Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining
qarori
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi arizalari va shikoyatlarini koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 22-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3156]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 11-dekabrdagi 93-sonli ““Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi arizalari va shikoyatlarini koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchani oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3156-3, 21.12.2023-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1060-son “Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi arizalari va shikoyatlarini koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Rais A. ABDULLAYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 11-mart,
4-son
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining 2019-yil 11-martdagi 4-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi arizalari va shikoyatlarini koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1060-son “Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining (bundan buyon matnda manfaatdor shaxs deb yuritiladi) koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sohasidagi arizalari va shikoyatlarini (bundan buyon matnda murojaat deb yuritiladi) koʻrib chiqilishi tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
koʻchmas mulk obyektlari — yer uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, koʻp yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bogʻlangan boshqa mol-mulk, yaʼni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini oʻzgartirish mumkin boʻlmaydigan obyektlar;
koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish — manfaatdor shaxslarning, jumladan bitimlar asosida yuzaga keladigan koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarining vujudga kelishi, boshqa shaxsga oʻtishi, bekor boʻlishini tan olish hamda tasdiqlash;
roʻyxatdan oʻtkazuvchi — Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasining (bundan buyon matnda yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi deb yuritiladi) tegishli tuman (shahar)dagi filiali rahbari tomonidan tayinlanadigan masʼul shaxslar.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Manfaatdor shaxslarning koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yuzasidan murojaatlari tegishli yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi qoshidagi doimiy ravishda faoliyat yuritadigan komissiya (bundan buyon matnda komissiya deb yuritiladi) tomonidan koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Komissiya tomonidan manfaatdor shaxslarning murojaatlarini koʻrib chiqish bepul amalga oshiriladi.
4. Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish bilan bogʻliq nizo sud tartibida koʻrib chiqilgan hollarda komissiya tomonidan qayta koʻrib chiqilmaydi.
2-bob. Komissiyani shakllantirish va uning vazifalari
5. Komissiya yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi rahbarining buyrugʻiga asosan 5 kishidan kam boʻlmagan toq sondagi (komissiya raisi, kotibi va aʼzolari) tarkibda tuziladi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Komissiya tarkibi tegishli hududdagi yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi, tegishliligiga koʻra Qoraqalpogʻiston Respublikasi Qurilish vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi masʼul xodimlari orasidan shakllantiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqida qaror qabul qilgan yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etgan shaxs komissiya aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
8. Tegishli hududdagi yer tuzish va koʻchmas mulk kadastri davlat korxonasi rahbari komissiya raisi hisoblanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Komissiya oʻz faoliyatini mazkur Nizom hamda qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Komissiya raisi:
komissiya faoliyatini va uning ish tartibiga rioya etilishini tashkil etadi;
manfaatdor shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni koʻrib chiqish joyi, kuni va vaqtini belgilaydi;
komissiya majlislarini oʻtkazadi va ularga rahbarlik qiladi.
11. Komissiya raisi komissiya ishini tashkil qilish va uni oʻz vaqtida, toʻgʻri va haqqoniy oʻtkazilishi uchun masʼul hisoblanadi.
12. Manfaatdor shaxslardan kelib tushgan murojaatlarni hamda komissiya ishi bilan bogʻliq hujjatlarni saqlanishi uchun komissiya kotibi masʼul hisoblanadi.
3-bob. Komissiyaga murojaat qilish
13. Manfaatdor shaxs komissiyaga koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish yuzasidan murojaat qilishi mumkin.
14. Jismoniy shaxsning murojaatida uning familiyasi (ismi, otasining ismi), yashash joyi, shuningdek yuridik shaxsning murojaatida yuridik shaxsning toʻliq nomi, uning joylashgan eri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan boʻlishi kerak.
Murojaatda manfaatdor shaxsning elektron pochta manzili, aloqa telefonlari va fakslari raqamlari koʻrsatilishi mumkin.
15. Murojaatda koʻchmas mulk obyektining joylashgan eri (pochta manzili) haqidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi tavsiya etiladi.
16. Murojaatga koʻchmas mulk obyekti bilan bogʻliq boshqa maʼlumotlar va hujjatlar ilova qilinishi mumkin.
4-bob. Murojaatlarni koʻrib chiqish
17. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 29-dekabrdagi 1060-son “Koʻchmas mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan komissiya manfaatdor shaxsning murojaatini u kelib tushgan kundan boshlab 10 kun ichida koʻrib chiqishi lozim.
18. Komissiya kotibi kelib tushgan murojaatlarni shu kunning oʻzida Murojaatlarni roʻyxatga olish kitobiga tegishli yozuv kiritish orqali qayd qiladi.
19. Komissiya kotibi kelib tushgan murojaatlarning toʻgʻriligini hamda undagi maʼlumotlar toʻliq koʻrsatilganligini oʻrganadi.
20. Jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoki yuridik shaxsning toʻliq nomi, uning joylashgan eri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilmagan yoxud ular haqida yolgʻon maʼlumotlar koʻrsatilgan murojaat, shuningdek uni identifikatsiya qilish imkoniyatini bermaydigan elektron murojaat yoxud imzo bilan tasdiqlanmagan yozma murojaat anonim murojaat hisoblanadi va komissiya tomonidan koʻrib chiqilmaydi.
Murojaatlar koʻrmay qoldirilganda tegishli xulosa tuziladi, u komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi.
21. Komissiyaga kelib tushgan murojaatlarning soni bir yoki bir nechta boʻlishidan qatʼi nazar, komissiya mazkur Nizomning 17-bandida belgilangan muddatlarda murojaatlarni koʻrib chiqishi shart.
22. Murojaatlarni koʻrib chiqish joyi, kuni va vaqti komissiya raisi tomonidan belgilanadi.
23. Komissiya kotibi komissiya aʼzolarini komissiya majlisi oʻtkaziladigan kundan kamida 3 kun oldin xabardor qilishi lozim.
24. Murojaatlar komissiya tomonidan manfaatdor shaxsning ishtirokisiz koʻrib chiqiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
25. Komissiya majlisida murojaatni koʻrib chiqish natijasi boʻyicha komissiya aʼzolari murojaatda nazarda tutilgan masalaning barcha holatlarini hisobga olgan holda quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
roʻyxatdan oʻtkazuvchining koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi qarorini bekor qilish lozimligi toʻgʻrisida;
roʻyxatdan oʻtkazuvchining koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish haqidagi qarorini bekor qilish va koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish lozimligi toʻgʻrisida;
roʻyxatdan oʻtkazuvchining koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazish haqidagi qarorini oʻz kuchida qoldirish lozimligi toʻgʻrisida;
roʻyxatdan oʻtkazuvchining koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqni davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish haqidagi qarorini oʻz kuchida qoldirish lozimligi toʻgʻrisida.
26. Komissiya qarori komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
27. Komissiya majlisi bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bunda komissiya majlisi bayonnomalarini rasmiylashtirish komissiya kotibi tomonidan amalga oshiriladi.
28. Komissiyaning qabul qilgan qarori asosida komissiya kotibi tomonidan 3 ta nusxada xulosa rasmiylashtiriladi.
29. Xulosada tegishliligi boʻyicha manfaatdor shaxsning F.I.O. yoki yuridik shaxsning toʻliq nomi, koʻchmas mulk obyekti haqidagi tegishli maʼlumotlar hamda komissiya tomonidan mazkur murojaat yuzasidan qabul qilingan qaror koʻrsatilishi kerak.
30. Xulosalar komissiyaning har bir aʼzosi tomonidan imzolanadi hamda tasdiqlash uchun komissiya raisiga taqdim etiladi.
31. Komissiya kotibi komissiya raisi tomonidan tasdiqlangan xulosalarni shu kunning oʻzida bir nusxadan roʻyxatdan oʻtkazuvchi va manfaatdor shaxsga yetkazilishini taʼminlaydi.
32. Xulosaning bir nusxasi komissiya kotibi tomonidan komissiya ishi hujjatlariga tikib qoʻyiladi.
33. Koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquq yuzasidan aniqlangan yangi holatlar asosida komissiya tomonidan qabul qilingan qaror qayta koʻrib chiqilishi mumkin.
5-bob. Komissiya qarori yuzasidan berilgan murojaatlarni koʻrib chiqish
34. Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisining qarori bilan Apellatsiya komissiyasi tuziladi. Apellatsiya komissiyasi tarkibiga Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasining, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hamda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasining komissiya faoliyatida ishtirok etmagan masʼul xodimlari orasidan Apellatsiya komissiyasi raisi va kamida toʻrt nafar aʼzo kiritiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
35. Komissiya xulosasidan norozi boʻlgan manfaatdor shaxs yoki roʻyxatdan oʻtkazuvchi komissiya xulosasini olgan kundan boshlab 10 kun davomida Apellatsiya komissiyasiga murojaat qilish huquqiga ega.
36. Manfaatdor shaxs yoki roʻyxatdan oʻtkazuvchi tomonidan berilgan apellatsiya Apellatsiya komissiyasi tomonidan 10 kun ichida koʻrib chiqilishi lozim.
37. Apellatsiya komissiyasi manfaatdor shaxs yoki roʻyxatdan oʻtkazuvchining apellatsiyasini koʻrib chiqish natijalari boʻyicha komissiya xulosasini bekor qilish yoki uni oʻz kuchida qoldirish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
38. Apellatsiya komissiyasi tegishli qarorni manfaatdor shaxs va roʻyxatdan oʻtkazuvchiga yetkazilishini taʼminlaydi.
6-bob. Yakuniy qoidalar
39. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
40. Ushbu nizom Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Qurilish vaziri A. TUXTAYEV
2019-yil 7-mart
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. MUSAYEV
2019-yil 8-mart
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 22.04.2019-y., 10/19/3156/2978-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son, 27.10.2021-y., 10/21/3156-1/1004-son; 20.06.2022-y., 10/22/3156-2/0540-son; 01.08.2023-y., 10/23/3450/0546-son)