissiya faoliyatini va uning ish tartibiga rioya etilishini nazorat qiladi;
Maxsus komissiyaning navbatdagi yigʻilishi oʻtkaziladigan kun va vaqtni belgilaydi;
Maxsus komissiya majlislarini oʻtkazadi va ularga rahbarlik qiladi.
9. Maxsus komissiya raisi komissiya ishini tashkil qilish va uning oʻz vaqtida, toʻgʻri va haqqoniy oʻtkazilishi uchun masʼul hisoblanadi.
3-bob. Halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan sobiq xodimlar yigʻma jildini shakllantirish
10. Tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) oʻzlariga tegishli hududda sodir boʻlgan voqeada (hodisada) ichki ishlar organi xodimining halok boʻlishi yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolishi holatlari kuzatilganda halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan sobiq xodim va uning oila aʼzolari haqidagi maʼlumotlarni tegishliligi boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalariga (bundan buyon matnda hududiy ichki ishlar organi deb yuritiladi) yuboradi.
11. Hududiy ichki ishlar organi tuman (shahar) ichki ishlar boshqarmalari (boʻlimlari) tomonidan taqdim etilgan roʻyxatda koʻrsatilgan, shuningdek hududiy ichki ishlar organida mavjud maʼlumotlar asosida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan sobiq xodimlarning har biri uchun alohida yigʻma jild shakllantiradi.
Yigʻma jild quyidagi hujjatlardan yoki ularning nusxalaridan shakllantiriladi:
sodir boʻlgan voqea (hodisa) yuzasidan oʻtkazilgan xizmat tekshiruvi xulosasi;
sodir boʻlgan voqea (hodisa) boʻyicha tuzilgan dalolatnoma;
sodir boʻlgan voqea (hodisa) oqibatida jarohat olgan xodimning ushbu vaqtdagi sogʻligʻi holati toʻgʻrisidagi hujjatlar;
sud-tibbiy ekspertiza xulosasi;
sodir boʻlgan voqea (hodisa) yuz bergan vaqtda xodimning xizmat vazifasi yoki majburiyatini bajarish bilan bogʻliqligini tasdiqlovchi hujjat (agar mavjud boʻlsa);
sodir boʻlgan voqea (hodisa) yuzasidan tergov organi yoki sudning qarori (agar mavjud boʻlsa);
tibbiy koʻrik natijalari boʻyicha Tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining xulosasi hamda nogironlik toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;
Keyingi tahrirga qarang.
ichki ishlar organlaridan xizmatdan boʻshatilganligi toʻgʻrisidagi buyruq koʻchirmasi.
Yigʻma jildga sodir boʻlgan voqea (hodisa) bilan bogʻliq holatlarni ifodalovchi boshqa hujjatlar yoki ularning nusxalari kiritilishi mumkin.
Halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan sobiq xodim boʻyicha shakllantirilgan yigʻma jilddagi hujjatlar yoki ularning nusxalari toʻgʻri va toʻliq shakllantirilganligi boʻyicha masʼuliyat mazkur yigʻma jildni shakllantirgan hududiy ichki ishlar organiga yuklatiladi.
12. Hududiy ichki ishlar organi halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan sobiq xodim boʻyicha shakllantirilgan yigʻma jildlarni hududiy ichki ishlar organi boshligʻi, u boʻlmaganda uning vazifasini bajaruvchi tomonidan imzolangan xat bilan Maxsus komissiyaga yuboradi.
4-bob. Maxsus komissiya ishini tashkil etish
13. Maxsus komissiya kotibi halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan sobiq xodimlarning kelib tushgan yigʻma jildlarini qabul qilib oladi va shu kunning oʻzida yigʻma jildlarni roʻyxatga olish kitobiga tegishli yozuv kiritish orqali qayd qiladi.
Yigʻma jildlarni roʻyxatga olish kitobi ip oʻtkazilib tikilgan, Ichki ishlar vazirligi Kadrlar bosh boshqarmasining devonxonasi muhri bilan tasdiqlangan va roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishi lozim.
Keyingi tahrirga qarang.
