O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi yangi tahrirda qabul qilinishi, sud amaliyotida masalalar kelib chiqayotganligi munosabati bilan hamda qonun normalarini bir xilda va to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga asoslanib O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksi (bundan buyon matnda FPK deb yuritiladi) 6-moddasining ikkinchi qismiga muvofiq hal qiluv qarori birinchi instansiya sudi tomonidan ishni da’vo va alohida ish yuritish tartibida mazmunan ko‘rish natijalari bo‘yicha qabul qilinadigan sud hujjatining shakllaridan biri hisoblanadi.
Hal qiluv qarori O‘zbekiston Respublikasi nomidan qabul qilinadi va barcha davlat organlari va boshqa organlar, tashkilotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining butun hududida so‘zsiz ijro etilishi lozim (FPK 16-moddasi).
2. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, FPK 14-moddasiga muvofiq sudning hal qiluv qarori qonunga asoslangan bo‘lishi lozim. Boshqa qonun hujjatlarining qo‘llanilishiga, agar ular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga zid bo‘lmasagina, yo‘l qo‘yiladi.
Qonunda yoki boshqa qonun hujjatida nizoli munosabatni tartibga soladigan huquq normalari mavjud bo‘lmagan taqdirda, sud shunga o‘xshash munosabatlarni tartibga soladigan qonun yoxud boshqa qonun hujjati normalariga asoslangan holda qaror qabul qiladi (qonun o‘xshashligi), bunday normalar mavjud bo‘lmaganda esa nizoni qonunlarning umumiy asoslari va mazmunidan kelib chiqqan holda hal etadi (huquq o‘xshashligi).
3. Hal qiluv qarori, u protsessual huquq normalariga qat’iy rioya qilingan holda va ushbu huquqiy munosabatga nisbatan qo‘llanilishi lozim bo‘lgan moddiy huquq normalariga mos ravishda qabul qilingan, zarur hollarda qonun o‘xshashligi yoki huquq o‘xshashligini qo‘llashga asoslangan bo‘lsagina, qonuniy hisoblanadi.
4. Sudlarga tushuntirilsinki, hal qiluv qarori, unda ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan faktlar, sud tomonidan tekshirilgan dalillar bilan tasdiqlangan, ularning aloqadorligi va maqbulligi qonun talablariga javob beradigan yoki sud hammaga ma’lum deb topgan, isbotlashga muhtoj bo‘lmagan holatlar, shuningdek, aniqlangan faktlardan kelib chiqadigan yakuniy xulosalar aks ettirilganda, asoslantirilgan hisoblanadi (FPK 73 — 75-moddalari).
Sud topshirig‘ini yuborish orqali dalillar to‘planganda, sud hal qiluv qarorini ushbu dalillarni hisobga olgan holda, agar ular FPK 104-moddasi talablariga rioya qilingan holda olingan, sud majlisida e’lon qilingan, ishda ishtirok etuvchi shaxslar tomonidan taqdim etilgan va boshqa dalillar majmui bilan birga baholangan taqdirdagina, asoslashi mumkin.
5. FPK 249-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, sudya hal qiluv qarorini alohida xonada (maslahatxonada) ishning muhokamasi tugaganidan keyin darhol qabul qilishi shart.
Sudlarning e’tibori asoslantirilgan hal qiluv qarorini tayyorlashni kechiktirilishi istisno hollarda, o‘ta murakkab ishlar bo‘yicha besh kundan ortiq bo‘lmagan muddatga yo‘l qo‘yilishiga qaratilsin. Bunday hollarda hal qiluv qarorining faqatgina kirish va xulosa qismlari tayyorlanadi. Hal qiluv qarorining xulosa qismi ish muhokamasi tamomlangan sud majlisining o‘zida sudya tomonidan imzolanadi, o‘qib eshittiriladi va ishga qo‘shib qo‘yiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismi e’lon qilinganda, raislik qiluvchi ishda ishtirok etuvchi shaxslar, ularning vakillari asoslantirilgan hal qiluv qarori bilan qachon tanishishlari mumkinligini tushuntirishi shart va bu sud majlisi bayonnomasida aks ettiriladi.
