Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (12-sonli BHS) “Qurilishga oid shartnomalar”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 1-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3170]
Mazkur buyruq Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2026-yil 13-maydagi 363-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (19-sonli BHS) “Daromad”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3857, 18.06.2026-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq va budjet hisobini davlat sektorida moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (12-sonli BHS) “Qurilishga oid shartnomalar” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2019-yil 27-may,
62-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2019-yil 27-maydagi 62-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (12-sonli BHS) “Qurilishga oid shartnomalar”
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (12-sonli BHS) “Qurilishga oid shartnomalar” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq budjet tashkilotlari, davlat maqsadli va boshqa budjetdan tashqari jamgʻarmalarning (bundan buyon tashkilotlar deb yuritiladi) qurilishga oid shartnomalar boʻyicha daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Standartda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
qurilishga oid shartnoma (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) — alohida obyekt (koʻprik, bino, toʻgʻon, quvur, yoʻl, kema yoki tunnellar va boshqalar) yoki tuzilishi, texnologiyalari, funksiyalari yoxud yakuniy foydalanilishi boʻyicha oʻzaro bogʻliq boʻlgan obyektlar kompleksini qurish uchun tuziladigan kelishuv;
pudratchi — qurilishga oid shartnoma shartlari boʻyicha ishlarni amalga oshiruvchi subyekt;
yakunlanish foizi uslubi — shartnoma boʻyicha ishlarni ularning bajarilgan foizini hisoblash asosida daromad va xarajatlarni tan olish uslubi.
2. Shartnoma quyidagi turlarda tuziladi:
obyektlarni qurish bilan bogʻliq boʻlgan xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha shartnomalar (misol uchun, quriladigan obyekt loyihasini tuzish, ekspertizadan oʻtkazish va boshqalar);
obyektlarni qurish, buzish, qayta tiklash va ular buzilganidan keyin atrof-muhitni qayta tiklash boʻyicha shartnomalar.
2-bob. Shartnomalar boʻyicha daromadlar
3. Shartnomalar boʻyicha daromadlarga quyidagilar kiradi:
daromadning shartnomada kelishilgan dastlabki qiymati;
shartnoma boʻyicha ishlarning oʻzgarishidan olingan daromad.
4. Shartnomadan olinadigan daromad haqiqiy qiymat boʻyicha aniqlanadi. Shartnoma boʻyicha tushadigan daromadlarni baholashga kelajakda sodir etiladigan hodisalar taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Shartnomada daromadning dastlabki qiymati koʻrsatilmasligi mumkin, bunda u shartnomaning umumiy muddati davomida kutilayotgan xarajatlar asosida baholanadi.
5. Shartnoma boʻyicha daromad summasi bir hisobot davridan boshqasiga oʻtganda koʻpayishi yoki kamayishi mumkin (masalan, shartnoma boʻyicha daromad summasi pudratchi tomonidan shartnoma talablari bajarilishining kechikishi natijasida jarima sanksiyalari qoʻllanilganda).
6. Shartnoma boʻyicha ishlarga oʻzgarishlar kiritilishi shartnoma boʻyicha daromadlarning koʻpayishi yoki kamayishiga olib kelishi mumkin (masalan, obyekt tuzilishi yoki xususiyatidagi oʻzgarishlar yoxud shartnoma muddatining oʻzgarishi).
3-bob. Shartnomalar boʻyicha xarajatlar
7. Shartnomalar boʻyicha xarajatlarga quyidagilar kiradi:
shartnoma bilan bevosita bogʻliq xarajatlar;
shartnomaga taalluqli boʻlgan ratsional va tizimli asosda shartnoma boʻyicha taqsimlanadigan xarajatlar;
shartnomaga asosan qoplanishi lozim boʻlgan boshqa xarajatlar.
8. Shartnoma bilan bevosita bogʻliq xarajatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
qurilish maydonidagi ishchilarning va tartibni nazorat qilish boʻyicha xodimlarning ish haqi;
qurilish davomida zarur boʻlgan qurilish materiallari qiymati;
shartnomani bajarishda foydalanilgan asosiy vositalarning eskirishi;
mashina, jihozlar va materiallarni qurilish maydoniga va u yerdan koʻchirish xarajatlari;
mashina va jihozlarni ijarasi bilan bogʻliq xarajatlar;
shartnoma bilan bevosita bogʻliq boʻlgan muhandislik va texnik xarajatlari;
xatolarni toʻgʻrilash va kafolat ishlarini bajarishni baholash xarajatlari, shuningdek kafolat xarajatlari.
Mazkur xarajatlar shartnoma boʻyicha umumiy daromadlarga kiritilmagan qoʻshimcha daromadlar hisobidan kamaytirilishi mumkin (masalan, shartnoma tugagandan soʻng ortib qolgan materiallarni sotishdan tushgan daromadlar).
