Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi KEngashining va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qoʻshma qarori
Mamlakatda jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurash holati toʻgʻrisida
Mamlakatimizda soʻnggi yillarda oʻtkazilgan islohotlar natijasida jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda yangi ish uslublari tatbiq qilinib, aholi va jamoatchilik bilan uzviy muloqot yoʻlga qoʻyildi, ushbu sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari keng joriy etildi.
Jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashishda davlat organlari va jamoat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik yanada kuchaytirildi.
Olib borilayotgan keng koʻlamli ishlar natijasida fuqarolarda jinoyatchilikka qarshi kurashishga va huquqbuzarliklarning oldini olishga daxldorlik hissi shakllandi.
Amalga oshirilgan tizimli ishlar natijasida 2018-yilning 7 oyida umumiy jinoyatlarning 38,2 foizga, jinoyat-qidiruv yoʻnalishidagi jinoyatlarning 38,3 foizga kamayishiga erishildi.
Biroq, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi faoliyatda yechimini kutayotgan xato va kamchiliklar hamda foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjud.
Oʻtkazilgan tadbirlar va koʻrilgan choralar yetarli darajada samara bermaganligi oqibatida, Andijon, Surxondaryo viloyatlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasida qotillik va badanga ogʻir tan jarohati yetkazish, Fargʻona viloyatida nomusga tegish, Jizzax viloyatida bosqinchilik, Namangan, Jizzax viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida transport vositasini olib qochish jinoyatlari oshgan.
Ichki ishlar, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qoʻmitasi va boshqa jamoat tashkilotlari faoliyati ham kutilgan natijalarni bermagan.
Jinoyatlarning qariyb 30 foizi voyaga yetmaganlar va yoshlar, 12,5 foizi xotin-qizlar tomonidan sodir etilgan.
Buxoro, Jizzax, Samarqand va Navoiy viloyatlarida xotin-qizlar tomonidan fohishalik bilan shugʻullanish kabi salbiy holatlar koʻpaygan.
Mahalla faollari, jamoat tashkilotlari va profilaktika inspektorlari tomonidan notinch va noqobil oilalarni, oʻz vaqtida aniqlash, ularning manzilli roʻyxatlarini tuzish, oiladagi maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirishga qaratilgan ishlar toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganligi oqibatida, oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilgan.
Xususan, 277 ta qotillik jinoyatining 116 tasi yoki 42 foizi qarindosh-urugʻlarning oila-turmush doirasidagi janjallari, 25 tasi yoki 9 foizi esa, qoʻni-qoʻshnilarning oʻzaro kelishmovchiliklari zamirida kelib chiqqan.
Ayniqsa, maishiy va mulkiy nizolar zamirida sodir etilgan yengil tan jarohati yetkazish bilan bogʻliq huquqbuzarliklar tahlil qilinib, kelgusida jinoyatlarning oldini olish va nizoni hal etishga qaratilgan choralar koʻrilmaganligi oqibatida, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilgan.
Ilgari sudlangan shaxslarni profilaktik hisobga olish va ular bilan profilaktik tadbirlar oʻtkazishda ham jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgan.
Jumladan, ushbu toifadagi shaxslar tomonidan jinoyat sodir etish holatlari Jizzax viloyatida oshgan, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Fargʻona viloyatlari, Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa yuqoriligicha qolgan.
Bundan tashqari, sodir boʻlgan har bir jinoyatni avvalo, jinoyat sodir boʻlgan va jinoyat sodir qilgan shaxsning yashash joyidagi mahallalarda keng jamoatchilikni jalb qilgan holda muhokama qilish toʻliq taʼminlanmagan.
Ichki ishlar organlari tomonidan boshqa hududdan kelib jinoyat sodir etgan fuqarolarning qilmishlari haqida ularning yashash joylariga xabar berish amaliyoti toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan.
Ayrim hududlarda “Jamoatchilik nazorati” maskanlarining ish faoliyati talab darajasida tashkil qilinmagan.
Tezkor-qidiruv ishlari toʻgʻri tashkil qilinmaganligi sababli, umumiy jinoyatlarning 6 foizi, jinoyat-qidiruv yoʻnalishidagi jinoyatlarning 8,1 foizi fosh etilmagan. Tergov va sud organlaridan yashiringan qidiruvdagi shaxslarning 71,5 foizi ushlanmagan.
