Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekistonda Sharda universitetini tashkil etish toʻgʻrisida
Umumeʼtirof etilgan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq oliy maʼlumotli yuqori malakali kadrlar tayyorlashni tashkil etish, innovatsion muhitni shakllantirish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan uzoq muddatli munosabatlarni yanada rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Hindiston Respublikasiga 2018-yil 30-sentabr — 1-oktabrdagi davlat tashrifi chogʻida imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasini bajarish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Andijon viloyati hokimligi va “Sharda Educational Trust” (Hindiston Respublikasi) taʼlim trastining (keyingi oʻrinlarda — Muassis) Oʻzbekistonda Sharda universitetini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
Oʻzbekistondagi Sharda universiteti (keyingi oʻrinlarda — Universitet) oliy taʼlim muassasasi — yuridik shaxs shaklidagi Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi, alohida mol-mulkka, mustaqil balansga ega, tasarrufidagi mol-mulk bilan oʻz majburiyatlari boʻyicha javobgar hisoblanadi;
Universitetda oʻqitish Oʻzbekiston Respublikasining davlat taʼlim standartlari talablarini inobatga olgan holda Sharda universiteti (Hindiston Respublikasi) taʼlim dasturlari asosida ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlari boʻyicha amalga oshiriladi;
Universitetda taʼlim faoliyati 2019/2020 oʻquv yilidan boshlanadi;
abituriyentlar qabuli va Universitet bitiruvchilarini attestatsiyadan oʻtkazish Muassis tomonidan belgilanadigan talablar, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;
Universitet bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida va Hindiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan belgilangan namunadagi diplom beriladi.
3. Universitet faoliyatining asosiy vazifalari va yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
elektr muhandisligi, axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik, kompyuter tizimlariga xizmat koʻrsatish, elektronika, kommunikatsiya injiniringi, biznes-menejment va talab yuqori boʻlgan taʼlimning boshqa yoʻnalishlarida yuqori malakali mutaxassislarni xalqaro standartlar darajasida tayyorlashni taʼminlash;
taʼlim jarayoniga zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini joriy etish;
yuqori malakali mutaxassislarni malakasini oshirish va qayta tayyorlash, shu jumladan ularning malakaviy amaliyotini yetakchi xorijiy oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida tashkil etish;
mehnat bozorining ehtiyojlarini hisobga olgan holda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, muhandislik-texnika, tibbiyot va aniq fanlar sohalarida ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish, shuningdek, oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash;
taʼlim va ilmiy-texnikaviy sohalarda yetakchi xorijiy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlash.
4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Muassis:
oʻz mablagʻlari va jalb qilingan mablagʻlar hisobidan Andijon viloyati hududida Universitetning koʻp maqsadli kampusini quradi va jihozlaydi;
Universitetning koʻp maqsadli kampusini rivojlantirish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etadi;
oʻz mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan oʻquv korpuslari, oʻquv-laboratoriya bazasi, talabalar turar joylari va Universitetning boshqa inshootlarini mebel, inventar, oʻquv va ilmiy jihozlar, orgtexnika, kompyuterlar bilan jihozlaydi, shuningdek, Universitetni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan taʼminlaydi;
Universitetning kutubxona fondini shakllantirish va uni zamonaviy oʻquv, oʻquv-metodik hamda ilmiy-texnik adabiyotlar bilan toʻldirishga, shu jumladan Sharda universitetining (Hindiston Respublikasi) axborot resurs bazasidan foydalanish imkonini yaratgan holda koʻmaklashadi;
Universitetda taʼlim berish va oʻquv jarayonini tashkil etish uchun malakali xorijiy professor-oʻqituvchilarni jalb qiladi.
5. Belgilansinki:
a) Universitet faoliyatini moliyalashtirish va uni saqlash:
Muassis mablagʻlari va talabalarni toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushadigan mablagʻlar;
xoʻjalik faoliyatidan va shartnoma asosida xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromadlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning xayriya ehsonlari;
xalqaro moliya institutlari va tashkilotlarining grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;
b) Universitetda taʼlim olish ingliz, oʻzbek, va rus tillarida kunduzgi shaklda, toʻlov-kontrakt asosida hamda Universitet bitiruvchilarining potensial ish beruvchilari — yuridik shaxslar tomonidan taqdim etiladigan taʼlim grantlari boʻyicha, shuningdek, yoshlarning taʼlim olishi uchun avvalo mamlakat hududlari tomonidan ajratiladigan xayriya ehsonlar hisobiga amalga oshiriladi;
v) Universitet Muassis bilan kelishgan holda:
Oʻzbekiston Respublikasi manfaatdor tashkilotlarining mutaxassislarga boʻlgan real ehtiyojidan kelib chiqib, 2019/2020 oʻquv yili va keyingi yillar uchun talabalarni qabul qilish kvotalari va toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish qiymati miqdorlarini belgilaydi;
Sharda universiteti (Hindiston Respublikasi) va boshqa yetakchi xorijiy ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlariga oʻqish va stajirovka oʻtashga yuborish uchun eng istiqbolli talabalarni tanlov asosida saralab olishni tashkil etadi;
Universitet professor-oʻqituvchilari va doktorantlari uchun xalqaro tajriba almashinuvini tashkillashtiradi;
g) Universitet rektori Muassis tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda lavozimiga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda Universitetni tashkil etish davrida uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish bilan bogʻliq tashkiliy, yuridik, iqtisodiy, oʻquv-uslubiy, moddiy-texnik va boshqa masalalarni hal etishda Muassisga koʻmaklashsin.