14. Maxsus komissiya kotibi kelib tushgan yigʻma jildlardagi hujjatlarning toʻliqligini hamda undagi maʼlumotlar toʻgʻri koʻrsatilganligini oʻrganadi.
15. Maxsus komissiya kotibi kelib tushgan yigʻma jildlardagi hujjatlar toʻliq boʻlmagan yoki undagi maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilmaganligini aniqlagan hollarda yigʻma jildni yuborgan hududiy ichki ishlar organidan qoʻshimcha maʼlumotlar taqdim etilishini talab qiladi.
Maxsus komissiya kotibi tomonidan talab qilingan maʼlumotlar 10 kun ichida taqdim etilmagan taqdirda yigʻma jild tegishli hududiy ichki ishlar organiga qaytariladi.
16. Kelib tushgan yigʻma jildlardagi hujjatlar toʻliq va undagi maʼlumotlar toʻgʻri koʻrsatilgan hollarda Maxsus komissiya kotibi ushbu yigʻma jildlarni Maxsus komissiyaning navbatdagi yigʻilishida koʻrib chiqilishi uchun har bir yigʻma jild boʻyicha alohida Maxsus komissiyaning barcha aʼzolari soniga mutanosib ravishda qisqacha maʼlumotnoma tayyorlaydi.
17. Halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan sobiq xodimlarning yigʻma jildlari Kadrlar bosh boshqarmasida saqlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
18. Maxsus komissiya kotibi hududiy ichki ishlar organlaridan yuborilgan yigʻma jildlarni qabul qilib olgan kunning oʻzida bu haqda Maxsus komissiya raisini xabardor qiladi.
19. Maxsus komissiya raisi sobiq xodimning halok boʻlishi yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolishi terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliqligini koʻrib chiqish maqsadida Maxsus komissiyaning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtadigan kun va vaqtni belgilaydi.
Bunda yigʻma jildlar bir yoki bir nechta boʻlishidan qatʼi nazar, ular Maxsus komissiyaga kelib tushgan kundan boshlab 30 kun ichida Maxsus komissiya tomonidan koʻrib chiqilishi shart.
20. Maxsus komissiya kotibi komissiya yigʻilishi oʻtkaziladigan kundan kamida 3 kun oldin Maxsus komissiyaning barcha aʼzolarini komissiya yigʻilishi oʻtkaziladigan kun va vaqt haqida xabardor qiladi.
5-bob. Maxsus komissiya yigʻilishini oʻtkazish
21. Maxsus komissiya yigʻilishida komissiya raisi, kotibi va uning aʼzolaridan boshqa shaxslarning ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi, Maxsus komissiya raisining ruxsati bilan komissiya yigʻilishida koʻrilayotgan masala yuzasidan tegishli soha mutaxassislarini jalb etish hollari bundan mustasno.
22. Maxsus komissiya kotibi yigʻilishda koʻrib chiqish uchun kun tartibiga qoʻyilgan sobiq xodimlarning yigʻma jildlari asosida tayyorlangan qisqacha maʼlumotnomani komissiyaning barcha aʼzolariga bir nusxadan tarqatadi.
23. Maxsus komissiya kotibi har bir yigʻma jild boʻyicha barcha maʼlumotlarni komissiya aʼzolariga alohida oʻqib eshittiradi.
24. Maxsus komissiya har bir yigʻma jild orqali taqdim etilgan maʼlumotlarni oʻrgangan holda ularning har biri boʻyicha alohida qaror qabul qiladi.
25. Yigʻma jildi taqdim etilgan sobiq xodimni Maxsus komissiya tomonidan halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan deb topish quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
sobiq xodim terrorizmga qarshi kurashish bilan bogʻliq tadbirlar yoxud terroristik aktlar natijasida bevosita, shuningdek faol harakatlari oqibatida halok boʻlganligi yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolganligi holati;
sobiq xodim jinoyatchilikka qarshi kurashish bilan bogʻliq tadbirlar yoxud fuqarolar hayoti va sogʻligʻiga tahdid soluvchi harakatlar, shuningdek sodir etilgan jinoiy harakat natijasida bevosita, shuningdek faol harakatlari oqibatida halok boʻlganligi yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolganligi holati;
sobiq xodim jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq tadbirlar, amaliyotlar yoxud jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi tajovuzlarni bartaraf etish natijasida bevosita, shuningdek faol harakatlari oqibatida halok boʻlganligi yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolganligi holati.