Yoʻl-transport hodisalarining oldini olish borasida oʻtkazilgan tadbirlar samarasiz boʻlganligi bois, Namangan, Andijon, Navoiy, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida odam oʻlimiga sababchi boʻlgan yoʻl-transport hodisalari oshgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jinoyat haqidagi ariza va xabarlarni qayd etmaslik yoʻli bilan jinoyatlarni hisobdan yashirish holatlariga hamon barham berilmagan.
Xususan, 48 ta jinoyatlar qayd etmaslik yoʻli bilan hisobdan yashirilgan.
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonunga hamda fohishalik bilan shugʻullanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish yuzasidan qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish masalasi oxiriga yetkazilmagan.
Sogʻliqni saqlash vazirligining ichkilikka ruju qoʻygan, giyohvandlikka chalingan shaxslarni va tajovuzkor ruhiy kasallarni davolash muassasalarini muayyan hudud geografiyasidan kelib chiqqan holda soni va qamrovini oshirish hamda ularni tegishli mutaxassis va anjomlar bilan taʼminlash masalalari boʻyicha hanuzgacha amaliy ishga kirishilmagan.
Davlat organlari va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar samarali tashkil etilmaganligi bois, fuqarolarning oʻz joniga qasd yoki suiqasd qilish holatlari Buxoro, Jizzax, Navoiy, Fargʻona, Qashqadaryo, Toshkent viloyatlari va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oshgan.
Yoshlar oʻrtasida ularning sogʻligʻi, tarbiyasi va ruhiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi tramadol, sonnat va lirika kabi psixofaol dori vositalariga ruju qoʻyish holatlari koʻpaygan.
Ayni paytda, qonun hujjatlarida ushbu vositalarning noqonuniy savdosi bilan shugʻullanganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagan.
Qayd qilinganlardan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Kengashi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish Respublika Komissiyasi Raisi N. Yoʻldoshevning axboroti maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish faoliyatida “Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimini tatbiq etish hamda “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi ijrosi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ustuvor vazifalaridan biri etib belgilansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qoʻmitalari tomonidan Ichki ishlar, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta-maxsus taʼlim, Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Sogʻliqni saqlash vazirliklarining jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasidagi faoliyati yuzasidan axborotini muntazam ravishda eshitib borish amaliyoti joriy etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
“Huquqbuzarliklar profilaktikasi toʻgʻrisida”gi Qonunga hamda fohishalik bilan shugʻullanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish jarayonini jadallashtirsin;
tergov va sud organlaridan yashiringan shaxslarga nisbatan faqatgina qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash boʻyicha qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qonun loyihasini ishlab chiqib, tegishli tartibda Qonunchilik palatasiga kiritsin;
tramadol, sonnat va lirika psixofaol dori vositalarini Narkotik moddalar ustidan nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat komissiyasining 2016-yil 22-martdagi 13/16-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qonunga xilof ravishda muomalada boʻlgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning miqdorlari roʻyxati”ga kiritish masalasini koʻrib chiqsin;
mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar, chakana savdo obyektlarida alkogolli mahsulotlarni sotish vaqtini soat 20:00 gacha hamda umumiy ovqatlanish korxonalari va koʻngilochar obyektlarning (bouling, sauna, diskoteka va boshqalar) xizmat koʻrsatishini soat 23:00 gacha belgilash masalasini koʻrib chiqsin;
ichkilikka ruju qoʻygan, giyohvandlikka chalingan va tajovuzkor ruhiy kasallarni davolash muassasalarini muayyan hudud geografiyasidan kelib chiqqan holda soni va qamrovini oshirish hamda ularni tegishli mutaxassis va anjomlar bilan taʼminlash masalalarini oʻrganib, ularning faoliyatini tubdan yaxshilash choralarini koʻrsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Sogʻliqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika Kengashi, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, Faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Milliy teleradiokompaniyasi tomonidan joriy yilning 7 oyida tahlil natijasida koʻplab jinoyat sodir etilgan tuman(shahar)dagi sohaga oid ishlarni namunaviy tashkil qilish va ushbu amaliyotni barcha hududlarda ommalashtirish choralarini koʻrsin;