Asoslantirilgan hal qiluv qarorining kirish va xulosa qismlari ish muhokamasi tugallangan kuni e’lon qilingan, matni to‘liq bo‘lmagan, hal qiluv qarorining kirish va xulosa qismiga so‘zma-so‘z mos kelishi lozim. Ish bo‘yicha qabul qilingan hal qiluv qarorining sanasi, u e’lon qilingan kun hisoblanadi.
6. Sudlarning e’tibori FPK 253-moddasiga muvofiq sudning hal qiluv qarori kirish, bayon, asoslantiruvchi va xulosa qismlardan iborat bo‘lishligiga qaratilsin.
7. Hal qiluv qarorining kirish qismini tuzishda FPK 253-moddasining ikkinchi qismiga amal qilish lozim.
Xususan, hal qiluv qarorining kirish qismida ish raqami, hal qiluv qarorining qabul qilingan vaqti va joyi, hal qiluv qarori qabul qilgan sudning nomi, sudyaning familiyasi, ismi va otasining ismi, sud majlisining kotibi, taraflar, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslar, ularning vakillari, shuningdek, nizo predmeti yoki arz qilingan talab ko‘rsatiladi.
Taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning shaxsiga doir ma’lumotlari shaxsni tasdiqlovchi hujjatlardagi (pasport, harbiy bilet, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, yashash uchun guvohnoma) yozuvlarga muvofiq ko‘rsatilishi lozim.
Agar taraf yuridik shaxs bo‘lsa, uning nomi davlat ro‘yxatiga olish haqidagi hujjatlarga muvofiq ko‘rsatilishi kerak.
8. Hal qiluv qarorining bayon qismida, FPK 253-moddasining uchinchi qismidagi talablardan tashqari, arz qilingan talablarning qisqa shakldagi mazmuni bayon etiladi. Bunda, hal qiluv qarorining matnini huquqiy ahamiyatga ega bo‘lmagan holatlar bilan to‘ldirishni oldini olish uchun, da’vo va da’voga e’tirozni so‘zma-so‘z bayon etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Da’vogar tomonidan da’voning asosi yoki predmeti o‘zgartirilgan yoxud uning miqdori kamaytirilgan, javobgar tomonidan qarshi da’vo taqdim etilgan taqdirda, bu ham hal qiluv qarorining bayon qismida aks ettirilishi lozim.
Bundan tashqari, hal qiluv qarorining bayon qismida javobgarning da’voni to‘liq yoki qisman tan olganligi, uning da’voga nisbatan e’tirozlari haqida ko‘rsatilishi, shuningdek, ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning tushuntirishlari bayon etilishi lozim.
Hal qiluv qarorining bayon qismida maslahatxonasida hal qiluv qarori qabul qilish paytida sud tomonidan hal qilinishi lozim bo‘lgan arz qilingan iltimosnomalar (da’vo muddatini qo‘llash, neustoykani kamaytirish, hal qiluv qarorini darhol ijroga qaratish haqidagi va boshqalar) ham bayon etiladi.
9. FPK 253-moddasining to‘rtinchi qismiga asosan hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida sud tomonidan aniqlangan, ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar ko‘rsatilishi lozim. Hal qiluv qarorida sud foydasiga hal qiluv qarori qabul qilgan tarafning vajlari va dalillarini bir tomonlama bayon etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Sud qaysi asoslarga ko‘ra boshqa tarafning vajlari sud tomonidan qabul qilinmaganligini ko‘rsatishi shart.
Sud sud majlisida tekshirilgan dalillarni FPK 80-moddasida nazarda tutilgan qoidalarga rioya qilgan holda baholaydi.
10. FPK 80-moddasining to‘rtinchi qismiga binoan hech bir dalil sud uchun oldindan belgilab qo‘yilgan kuchga ega emasligi sababli, ekspertning xulosasi boshqa dalillar oldida ustunlikka ega bo‘lmaydi va sud uchun majburiy hisoblanmaydi. U boshqa dalillar majmui bilan birga baholanishi lozim.
Ekspertning xulosasiga hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida baho berilishi lozim. Bunda sud ekspertning xulosasi nimaga asoslanganligini, ekspertizaga taqdim etilgan hujjatlar to‘liq tekshirilgan yoki tekshirilmaganligini va u tomonidan tegishincha tahlil qilingan yoki qilinmaganligini ko‘rsatishi lozim. Sud ekspert xulosasiga qo‘shilmasligini hal qiluv qarorida asoslantirishi kerak.
