Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Yoʻl harakati barcha ishtirokchilarining xavfsiz harakatlanishi uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yoʻl harakati ishtirokchilarining xavfsizligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining “Yoʻl harakati qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2019-yil 9-apreldagi 292-son qarori bilan kunning yorugʻ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart qilib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilansinki, 2021-yil 1-yanvarga qadar:
a) kunning yorugʻ vaqtida yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi boʻyicha talab avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlanmagan avtomototransport vositalariga nisbatan tatbiq etilmaydi;
b) kunning yorugʻ vaqtida quyidagi hollarda yaqinni yorituvchi chiroqlar yoqilishi kerak:
transport vositalari tashkiliy jamlanma safida harakatlanayotganda;
yoʻlovchilarni tashiyotgan avtobus va yoʻnalishli transport vositalarida;
bolalar guruhini tashkiliy tashishda;
xavfli, katta oʻlchamli va ogʻir vaznli yuklarni tashishda;
mexanik transport vositalarini shatakka olishda (shatakka olib ketayotgan transport vositasida);
mototsikl va mopedlarda.
Keyingi tahrirga qarang.
3. 2020-yil 1-yanvardan shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
mamlakatda ishlab chiqariladigan barcha avtomototransport vositalari ichki bozorga ishlab chiqaruvchi tomonidan avtomatik yonib turuvchi kunduzgi signal chiroqlari bilan jihozlangan holda chiqariladi;
respublikaga chet eldan import qilinadigan avtomototransport vositalarida kunduzgi signal chiroqlarining mavjudligi sertifikatsiyadan oʻtkazish uchun majburiy texnik talab sifatida belgilanadi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligi “Oʻzstandart” agentligi, “Oʻzavtosanoat” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda ikki oy muddatda Muomalaga chiqarilayotgan gʻildirakli transport vositalarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamentni mazkur qaror talablaridan kelib chiqib takomillashtirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari bilan hamkorlikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga kunning yorugʻ vaqtida avtomototransport vositalarining yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanmaganligi uchun javobgarlikni yengillashtirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritish boʻyicha takliflar ishlab chiqsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 4-iyun,
460-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2019-y., 09/19/460/3238-son; 18.12.2020-y., 09/20/796/1639-son)