7. Universitetga:
kadrlarga boʻlgan ehtiyojdan kelib chiqib, Muassis hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishgan holda yangi istiqbolli bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish;
Keyingi tahrirga qarang.
tuziladigan shartnomalar asosida Universitetga oʻqituvchilik qilish va ilmiy ish olib borish uchun taklif etiladigan xorijlik professorlar va oʻqituvchilarning yashashi hamda transport xarajatlariga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tariflar boʻyicha haq toʻlashga ruxsat berilsin.
8. Andijon shahri, Boburshoh koʻchasi, 73-uy manzilida joylashgan Andijon sanoat va transport kasb-hunar kollejining bino va inshootlari hamda unga tutash hudud operativ boshqaruv huquqi bilan Andijon mashinasozlik institutiga berilsin, keyinchalik ularda Universitet bepul foydalanish huquqi bilan joylashtirilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
Andijon sanoat va transport kasb-hunar kollejining oʻquvchilari oʻqishni tamomlagunlariga qadar Andijon shahri, Mustaqillik koʻchasi, 1-uy manzilida joylashgan 2-Andijon maishiy xizmat kasb-hunar kollejining binolarida oʻqishni davom ettiradi;
Andijon mashinasozlik institutiga berilgan Andijon sanoat va transport kasb-hunar kolleji bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish hamda Universitetni mebel, inventar, oʻquv va ilmiy asbob-uskunalar, tashkiliy texnika, kompyuterlar, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vositalari bilan jihozlash bilan bogʻliq ishlarni moliyalashtirish Muassis mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
9. Andijon viloyati hokimligi Universitet va Muassisning buyurtmanomalari boʻyicha:
talabalar uchun yashash joylarini tashkil qilish, shuningdek, koʻp maqsadli Universitet kampusini qurish uchun zarurat boʻlganda, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi yoʻqotishlarini qoplamagan holda, shu jumladan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlardan 40 gektargacha maydonga ega boʻlgan yer uchastkasini Universitetga bepul asosda doimiy foydalanish uchun ajratsin;
Universitet bino va inshootlarini muhandislik kommunikatsiyalariga ulanishini taʼminlasin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Muassis bilan birgalikda bir oy muddatda taʼsis hujjatlari ishlab chiqilishi va kelishilishini, shuningdek, Universitetni belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.
11. 2022-yil 1-aprelga qadar:
Universitet barcha turdagi soliqlarni toʻlashdan, shuningdek, xorijiy xodimlarning mehnatiga haq toʻlash fondi qismi boʻyicha yagona ijtimoiy toʻlovdan;
Muassis Oʻzbekiston Respublikasida Universitet faoliyatidan olgan daromadlari boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻini toʻlashdan;
Universitetni qurish, rekonstruksiya qilish, jihozlash va faoliyatini taʼminlash uchun Muassis, Universitet va pudrat tashkilotlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda shakllantiriladigan roʻyxat boʻyicha olib kelinadigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan jihozlar, shu jumladan oʻquv va ilmiy-laboratoriya jihozlari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, orgtexnika, oʻqitishning texnik vositalari, oʻquv va ilmiy-metodik adabiyotlar, multimedia mahsulotlari, inventar va boshqa moddiy-texnika resurslari bojxona toʻlovlarini toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Andijon viloyati hokimligi va Universitet buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar va maʼmuriy xodimlar, shuningdek, ularning oila aʼzolari uchun koʻp martalik kirish vizalari konsullik hamda boshqa yigʻimlar undirilmasdan, belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Andijon viloyati hokimligi va Universitet buyurtmanomalariga binoan mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar va maʼmuriy xodimlariga hamda ularning oila aʼzolariga davlat bojlari toʻlashdan ozod etgan holda koʻp martalik vizalar berilishi va uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A. Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduhakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2019-yil 10-aprel,
PQ-4278-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2019-y., 07/19/4278/2920-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026-y., 06/26/58/0342-son)