Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kanselyariyasi arxivining faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 2018-yil 26-avgustdagi PF-5519-son Farmoni ijrosini taʼminlash hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kanselyariyasi arxivining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, unda saqlanayotgan arxiv hujjatlarini saqlash, jamlash, hisobga olish va ulardan foydalanish ishlari belgilangan talablarga muvofiq amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligining:
Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining Toshkent shahar, Bunyodkor koʻchasi, 2-uy manzilida joylashgan binosini (keyingi oʻrinlarda obyekt deb ataladi) tegishli hududi bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Maʼmuriy binolardan foydalanish boshqarmasiga (keyingi oʻrinlarda Maʼmuriy binolardan foydalanish boshqarmasi deb ataladi) operativ boshqaruv huquqi asosida berish;
2019-yilda obyektni rekonstruksiya qilish hamda uni arxiv hujjatlarini saqlash va ulardan foydalanish talablariga javob beradigan zamonaviy moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan zarur jihozlar, muhofaza vositalari hamda yongʻinga qarshi vositalar bilan jihozlash ishlarini olib borish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bir oy muddatda obyektning tegishli hududi bilan birgalikda topshirilishini, Maʼmuriy binolardan foydalanish boshqarmasi esa ularning qabul qilib olinishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Maʼmuriy binolardan foydalanish boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblar asosida ushbu boshqarmaning 2019-yil uchun tasdiqlangan xarajatlar smetasi va shtat jadvaliga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
3. Toshkent shahar hokimligi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda oʻn kun muddatda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga favqulodda vaziyatlarning oldini olishda va oqibatlarini bartaraf etishda tezkor harakatlanishni inobatga olgan holda operativ boshqaruv huquqi asosida bino va inshootlar ajratilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Kanselyariyasi arxivi toifalangan obyektligini inobatga olgan holda, istisno tariqasida, obyektni rekonstruksiya qilishga ruxsat berilsin.
Bunda:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Qurilayotgan bino va inshootlar direksiyasi — buyurtmachi;
“Tashgiprogor” AJ — bosh loyihalash tashkiloti;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi “Qurilish birlashmasi” DUK — bosh pudratchi tashkilot;
“Vinlad” MCHJ — videokuzatuv va qoʻriqlash signalizatsiyasi ishlari boʻyicha loyihalash va pudratchi tashkilot etib belgilansin.
Oldingi tahrirga qarang.
Istisno tariqasida, rekonstruksiya qilish ishlarini loyihalashtirish ishlari bilan bir vaqtda 2021-yilning 1-sentabrigacha olib borishga ruxsat etilsin.
(4-bandning yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-fevraldagi 71-sonli qarori tahririda)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi obyektni rekonstruksiya qilish ishlari boʻyicha ishlab chiqilgan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturi doirasida markazlashgan kapital qoʻyilmalar hisobidan mablagʻ ajratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Qurilayotgan bino va inshootlar direksiyasiga, istisno tariqasida, obyekt boʻyicha taqdim etilgan ehtiyojlarga muvofiq qurilish materiallari, buyumlar, konstruksiyalar va uskunalar xarid qilish maqsadida tuzilgan shartnomalar qiymatining 100 foizi miqdorida, shuningdek, subpudrat tashkilotlari tomonidan ishlarni bajarish maqsadida tuzilgan shartnomalar miqdorining 30 foizi miqdorida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining “Qurilish birlashmasi” DUKga va “Vinlad” MCHJga qoʻshimcha ravishda avans ajratishga ruxsat berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi obyekt boʻyicha taqdim etilgan ehtiyojlarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Qurilayotgan bino va inshootlar direksiyasiga qurilish materiallari, buyumlar, konstruksiyalar va uskunalar xarid qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining “Qurilish birlashmasi” DUKga va “Vinlad” MCHJga qoʻshimcha ravishda avans berish uchun mablagʻ ajratsin.
7. Belgilansinki:
obyekt boʻyicha buyurtmachilar, loyihalash, subloyihalash, pudratchi va subpudratchi tashkilotlari, obyektni rekonstruksiya qilish doirasida amalga oshiriladigan ishlar (xizmatlar, tovarlar) hajmi boʻyicha barcha turdagi soliqlardan (yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari);
2022-yil 1-yanvarga qadar obyektni jihozlash va faoliyatini tashkil etish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha olib kelinadigan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan uskunalar (shu jumladan, laboratoriya uskunalari, mobil stellajlar), kompyuter texnikasi, multimedia mahsulotlari hamda qurilish materiallari, inventarlar, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etiladi.
Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kanselyariyasi arxivini rekonstruksiya qilish, jihozlash va faoliyatini taʼminlash uchun uskunalar, kompyuter texnikasi, hujjatlarni saqlash, taʼmirlash va raqamlashtirish uchun texnik vositalari (shu jumladan, laboratoriya uskunalari, mobil stellajlar), multimedia mahsulotlari hamda qurilish materiallari, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va inventarlarni xarid qilish istisno tariqasida Oʻzbekiston Respublikasi “Tovar xom-ashyo birjasi” AJning maxsus elektron savdolarisiz, tender va tanlovlarsiz toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish asosida amalga oshiriladi.
8. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kanselyariyasi arxivini rekonstruksiya qilish, jihozlash va faoliyatini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududiga chetdan xarid qilinadigan tovarlarni olib kelish, saqlash, yuklash-tushirish, tayyorlash ishlarining toʻlov undirmasdan, tegishli norma va talablarga rioya etgan holda amalga oshirilishini taʼminlasin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining Qurilayotgan bino va inshootlar direksiyasi obyektni rekonstruksiya qilish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini kompleks ekspertizadan oʻtkazishni taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi qurilish-montaj ishlarini bajarishda sifat talablariga rioya etilishi yuzasidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini taʼminlasin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” agentligi:
(11-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-fevraldagi 68-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 16.02.2021-y., 09/21/68/0115-son)
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Kanselyariyasi arxivida saqlanayotgan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi tarkibiga kiritilgan zararlangan yoki matni oʻchayotgan hujjatlarni tiklash (taʼmirlash), hujjatlar va mikrofilmlarga ilmiy-texnik ishlov berish va hujjatlarni elektron shaklga oʻtkazish ishlarida;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining ish yuritish va arxiv ishiga masʼul boʻlgan xodimlarining arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni tashkil etish sohasidagi malakasini oshirish uchun seminar-treninglar oʻtkazishda amaliy yordam koʻrsatsin.
12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — transport vaziri A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 17-may,
411-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.05.2019-y., 09/19/411/3142-son; 16.02.2021-y., 09/21/68/0115-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 03.03.2025-y., 09/25/135/0208-son)