9. Shartnomaga taalluqli boʻlgan ratsional va tizimli asosda shartnoma boʻyicha taqsimlanadigan xarajatlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
sugʻurta toʻlovlari;
shartnoma bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan muhandislik va texnik koʻmak xarajatlari;
qurilish boʻyicha qoʻshimcha xarajatlar (masalan, qurilish ishchilari ish haqi boʻyicha maʼlumotlarni tayyorlash va qayta ishlash xarajatlari).
10. Shartnomada belgilangan hollarda buyurtmachining xarajatlariga umumiy boshqaruv xarajatlarining qismi hamda tadqiqot va ishlab chiqish xarajatlari kirishi mumkin, bunda ushbu xarajatlarning qoplanishi shartnomada belgilanadi.
11. Shartnomaga va pudratchining shartnoma boʻyicha bajaradigan ishiga tegishli boʻlmagan xarajatlar shartnoma boʻyicha xarajatlar tarkibiga kiritilmaydi. Bunday xarajatlarga quyidagilar kiradi:
qoplanishi shartnomada belgilanmagan umumiy boshqaruv hamda tadqiqot va ishlab chiqish xarajatlari;
realizatsiya qilish boʻyicha xarajatlar;
shartnoma boʻyicha foydalanilmayotgan va eskirgan mashina hamda jihozlarni hisobdan chiqarish boʻyicha xarajatlar.
12. Shartnoma boʻyicha xarajatlar shartnomaning imzolangan kunidan uning yakunlangunga qadar kiritiladigan xarajatlarni oʻz ichiga oladi.
Agar ular alohida belgilansa va ishonchli hisoblansa hamda shartnomani bajarilish ehtimolligi mavjud boʻlsa, shartnomaga bevosita bogʻliq boʻlgan va uning tuzilishini taʼminlashga qaratilgan xarajatlar ham shartnoma boʻyicha xarajatlar qismiga kiritiladi.
Shartnoma tuzilishini taʼminlashga oʻtkazilgan xarajatlar yuzaga kelgan paytda xarajat sifatida tan olinadi, agar keyingi hisobot davrida yuzaga kelgan boʻlsa, ular shartnoma boʻyicha xarajatlar tarkibiga kiritilmaydi.
4-bob. Shartnomalarni birlashtirish va ajratish
13. Shartnoma bir necha obyektlarning qurilishini oʻz ichiga olishi mumkin. Biroq, har bir obyektni qurish boʻyicha daromadlar va xarajatlarni aniqlash imkoniyati boʻlganda, ular alohida shartnoma deb hisoblanadi.
14. Shartnoma buyurtmachining xohishiga qarab qoʻshimcha obyekt qurilishini koʻzda tutishi yoki qoʻshimcha obyekt qurilishi bilan toʻldirilishi mumkin. Qoʻshimcha obyektning qurilishi quyidagi hollarda alohida shartnoma deb hisoblanadi:
obyekt dastlabki shartnomada belgilangan obyekt yoki obyektlardan tuzilishi, texnologiyasi yoki funksiyasi boʻyicha tubdan farq qilganda;
qoʻshimcha obyektni qurish narxi dastlabki shartnoma qiymatini hisobga olmagan holda kelishilganda.
15. Shartnomalar jamlanmasi quyidagi hollarda yagona shartnoma sifatida hisobga olinishi kerak:
jamlangan shartnomalar asosida yagona obyekt qurilayotgan boʻlsa;
shartnomalar oʻzaro bogʻliq boʻlganda, ular yagona loyiha qismini va umumiy foyda normasini aks ettirgan hollarda;
shartnomalar bir vaqtda yoki uzluksiz ketma-ketlikda amalga oshirilsa.
5-bob. Shartnoma boʻyicha daromad va xarajatlarni tan olinish
16. Shartnoma natijasi ishonchli baholanganda, hisobot sanasiga shartnoma boʻyicha ishlarning yakunlanishi natijasida daromad va xarajatlar tan olinadi.
17. Yakunlanish foizi uslubi boʻyicha daromadlar xarajatlarga bogʻliq boʻladi va hisobotda ishlarning yakunlangan qismi boʻyicha daromad, xarajat va foyda yoki zarar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar aks ettiriladi.
Mazkur uslubga muvofiq shartnoma boʻyicha daromad va xarajatlar hisobot davridagi moliyaviy faoliyat natijalari boʻyicha daromad va xarajatlar sifatida tan olinadi.
18. Shartnoma natijasi tashkilot tomonidan shartnoma bilan bogʻliq iqtisodiy naf yoki xizmat koʻrsatish salohiyatini olish ehtimolligi mavjud boʻlganda, ishonchli baholanadi. Bunda, shartnoma quyidagilarni nazarda tutishi lozim:
xarajatlarni qoplash boʻyicha talablar;
hisob-kitob manbalari va shartlari.