Taraf ekspertizada ishtirok etishdan bosh tortganda va mazkur tarafning ishtirokisiz ekspertiza o‘tkazish imkoniyati bo‘lmasa, aniqlanishi uchun ekspertiza tayinlangan faktni aniqlash masalasi sud tomonidan FPK 95-moddasining beshinchi qismida nazarda tutilgan qoidalarga muvofiq hal etiladi.
FPK 98-moddasining ikkinchi qismi mazmuniga ko‘ra, ekspertning sud majlisida bergan og‘zaki tushuntirishlari, faqatgina u tomonidan dastlab berilgan yozma xulosani tushuntirishga oid qismi bo‘yicha dalil bo‘lishi mumkin.
11. FPK 75-moddasining ikkinchi qismiga ko‘ra, bir fuqarolik ishi bo‘yicha sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan faktlar xuddi shu shaxslar o‘rtasidagi boshqa fuqarolik ishini ko‘rayotgan sud uchun majburiy hisoblanadi. Ko‘rsatilgan holatlar nizolashilmaydi va yangidan isbot qilinmaydi.
Iqtisodiy yoki ma’muriy sudning qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori bilan aniqlangan holatlar xuddi shu shaxslar ishtirokidagi boshqa fuqarolik ishini ko‘rayotgan sud uchun ham shunday ahamiyatga ega. (FPK 75-moddasining uchinchi qismi).
FPK 75-moddasining to‘rtinchi qismiga ko‘ra, jinoyat ishi bo‘yicha qonuniy kuchga kirgan sud hukmi sud tomonidan hukm etilgan shaxs harakatlarining fuqarolik-huquqiy oqibatlari to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqayotgan sud uchun faqat shu harakatlar sodir etilgan yoki etilmaganligi va ular mazkur shaxs tomonidan sodir etilgan yoki etilmaganligi masalalari yuzasidangina majburiydir.
Bunday jinoyat ishidan kelib chiquvchi da’voni ko‘rayotgan sud javobgarning aybliligi masalasini muhokama qilishga haqli bo‘lmasdan, balki fuqarolik ishi muhokamasida tekshirilgan, zararning miqdorini (xususan, javobgarning mulkiy ahvoli yoki jabrlanuvchining aybini hisobga olish) belgilashga ta’sir qiladigan dalillarga o‘zgacha baho berishga haqli.
12. Sud hal qiluv qarorida ish uchun ahamiyatga ega u yoki bu holatlar tasdiqlanadigan dalillarni ko‘rsatib o‘tilishi bilan chegaralanmasdan, balki bu dalillarning mazmunini bayon etishi shart.
Agar sud dalillarga baho berib, taraflar o‘zlarining talab va e’tirozlariga asos qilib ko‘rsatgan holatlar u yoki bu faktik ma’lumotlar bilan tasdiqlanmaganligini aniqlasa, hal qiluv qarorida bu haqdagi xulosasini asoslantirishi lozim.
Sud majlisida tarafning nizoni to‘g‘ri hal etish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan dalilni saqlayotganligi va sudning so‘rovi bo‘yicha taqdim etmayotganligi fakti aniqlanganda, sud FPK 72-moddasining birinchi qismi talablarini hisobga olib, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ushbu dalilda mavjud bo‘lgan ma’lumotlarni dalillar majmuidan kelib chiqib baholaydi.
13. FPK 44-moddasining ikkinchi qismi va 254-moddasiga muvofiq sud ishni da’vogar tomonidan arz qilingan talablar doirasida hal qiladi va o‘zining tashabbusiga ko‘ra da’vo predmeti yoki asosini o‘zgartirishga haqli emas. Sud faqatgina da’vogarning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun zarur deb topsa, shuningdek, qonunda to‘g‘ridan to‘g‘ri nazarda tutilgan boshqa hollarda, da’vogarning arz qilgan talablari doirasidan chetga chiqishga haqli.
Da’vo predmeti moddiy-huquqiy mazmunga ega bo‘lgan, da’vogar (arizachi) tomonidan taqdim etilayotgan, uning huquqlari, erkinliklari yoki qonuniy manfaatlarini buzish yoki buzilish tahdidining mohiyatini ko‘rsatadigan talablarda ifodalanadi.
