Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Yoqilgʻi-energetika resurslarining ayrim turlari uchun tarif siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Yoqilgʻi-energetika resurslarini sotish va ulardan oqilona foydalanish boʻyicha bozor mexanizmlariga oʻtishning isteʼmolchilarga taʼsirini yengillashtirish, yoqilgʻi-energetika resurslari uchun narxlarni belgilashda mutanosiblikni hamda ularning maqbulliligini, shuningdek, yoqilgʻi-energetika kompleksi tashkilotlarini resurslarni ishlab chiqarishda rentabelikka erishgan holda muvozanatli rivojlantirishni taʼminlash hamda sohada tarif siyosatini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilansinki:
oʻz faoliyatini respublika budjeti va mahalliy budjetlar mablagʻlari hisobidan amalga oshirmaydigan va maʼnaviy eskirgan hamda tejamkor boʻlmagan qozon agregatlarini almashtirmagan tashkilotlarga nisbatan 2019-yil 1-iyundan boshlab, foydalanilgan tabiiy gaz uchun haq toʻlash boʻyicha amaldagi tariflarga nisbatan oshirilgan koeffitsiyent 2,0 dan 1,2 gacha kamaytiriladi, aholiga issiqlik taʼminoti va issiq suv taʼminoti xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar bundan mustasno;
ulangan quvvati 750 kVA va undan yuqori boʻlgan suv taʼminoti korxonalariga elektr energiyasi uchun hisob-kitoblarni tabaqalashtirilgan tarif boʻyicha amalga oshirish talabi tatbiq etilmaydi;
xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va kommunal-ekspluatatsiya tashkilotlari umumiy uy-joy ehtiyojlariga foydalaniladigan elektr energiyasi uchun hisob-kitobni elektr taʼminoti shartnomasiga asosan elektr tarmogʻining balans mansubligining boʻlinish chegarasidagi nuqtada oʻrnatilgan hisobga olish priborlarining koʻrsatkichlariga muvofiq maishiy isteʼmolchilarga belgilangan tarif boʻyicha amalga oshiradi;
elektr energiyasidan aholini elektr bilan taʼminlash uchun foydalanadigan idoraviy va munitsipal uy-joy fondi, yuridik shaxslar yotoqxonalari va oilaviy korxonalarga, shuningdek, elektr energiyasidan aholi ehtiyojlari uchun foydalanadigan lokal qozonxonalarga maishiy isteʼmolchilar uchun belgilangan elektr energiyasi tarifi qoʻllaniladi;
elektr taʼminoti korxonasining elektr tarmoqlari va uylarning ichki elektr tarmoqlarining boʻlinish chegarasidan umumiy mulk hisoblanadigan ushbu tarmoqlardan taʼminlanadigan maishiy isteʼmolchilarning elektr energiyasini hisobga olish asboblarigacha boʻlgan elektr tarmoqlaridagi elektr energiyasi yoʻqotishlari hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining texnologik yoʻqotishlarida hisobga olinadi;
mazkur qaror kuchga kirgunga qadar elektr energiyasi (aktiv va reaktiv energiya uchun) va tabiiy gaz hajmlari uchun avans toʻlovlari amalga oshirilgan taqdirda, isteʼmolchilar (aholidan tashqari) tarif oʻzgarganda toʻlov amalga oshirilgan kundan eʼtiboran keyingi 2 oydan koʻp boʻlmagan muddatga qoʻshimcha toʻlovlardan ozod etiladi.
2. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich oʻzgartirish toʻgʻrisida” 2018-yil 1-noyabrdagi 897-son qarorida nazarda tutilgan tabiiy gaz uchun tariflarning, suyultirilgan gaz hamda elektr energiyasi uchun narxlarning 2019-yil 1-iyundan boshlab oshirilishi bekor qilinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda “Oʻzbekneftgaz” AJ va elektr energetika tashkilotlarining rentabelligini taʼminlovchi energiya resurslari uchun amaldagi tariflarni qayta koʻrib chiqish boʻyicha bir oy muddatda asoslangan takliflar kiritsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi, Moliya vazirligi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va kommunal xizmat koʻrsatuvchi korxonalar bilan birgalikda mazkur qarorning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalari, shu jumladan Internet tarmogʻida barcha hududlar va tumanlar (shaharlar) qamrab olinishini nazarda tutuvchi tasdiqlangan jadval asosida keng yoritish choralarini koʻrsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga ushbu bandda nazarda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va koʻmaklashish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri A.S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 31-may,
452-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 31-maydagi 452-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR
1. Vazirlar Mahkamasining “Kommunal xoʻjaligida energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish kompleks dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 5-noyabrdagi 241-son qarori 2-bandining uchinchi xatboshidagi “2008-yil 1-yanvardan boshlab foydalanilgan tabiiy gaz uchun haq toʻlash boʻyicha amaldagi tariflarga 2,0 oshirilgan koeffitsiyent qoʻllaniladi” soʻzlari “2019-yil 1-iyundan boshlab foydalanilgan tabiiy gaz uchun haq toʻlash boʻyicha amaldagi tariflarga 1,2 oshirilgan koeffitsiyent qoʻllaniladi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 1-son, 10-modda):
a) 1- ilovada:
83-bandning uchinchi xatboshidagi “keyingi 2 oydan” soʻzlari “keyingi 1 oydan” soʻzlari bilan almashtirilsin;
84 va 150-bandlarga “budjet tashkilotlari,” soʻzlaridan keyin “suv taʼminoti tashkilotlari” soʻzlari qoʻshilsin;
88-banddagi “belgilangan tarifga muvofiq” soʻzlari “maishiy isteʼmolchilar uchun belgilangan tarifga muvofiq” soʻzlari bilan almashtirilsin.
89-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“89. Elektr taʼminoti korxonasining elektr tarmoqlari va uylarning ichki elektr tarmoqlarining boʻlinish chegarasidan umumiy mulk hisoblanadigan ushbu tarmoqlardan taʼminlanadigan maishiy isteʼmolchilarning elektr energiyasini hisobga olish asboblarigacha boʻlgan elektr tarmoqlaridagi elektr energiyasi yoʻqotishlari hududiy elektr tarmoqlari korxonalarining texnologik yoʻqotishlarida hisobga olinadi”.
153-bandga quyidagi tahrirdagi xatboshi qoʻshilsin:
“Elektr energiyasidan aholiga elektr energiyasi yetkazib berish maqsadida foydalanuvchi idoraviy va munitsipial uy-joy fondi, yuridik shaxslar yotoqxonalari va oilaviy korxonalar, shuningdek, elektr energiyasidan aholi ehtiyojlari uchun foydalanadigan lokal qozonxonalarga maishiy isteʼmolchilarga belgilangan tarif qoʻllaniladi”;
b) 2-ilovaning 1221-bandidagi “keyingi 2 oydan” soʻzlari “keyingi 1 oydan” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining “Yoqilgʻi-energetika resurslarining narx va tariflarini bosqichma-bosqich oʻzgartirish toʻgʻrisida” 2018-yil 1-noyabrdagi 897-son qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2018-y., 44-son, 863-modda) 1 va 2-ilovalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar rus tilidagi matnda berilgan.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.06.2019-y., 09/19/452/3230-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.06.2024-y., 09/24/319/0406-son)