Tashkilotlarda ichki moliyaviy resurslari va hisobotlari mavjud boʻlganda hamda shartnoma boʻyicha daromad va xarajatlarni kuzatib borilganda shartnoma natijasi ishonchli baholanishi talab etilmaydi.
19. Shartnomaning bajarilish darajasi tashkilot tomonidan quyidagilar asosida baholanadi:
hisobot davrida ishlarni bajarish uchun umumiy xarajatlar;
bajarilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot.
20. Shartnoma xarajatlari qurilish ishlarining bajarilishi yakunlanish foizi uslubi orqali hisoblansa, xarajat deb hisobot davrida aniq bajarilgan ishlar boʻyicha xarajatlar tan olinadi.
21. Shartnoma boʻyicha xarajatlardan quyidagilar chiqariladi:
shartnoma boʻyicha ishlarni bajarishda foydalanilmasdan qoldirilgan materiallar qiymati;
yordamchi pudratchilarga avans toʻlovlari.
22. Shartnoma natijasini ishonchli baholash imkoniyati mavjud boʻlmaganda:
daromad shartnoma boʻyicha xarajatlar qay darajada kiritilgan boʻlsa shu darajada tan olinishi kerak;
shartnoma boʻyicha xarajatlar ular yuzaga kelgan hisobot davridagi xarajat sifatida tan olinishi zarur.
23. Shartnoma boʻyicha daromad xarajatlarning qoplanishigacha tan olinadi. Shartnoma bajarilishi natijasi ishonchli baholanmaganda, daromad va xarajat tan olinmaydi.
Shartnoma boʻyicha xarajatlarning daromadlardan oshishi uning natijasini ishonchli baholanmasligiga olib keladi.
24. Shartnoma boʻyicha xarajatlarning ishtirokchilar tomonidan qoplanishi ehtimolligi past boʻlsa, ular xarajatlar sifatida tan olinadi. Bunday tan olish:
bajarilishi kutilayotgan ishlar sud qarori yoki qonun hujjatlari natijasiga bogʻliq boʻlganda;
Keyingi tahrirga qarang.
sud qarori boʻyicha javobgarlikka tortiladigan mulkka tegishli boʻlganda;
buyurtmachi yoki pudratchi oʻzining shartnoma majburiyatlarini bajara olmaganda yuzaga keladi.
6-bob. Kutilayotgan zararlarni tan olish
25. Shartnoma boʻyicha xarajatlar daromaddan oshganda, ushbu zarar xarajat sifatida tan olinadi.
26. Tashkilot qurilishga ketadigan xarajatlar uchinchi tomondan qoplanishini nazarda tutuvchi shartnoma tuzishlari mumkin (masalan, tashkilotlar xususiy sektor subyektlari bilan qurilish boʻyicha xarajatlarni toʻliq qoplash toʻgʻrisida shartnoma tuzganda).
27. Yordamchi pudratchilarga oʻtkazilgan toʻlovlar shartnoma boʻyicha daromadlardan ortganda, ushbu zarar xarajat sifatida tan olinadi.
28. Mazkur zararning xarajat sifatida tan olinishi quyidagilardan mustaqil tarzda belgilanadi:
shartnoma boʻyicha ishning boshlangan yoki boshlanmaganligidan;
shartnoma boʻyicha ishning bajarilish darajasidan;
shartnoma sifatida hisoblanmaydigan, boshqa tijorat shartnomasining kutilayotgan foyda miqdoridan.
7-bob. Axborotlarni ochib berish
29. Tashkilotlar quyidagi axborotlarni ochib berishi kerak:
shartnoma boʻyicha daromad sifatida tan olingan daromad summasini;
shartnoma shartlarining bajarilishi darajasi aniqlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotni.
30. Hisobot sanasida bajarilish jarayonidagi shartnomalar uchun tashkilotlar quyidagilarni ochib berishi kerak:
hisobot sanasiga amalga oshirilgan xarajatlar va tan olingan daromadni (tan olingan zararni ayrigan holda);
olingan avanslar summasini;
ushlab qolingan mablagʻlar summasini.
31. Ushlab qolingan mablagʻlar uzoq muddatli shartnoma boʻyicha oraliq hisobdagi summalar hisoblanib, shartnomada koʻrsatilgan shartlar bajarilishigacha yoki kamchiliklar bartaraf etilmaguncha toʻlanmaydi.
Uzoq muddatli shartnomalar boʻyicha oraliq hisoblar buyurtmachi tomonidan toʻlangan yoki toʻlanmaganligidan qatʼi nazar, shartnomadagi ishlar uchun shartnoma boʻyicha daromadlar summasini nazarda tutadi.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2019-y., 10/19/3170/3356-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)