Da’voning asosi sifatida manfaatdor shaxs tomonidan ko‘rsatilayotgan, da’vo predmeti hisoblangan, moddiy-huquqiy munosabatni vujudga keltirish, o‘zgartirish yoki bekor qilishga olib keluvchi faktlarni tushunish lozim.
Talabning hajmiga aniqlik kiritish haqida so‘z yuritilayotganligi bois, da’vo talablari miqdorining oshirilishi yoki kamaytirilishi da’vo predmetini o‘zgartirish sifatida ko‘rilishi mumkin emas.
14. FPK 44-moddasiga muvofiq da’voni tan olish javobgarning huquqi hisoblanadi. Agar javobgarning da’voni tan olishi qonunga zid bo‘lsa, biror-bir shaxsning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini buzsa, sud da’voni tan olishni qabul qilishni rad qilishi mumkin (FPK 169-moddasining birinchi qismi, 226-moddasining to‘rtinchi va beshinchi qismlari).
15. Sud hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida nizoli huquqiy munosabatni hal qilishda sud tomonidan qo‘llanilgan moddiy qonun normasini va ishni ko‘rishda sud qo‘llagan protsessual qonun normalarini ko‘rsatishi shart. Zarur hollarda sud u yoki bu huquq normalarini qo‘llash masalalari bo‘yicha tushuntirishlarni o‘z ichiga olgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qarorlariga havola qilishi mumkin.
Da’vo muddati o‘tkazilganligi munosabati bilan da’vo rad qilinganda, shu jumladan, ularni o‘tkazish sabablari uzrsiz deb topilganda, hal qiluv qarorining asoslantiruvchi qismida ushbu holatni ko‘rsatilishi yetarli bo‘ladi.
16. Hal qiluv qarorining xulosa qismi asoslantiruvchi qismda aniqlangan faktik holatlardan kelib chiquvchi, bunda ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquqlari va majburiyatlariga doir masalaga daxl qilmagan holda, da’voni qanoatlantirish yoki da’voni qisman yoki to‘liq rad qilish haqidagi sudning yakuniy xulosalarini o‘z ichiga olishi lozim.
Ushbu qismda sud dastlabki da’vo bo‘yicha ham, qarshi da’vo bo‘yicha ham qanday qaror qabul qilganligini aniq va tushunarli bayon etishi lozim.
Hal qiluv qarorini ijro qilishda qiyinchiliklar tug‘dirmasligi uchun, sud tomonidan FPK 251-moddasida ko‘rsatilgan boshqa masalalar ham hal qilinishi lozim.
Ijrosi ma’lum shartning kelib chiqishiga bog‘liq bo‘ladigan hal qiluv qarorlari qabul qilinishiga hamda hal qiluv qarorining xulosa qismiga talablarning mazmunan ko‘rilmagan qismi bo‘yicha xulosalarning kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Sudning bunday talablar bo‘yicha xulosalari hal qiluv qaroridan alohida, ajrim shaklidagi sud hujjatida (ko‘rmasdan qoldirish, ish bo‘yicha ish yuritishni tugatish) bayon etiladi.
Hal qiluv qarorining xulosa qismida sud xarajatlarini taqsimlash masalasi, hal qiluv qarori ustidan shikoyat qilish muddati va tartibi ham ko‘rsatilishi lozim.
Sudlarning e’tibori qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuni, u e’lon qilingandan so‘ng raislik qiluvchi tomonidan tushuntirilishi lozimligiga qaratilsin.
17. U yoki bu huquqni tan olish haqidagi ishlar bo‘yicha da’vo qanoatlantirilganda, sud hal qiluv qarorining xulosa qismida nafaqat huquqning mavjudligi to‘g‘risida, balki bunday tan olishning o‘zidan keyin olib keladigan huquqiy oqibatlarini ko‘rsatishi shart (masalan, nikoh haqiqiy emas deb topilganda nikoh qayd qilinganligi haqidagi dalolatnoma yozuvi bekor qilinadi).
