Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Xalqaro shartnomalarga qoʻshilish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasining “Xalqaro shartnomalar toʻgʻrisida”gi Qonunining 23-moddasiga muvofiq:
1. Quyidagilarga:
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlarining jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorligi toʻgʻrisida Bitimga (2007-yil 25-may, Yalta);
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlarining jismoniy tarbiya va sport sohasida hamkorligi toʻgʻrisida 2007-yil 25-may kuni imzolangan Bitimga oʻzgartirishlar kiritish haqidagi Bayonnomaga (2012-yil 30-may, Ashxobod) qoʻshilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi mazkur xalqaro shartnomalar amalga oshirilishi uchun masʼul vakolatli organ etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasining mazkur xalqaro shartnomalarga qoʻshilishi hamda ular amalga oshirilishi uchun masʼul vakolatli organ toʻgʻrisida depozitariyga tegishli bildirishnoma yoʻllasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ushbu xalqaro shartnomalar kuchga kirgandan keyin Oʻzbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazoratni taʼminlasin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X. Nabiyev zimmasiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-aprel,
PQ-4288-son