O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida
Mustaqillik yillarida mamlakatda aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar amalga oshirildi, yong‘inlarga qarshi kurashish kompleks tizimi shakllantirildi, bu yo‘nalishlarda, jumladan, yong‘in va avariya-qutqaruv texnikasi va jihozlarining mahalliy turlari ishlab chiqarilishini rivojlantirish orqali moddiy-texnik baza bosqichma-bosqich mustahkamlanmoqda.
Shu bilan birga, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha rivojlangan xorijiy tajribani inobatga olgan holda amaldagi tizim samaradorligini o‘rganish natijalari fuqarolarning xavfsiz hayot faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi qo‘yidagi omillar mavjudligidan dalolat bermoqda:
birinchidan — yong‘in xavfsizligini ta’minlash va favqulodda vaziyatlarda harakat qilish tizimlarining tarqoq holda faoliyat yuritishi hamda ushbu yo‘nalishlarda ayrim vazifa va funksiyalarning idoralararo takrorlanishi;
ikkinchidan — mobillik hamda kuch va vositalarning yetarli emasligi, shuningdek, hududiy favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining ichki ishlar organlari yong‘in xavfsizligi xizmati bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari samaradorligining pastligi;
uchinchidan — yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kuch va vositalar imkoniyatlari bilan respublika shahar va tumanlari hududlarining to‘liq qamrab olinmaganligi, yong‘inlarning oldini olish va barvaqt profilaktikasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning yetarli darajada emasligi;
to‘rtinchidan — yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning uzluksiz sutkalik monitoringi, tezkor boshqaruv va o‘z vaqtida hamkorlikda harakat qilishning yagona samarali tizimi tashkil etilmaganligi;
beshinchidan — favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimida mazkur sohani ilmiy jihatdan ta’minlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi hamda maxsus tadqiqot markazi mavjud emasligi.
O‘zbekiston Respublikasida favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashda sifat jihatidan yangi tizimga o‘tish maqsadida:
1. Quyidagilar mavjud shtat birliklari, moliyaviy va moddiy-texnik bazasining to‘liq hajmida, doimiy joylashgan manzillari o‘zgartirilmagan holda o‘rnatilgan tartibda berilsin:
a) O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga:
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligidan:
Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi, uning tarkibiy va hududiy tuzilmalari (keyingi o‘rinlarda — Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi), Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining tugatilishini nazarda tutgan holda;
Yong‘in xavfsizligi instituti;
Mudofaa vazirligidan — Gidrometeorologik jarayonlarga ta’sir ko‘rsatishni boshqarish xizmati;
b) Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga — Gidrometeorologiya xizmati markazi.
2. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga quyidagilar bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida davlat siyosatini yuritish;
yong‘inlarning samarali profilaktikasi va oldini olishni ta’minlash, shuningdek, yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish bo‘yicha davlat yong‘in nazoratini amalga oshirish;
yong‘inlarni o‘chirishni, yong‘in sodir bo‘lgan hududdagi insonlarni hamda jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qutqarishni tashkil etish, shuningdek, atrof tabiiy muhitni yong‘inlardan asrash.
3. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida mavjud hamda berilayotgan shtat birliklari doirasida quyidagilar tashkil etilsin:
Qutqaruv kuchlari xizmatini va favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishni tashkil qilish bosh boshqarmasi, unga O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining barcha yong‘in-qutqaruv kuchlari va vositalarining jangovar tayyorgarligini ta’minlash hamda faoliyatlarini muvofiqlashtirish vazifalarini yuklagan holda;
Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularda harakat qilish davlat tizimi hamda fuqaro muhofazasining tashkiliy ta’minoti va rejalashtirish bosh boshqarmasi, uni favqulodda vaziyatlar profilaktikasi bo‘yicha vazirliklar, idoralar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarining faoliyatini muvofiqlashtirish uchun mas’ul etib belgilagan holda;
Davlat yong‘in nazoratini tashkil etish bosh boshqarmasi, unga yong‘in nazorati va profilaktikasini amalga oshirish, tergovga qadar tekshiruv va ma’muriy amaliyot nazorati, shuningdek, qurilishda yong‘inga qarshi me’yorlashtirish sohasida me’yoriy-texnik ishlarni amalga oshirish vakolatlarini yuklagan holda;
Yong‘in xavfsizligi instituti, Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro muhofazasi instituti negizida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi qoshida Favqulodda vaziyatlar vazirligi, huquqni muhofaza qilish organlari va harbiylashtirilgan tuzilmalarning oliy ta’lim muassasalariga o‘quvchilarning o‘qishga kirishi uchun tayyorgarligini ta’minlovchi Ixtisoslashtirilgan litsey tashkil etilsin.
5. Belgilansinki:
Ichki ishlar vazirligida tugatilayotgan Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatining yong‘in xavfsizligi sohasidagi maxsus vakolatli organi uchun qonunchilikda belgilangan vakolatlari Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yuklatiladi;
favqulodda vaziyatlar vazirining yong‘in xavfsizligi sohasida profilaktika va nazorat faoliyatini muvofiqlashtiruvchi o‘rinbosari, maqomi bo‘yicha yong‘in nazorati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi bosh davlat inspektori hisoblanadi;
6. Belgilab qo‘yilsinki:
Oldingi tahrirga qarang.
2020-yil 1-yanvardan boshlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazilgan Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va Yong‘in xavfsizligi institutining shahodatlangan xodimlari, ichki ishlar organlari xodimlari uchun ko‘zda tutilgan maxsus unvonlar bo‘yicha amaldagi ish haqi miqdori saqlangan holda yagona harbiy xizmatchi maqomiga, professional yong‘in bo‘linmalarining ishchi-xizmatchilari esa — O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchisi maqomiga ega bo‘ladilar hamda ularning ish staji qutqaruvchi maqomidagi ish stajiga tenglashtiriladi;
(6-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 20-oktabrdagi PF-185-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.10.2025-y., 06/25/185/0956-son)
2021-yil 1-yanvardan boshlab Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazilgan Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va Yong‘in xavfsizligi institutining shahodatlangan xodimlari shartnoma bo‘yicha haqiqiy harbiy xizmatni o‘tash masalalarida pul ta’minoti, kiyim-kechak, tibbiy va maishiy xizmat, ijtimoiy imtiyozlar va nafaqa kafolati tartiblari bo‘yicha Favqulodda vaziyatlar vazirligi harbiy xizmatchilarining tegishli toifalariga tenglashtiriladi.
7. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi:
Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda favqulodda vaziyatlar tuzilmalarining faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin;
Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, shuningdek, yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin;
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda respublikaning shaharlari, aholi punktlari va obyektlarida Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in-qutqaruv qismlari va postlari faoliyatini tashkil etish tartibini belgilovchi Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin.
8. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-aprel,
PF-5706-son