Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining
buyrugʻi
Spirt va likyor-aroq ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnat muhofazasi qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 24-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1755-3]
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2007-yil 5-noyabrdagi M-45-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1755, 2007-yil 27-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52-son, 546-modda) bilan tasdiqlangan Spirt va likyor-aroq ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnat muhofazasi qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir Sh. KUDBIYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 3-iyun,
25-2019-B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 3-iyundagi 24-2019-B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Spirt va likyor-aroq ishlab chiqarish xodimlari uchun mehnat muhofazasi qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Oʻzbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish” toʻgʻrisidagi Qonunining 12-moddasiga muvofiq ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi, xodimlarining soni ellik kishi va undan ortiq boʻlgan har bir tashkilotda mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini taʼminlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida mehnatni muhofaza qilish xizmati tashkil etiladi yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan mutaxassis lavozimi joriy etiladi.
Xodimlarining soni ellik nafardan kam boʻlgan tashkilotda mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish yoki mehnatni muhofaza qilish boʻyicha mutaxassis lavozimini joriy etish toʻgʻrisidagi qaror ish beruvchi tomonidan mazkur tashkilot faoliyatining oʻziga xos xususiyati hisobga olingan holda qabul qilinadi.”.
2. 16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Korxonalarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish Xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) asosida amalga oshirilishi lozim.”.
3. 39-banddagi “Oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar mehnatidan foydalanish taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay ishlar” degan soʻzlar “Oʻn sakkiz yoshdan kichik shaxslarning mehnati qoʻllanishi taqiqlanadigan noqulay mehnat sharoitlari ishlari” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 40-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
5. 218 va 221-bandlardagi “Elektr energetikasida nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasi” degan soʻzlar “Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
6. 271 va 418-bandlardagi “Vazirlar Mahkamasi huzuridagi yer qaʼrini geologik oʻrganish, sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi” degan soʻzlar tegishlicha “Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasi” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
7. 429-banddagi “gigiyena sertifikati va muvofiqlik sertifikatiga” degan soʻzlar “sanitariya-epidemiologik xulosaga” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
8. 501-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“501. Uskunalarga xizmat koʻrsatish uchun “Mehnat muhofazasi boʻyicha oʻqishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom”ga (roʻyxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq oʻqigan va yoʻriqnomadan oʻtgan shaxslar qoʻyiladi”.
9. 502-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“502. Oʻzbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qoʻmitasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasining kommunal-maishiy boʻlimiga qarashli uskunalarga xizmat koʻrsatish uchun inspeksiyalarning Qoidalariga muvofiq maxsus kurs oʻqishidan hamda bilimlar sinovidan oʻtgan, shuningdek kirish yoʻriqnomalari va ish joyidagi yoʻriqnomalardan oʻtgan shaxslar qoʻyiladi.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.06.2019-y., 10/19/1755-3/3326-son)