Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasining oliy taʼlim boʻyicha taʼlim muassasalari filiallarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1995-yil 27-iyulda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida oliy taʼlim sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisida Bitim qoidalariga tayangan holda,
uzoq muddatli hamkorlik va oliy taʼlim sohasida integratsion hamkorlikni chuqurlashtirish manfaatlari yuzasidan,
Rossiya Federatsiyasining oliy taʼlim boʻyicha taʼlim muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida amalga oshiriladigan taʼlim sifatini yaxshilash maqsadida,
kuyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun “filial” tushunchasi Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan va Tomonlar davlatlarining qonunchiligiga muvofiq taʼlim dasturlarining darajasi, turi va yoʻnalishini inobatga olgan holda taʼlim berish faoliyatini amalga oshirishni taʼminlaydigan Rossiya Federatsiyasining oliy taʼlim boʻyicha taʼlim muassasasining alohida tarkibiy boʻlinmasini anglatadi (keyingi oʻrinlarda — taʼlim muassasasi).
Mazkur Bitimning amal qilishi u tuzilgan paytda Oʻzbekiston Respublikasi hududida tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan filiallarga ham tatbiq etiladi.
2-modda
Filial Rossiya Federatsiyasi qonunchiligini inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tashkil etiladi va tugatiladi.
Filial taʼlim muassasasi ustavi va taʼlim muassasasi tasdiqlagan filial toʻgʻrisidagi nizomga asosan faoliyat yuritadi.
3-modda
Filialning taʼlim berish faoliyati Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Filialda oliy taʼlimning asosiy taʼlim dasturlari boʻyicha oʻqitish Rossiya Federatsiyasining federal davlat taʼlim standartlariga va (yoki) Rossiya Federatsiyasi qonunchiligida oʻrnatilgan hollarda taʼlim muassasalari mustaqil tasdiqlaydigan taʼlim standartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Filialda oʻqitish rus tilida olib boriladi, shu bilan birga oʻzbek tili va Oʻzbekiston tarixi oʻqitiladi.
4-modda
Oʻzbekiston Respublikasida joylashgan filialning taʼlim berish faoliyatini litsenziyalash va davlat akkreditatsiyasidan oʻtkazish Rossiya Federatsiya qonunchiligiga muvofiq ariza berish tartibida amalga oshiriladi.
5-modda
Oliy taʼlimning akkreditatsiyadan oʻtgan taʼlim dasturlarini oʻzlashtirishni yakunlagan va yakuniy (yakuniy davlat) attestatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtgan filial taʼlim oluvchilariga Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq taʼlim olganlik va (yoki) malaka toʻgʻrisidagi hujjatlar beriladi.
Koʻrsatilgan taʼlim olganlik va malaka toʻgʻrisidagi hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasida tan olish va nostrifikatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
6-modda
Taʼlim muassasasining moliya-xoʻjalik faoliyati uning filiali joylashgan joy boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi.
Filialda taʼlim olish uchun har yili taʼlim muassasasiga Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti hisobidan davlat grantlari asosida qabul qilinadigan taʼlim oluvchilar soni Oʻzbekiston tomoni tarafidan aniqlanadi.
Filialni joylashtirish taʼlim muassasasi va Oʻzbekiston Respublikasi tashkiloti (tashkilotlari) (xoʻjalik yurituvchi subyektlari) oʻrtasidagi filialni tashkil etish va uning faoliyat yuritishining moliyaviy taʼminotini, filialni joylashtirish uchun koʻchmas mulkni (oʻquv va laboratoriya mashgʻulotlari, oshxonalar, tibbiyot xonalari, sport zallari, talabalar turar joylari uchun binolar va inshootlar), ularni jihozlash uchun asbob-uskunalarni taqdim etishni va filialning pedagogik va boshqa xodimlari mehnatiga haq toʻlash shartlarini nazarda tutuvchi shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
7-modda
Mazkur Bitim qoidalarini qoʻllash va talqin qilish bilan bogʻliq Tomonlar oʻrtasidagi nizoli masalalar maslahatlashuvlar va muzokaralar orqali hal etiladi.
8-modda
Tomonlarning kelishuviga koʻra mazkur Bitimga uning ajralmas qismi hisoblanadigan, alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan hamda mazkur Bitim bilan oʻrnatilgan tartibda kuchga kiradigan oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
9-modda
Mazkur Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarni bajarilganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali soʻngi yozma xabarnoma olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
10-modda
Mazkur Bitim besh yil davomida amalda boʻladi va basharti Tomonlardan biri navbatdagi muddat tugashidan kamida bir yil oldin boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali uning amal qilishini bekor qilish niyati toʻgʻrisida yozma xabarnoma yubormasa, uning amal qilishi keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2018-yil 19-oktabrda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)