26. Maxsus komissiya yigʻilishida koʻrib chiqilayotgan yigʻma jild materiallari mazkur Nizomning 25-bandida nazarda tutilgan mezonlarga muvofiq boʻlmagan hollarda sobiq xodimni terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chogʻida halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan deb topishga yoʻl qoʻyilmaydi.
27. Maxsus komissiya tomonidan tegishliligi boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
sobiq xodim terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish (jamoat xavfsizligini taʼminlash) chogʻida halok boʻlgan (olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan) deb topish toʻgʻrisida;
sobiq xodim terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish (jamoat xavfsizligini taʼminlash) bilan bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra halok boʻlgan (olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan) deb topish toʻgʻrisida.
28. Maxsus komissiya qarori komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, Maxsus komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
29. Maxsus komissiya yigʻilishi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunda komissiya majlisi bayonnomalarini rasmiylashtirish komissiya kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
30. Maxsus komissiya yigʻilishi bayonnomasi komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan imzolanadi hamda tasdiqlash uchun komissiya raisiga taqdim etiladi.
31. Maxsus komissiya kotibi komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan bayonnoma nusxasini komissiya yigʻilishi boʻlib oʻtgan kundan boshlab 7 kun ichida yigʻma jildni yuborgan tegishli hududiy ichki ishlar organiga yetkazilishini taʼminlaydi.
32. Hududiy ichki ishlar organi Maxsus komissiya tomonidan yuborilgan barcha bayonnoma nusxalari asosida terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish (jamoat xavfsizligini taʼminlash) chogʻida halok boʻlgan (olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan) deb topilgan sobiq xodimlar roʻyxatini yuritadi va ushbu roʻyxatni doimiy ravishda yangilab boradi.
33. Hududiy ichki ishlar organi Maxsus komissiya qaroriga asosan terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish (jamoat xavfsizligini taʼminlash) chogʻida halok boʻlgan (olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan) deb topilgan sobiq xodimning oila aʼzolarini Maxsus komissiya qarori hamda ular uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyozlar bilan yozma ravishda tanishtiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
34. Hududiy ichki ishlar organlari har chorak yakuni boʻyicha chorakdan keyingi oyning 3 sanasidan kechiktirmay oʻzlariga tegishli hududdagi halok boʻlgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan sobiq xodimlar (ularning oila aʼzolari) haqidagi maʼlumotlarni xatlovdan oʻtkazadi va xatlov natijasida aniqlangan maʼlumotlarni Maxsus komissiyaga taqdim etib boradi.
35. Terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish (jamoat xavfsizligini taʼminlash) chogʻida halok boʻlgan (olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan) xodimlar farzandlarining oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-maydagi 375-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari xodimlari farzandlarining davlat oliy taʼlim muassasalari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasining oliy va oʻrta maxsus taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishi uchun tavsiyanoma (taqdimnoma) berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom asosida amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Bunda terrorizmga va jinoyatchilikka qarshi kurashish (jamoat xavfsizligini taʼminlash) chogʻida halok boʻlgan (olgan jarohati tufayli nogiron boʻlib qolgan) deb topilgan xodimlar farzandlarining roʻyxati Maxsus komissiya tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 6-maydagi 375-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga asosan tashkil etilgan komissiyaga taqdim etib boriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6-bob. Yakuniy qoidalar
36. Manfaatdor shaxslar soʻroviga koʻra Maxsus komissiya qarorining tegishli qismidan koʻchirma berilishi mumkin.
37. Maxsus komissiya qaroridan norozi boʻlgan shaxslar sudga murojaat qilishlari mumkin.
38. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/3171/3384-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 14.03.2026-y., 10/26/3171-1/0229-son)