18. Mol-mulk natura tarzida undirib berilganda, sud hal qiluv qarorining xulosa qismida mulkning o‘ziga xos ma’lum belgilari va qiymatini ko‘rsatadi.
Umumiy mulkni bo‘lish yoki bunday mulkdan foydalanish tartibini belgilash haqidagi nizolarni ko‘rishda (yer uchastkalari, uy-joy va boshqalar), sud hal qiluv qarorining xulosa qismida har bir tarafga beriladigan mulkning chegarasi va o‘lchamini, chiqish joylarini jihozlashni, to‘siqlarni o‘rnatishni, binolarni qayta planlashtirish tartibini, o‘tish joylarining chegarasi va o‘lchamini, taraflarning umumiy foydalanishida qolgan mulkning chegarasi va o‘lchamini hamda e’tiborga molik boshqa holatlarni aniq va tushunarli ko‘rsatishi shart.
19. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining mazmuni FPK 253-moddasining qoidalari bilan belgilanadi (FPK 283-moddasi). Qonunda ko‘rsatilgan, hal qiluv qarorining mazmuniga mos keladigan umumiy talablardan tashqari, sirtdan qabul qilingan hal qiluv qarorining xulosa qismida ushbu hal qiluv qarorini qayta ko‘rib chiqish muddati va tartibi ko‘rsatilishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Sudlarning e’tibori, qonun mazmuniga ko‘ra hal qiluv qarori o‘qib eshittirilganidan keyin shu qarorni qabul qilgan sud tomonidan bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishi mumkin emasligiga qaratilsin.
(20-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-fevraldagi 5-sonli qarori tahririda)
qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorini yangi ochilgan holatlar bo‘yicha qayta ko‘rishda (FPK 443-moddasi);
fuqaroni bedarak yo‘qolgan deb topish yoki vafot etgan deb e’lon qilish haqidagi ariza ko‘rilganda (FPK 309-moddasi).
21. FPK 261-moddasiga ko‘ra, hal qiluv qarori qabul qilgan sud hal qiluv qarori yozuvida yo‘l qo‘yilgan xatolarni yoki ochiq ko‘rinib turgan arifmetik xatolarni o‘z tashabbusi yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasiga ko‘ra tuzatishi mumkin va bu haqda ajrim chiqaradi.
Qo‘shish, ayirish, ko‘paytirish, bo‘lish yoki boshqa matematik hisoblashlarda yo‘l qo‘yilgan xatolar ochiq ko‘rinib turgan arifmetik xatolar hisoblanadi.
Hal qiluv qarorida, shu jumladan, qonunni noto‘g‘ri qo‘llash yoki tushunish natijasida yo‘l qo‘yilgan boshqa barcha xatolar, faqatgina yuqori instansiya sudi tomonidan qonunda belgilangan tartibda tuzatilishi mumkin.
Sudning hal qiluv qaroriga tuzatish kiritish masalasi sud tomonidan ijro bosqichida ham, lekin qonunda belgilangan, majburiy ijroga taqdim etish mumkin bo‘lgan muddat doirasida hal qilinishi mumkin.
22. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, qo‘shimcha hal qiluv qarori faqatgina qonunda to‘g‘ri nazarda tutilgan hollarda chiqarilishi mumkin (FPK 262-moddasi). Sud qo‘shimcha hal qiluv qarori chiqarish ko‘rinishida hal qiluv qarorining mazmunini o‘zgartirishga yoxud sud majlisida o‘rganilmagan yangi masalalarni hal qilishga haqli emas.
Qo‘shimcha hal qiluv qarori ishni ko‘rgan sud tomonidan, faqatgina hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar chiqarilishi mumkin. Shuni nazarda tutish lozimki, qo‘shimcha hal qiluv qarori chiqarish masalasi sudyalarning boshqa tarkibida ham ko‘rilishi mumkin.
Qo‘shimcha hal qiluv qarorini chiqarish to‘g‘risidagi masala hal qiluv qarori chiqarilgan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay qo‘yilishi mumkin. Ko‘rsatilgan muddat sud tomonidan uzrli deb topilgan sabablarga ko‘ra o‘tkazilgan holda, u FPK 155-moddasi qoidalariga muvofiq tiklanishi mumkin.
Agar sudning hal qiluv qaroriga nisbatan apellatsiya shikoyati berilgan yoki protest keltirilgan bo‘lsa va bir vaqtning o‘zida qo‘shimcha hal qiluv qarori chiqarish masalasi qo‘yilgan bo‘lsa, sud dastlab qo‘shimcha hal qiluv qarori chiqarish masalasini hal etadi, shundan so‘ng ishni apellatsiya instansiyasi sudiga yuboradi.
23. Hal qiluv qarori tushunarsiz bo‘lgan taqdirda, ishni hal qilgan sud o‘z tashabbusi bilan yoki ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasi bo‘yicha hal qiluv qarorini FPK 263-moddasida nazarda tutilgan tartibda, ajrim chiqarish yo‘li bilan tushuntirishi mumkin.
Hal qiluv qarorini tushuntirishda sud uning mazmunini o‘zgartirishga va hal qiluv qarorida hal qilinmagan masalalarga to‘xtab o‘tishga haqli emas.
Hal qiluv qarorini, u ijroga qaratilgunga qadar, lekin qonunda belgilangan muddat doirasida va u majburiy ijro qilinishi mumkin bo‘lgan muddat davomida tushuntirishga yo‘l qo‘yiladi.
24. Yozuvdagi va ochiq ko‘rinib turgan arifmetik xatolarni tuzatish, qo‘shimcha hal qiluv qarori chiqarish, hal qiluv qarorini tushuntirish haqidagi arizalarni ko‘rishda sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarni sud majlisining vaqti va joyi haqida xabardor qiladi. Biroq, ularning kelmaganligi ushbu masalalarni ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
25. Hal qiluv qarori, darhol ijro etish holatlaridan tashqari, u qonuniy kuchga kirganidan so‘ng ijroga qaratiladi (FPK 266-moddasi).
Hal qiluv qarori qonun bo‘yicha (FPK 266-moddasi) darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan hollarda yoki hal qiluv qarorining darhol ijroga qaratilishi sud tomonidan yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa (FPK 267-moddasi), bu haqda hal qiluv qarorining asoslantiruvchi va xulosa qismida ko‘rsatiladi. Sudning havolasi bo‘yicha hal qiluv qarorini darhol ijroga qaratish zaruriyati, hal qiluv qarorining ijrosini kechiktirish undiruvchi uchun ko‘p zarar keltirishi mumkin bo‘ladigan yoki ijro etish mumkin bo‘lmay qoladigan holatlar keltirilgan holda asoslantirilishi lozim (masalan, da’vogarga undirilgan mulkning yo‘qotilishi yoxud begonalashtirilishi).
Zarur hollarda sud, da’vogarning roziligi bilan sudning hal qiluv qarori bekor qilinganda, uning qaytarma ijrosini ta’minlash choralarini ko‘rishi mumkin (FPK 106-moddasi).
Sud hal qiluv qarorini darhol ijroga qaratish masalasini u qabul qilinganidan so‘ng ham, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni xabardor qilgan holda sud majlisida ko‘rib chiqishi mumkin. Biroq, ularning kelmaganligi ushbu masalani hal qilish uchun to‘sqinlik qilmaydi.
Hal qiluv qarorini darhol ijroga qaratish haqidagi ajrim maslahatxonada chiqariladi va ishga qo‘shib qo‘yiladi.
26. Shuni nazarda tutish kerakki, hal qiluv qarorining ko‘chirma nusxasi taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga imzo qo‘ydirib topshiriladi yoki pochta orqali yoxud elektron hujjat tarzida yuboriladi.
Sud majlisiga kelmagan taraflar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga hal qiluv qarorining ko‘chirma nusxasi u qabul qilingan kundan e’tiboran besh kundan kechiktirmay pochta orqali yoki elektron hujjat tarzida yuboriladi.
Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarorlari, yopiq sud majlisida qabul qilinganlardan tashqari, sudning rasmiy veb-saytida faqatgina taraflarning roziligi asosida yoki shaxssizlantirilgan holda e’lon qilinishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
27. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari doimiy ravishda sudlar tomonidan qabul qilinayotgan hal qiluv qarorlarining protsessual qonun talablariga muvofiqligini o‘rganishi, qonun talablari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rishi lozim.
(27-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2021-yil 20-apreldagi 17-sonli qarori tahririda)