“Jinoyatga qarshi kurash haqiqati va adolati” tizimini joriy etishga qaratilgan ayollar, maktab oʻquvchilari, yoshlar yoki boshqa aholi qatlamlari tomonidan jinoyat sodir etilganligi holatlari boʻyicha vazirlik va idoralarning masʼul rahbarlari tomonidan joylarga borib, jinoyatning sabablarini oʻrganish va jamoatchilik orasida muhokama qilish, jinoyat kelgusida takrorlanishining oldini olishga qaratilgan aniq choralar koʻrish, jinoyatga qarshi kurashish adolatini taʼminlash orqali jinoyat sodir etgan aybdor shaxslar aniqlanib, ularga nisbatan qonun ustuvorligi va jazo muqarrarligi asosida qatʼiy choralar koʻrish hamda bu jarayonlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish tartibini joriy qilsin;
davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida quyi tizimlar tomonidan yuqori turuvchi organga xodimning sodir etgan jinoyati haqida axborot taqdim etish, shu bilan birga, jinoyatning sabablari va unga imkon bergan shart-sharoitlarni oʻrganib, har chorak yakuni boʻyicha hayʼat majlislarida muhokama qilish va jinoyatning kelgusida takrorlanishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilasin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, Xalq deputatlari Toshkent shahar, viloyat va tuman (shahar) Kengashlariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahar, viloyat va tuman (shahar) prokurorlari, Ichki ishlar, Sogʻliqni saqlash, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklarining hududiy boshqarma va boʻlimlari rahbarlarining jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklarga qarshi kurashish borasida amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitib borish tavsiya etilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim, Sogʻliqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika Kengashi, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, faxriylarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “Nuroniy” jamgʻarmasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Milliy teleradiokompaniyasi rahbarlari Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika Komissiyasining 2018-yil 26-fevraldagi 1-son qarori ijrosini taʼminlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:
jinoyatlarning ayrim turlari oshgan hududlardagi kriminogen vaziyatni tanqidiy tahlil qilib, ularning ortish sabablarini aniqlash va bartaraf qilishga qaratilgan qatʼiy choralar koʻrsin;
“Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati” tizimidan kelib chiqib, vazirlik tegishli tarmoqlarining faoliyat yoʻnalishlarini belgilovchi “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqsin;
vazirlik bilan davlat organlari va jamoat tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan oʻzaro hamkorlik memorandumlarini soddalashtirish nuqtai nazaridan qayta koʻrib chiqsin;
boshqa hududlardan kelib jinoyat sodir etgan fuqarolarning qilmishi toʻgʻrisida ularning yashash joylaridagi fuqarolar yigʻinlariga xabarnomalar yuborish, profilaktika inspektorlari hamda ichki ishlar organlari rahbarlarining, tegishincha, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va xalq deputatlari mahalliy kengashlarida hisobotlar berish amaliyotini tanqidiy oʻrganib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga qaratilgan qatʼiy choralar koʻrsin;
Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari va Yoshlar ittifoqi hamda boshqa jamoat tashkilotlari bilan birgalikda taʼlim muassasalari oʻquvchilarining dars vaqtida bozorlar, savdo markazlari, hiyobonlar va koʻngilochish joylarida boʻlishini oldini olish borasida muntazam ravishda tadbirlar oʻtkazib borsin;
shaxsiy tarkib oʻrtasida xizmat va ijro intizomiga rioya qilish va ichki muhitni sogʻlomlashtirish borasidagi ishlarni kuchaytirib, xodimlar tomonidan qonun buzilishi holatlari sodir qilinishining oldini olish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda Voyaga yetmaganlar ishlari boʻyicha respublika idoralararo komissiyalari faoliyatini yanada kuchaytirsin;
oʻz joniga qasd yoki suiqasd qilish holatlarini chuqur tahlil etib, mutasaddi idoralarning bunday noxush holatlarning oldini olish borasidagi faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga maʼmuriy huquqbuzarlikka oid va fuqarolik ishlarini koʻrish jarayonida nizo zamirida kelgusida jinoyat sodir etilishi mumkin boʻlgan holatlar aniqlangan taqdirda ularning oldini olish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabarnoma yuborish amaliyotini joriy etish tavsiya etilsin.
10. Ushbu Qoʻshma qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining oʻrinbosari X. Ketmonov va Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari S. Artikova zimmasiga yuklansin.
11. Ushbu Qoʻshma qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-avgust,
1896-III-son
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi N. YOʻLDOShEV
Toshkent sh.,
2018-yil 11-avgust,
KQ-392-III-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.08.2018-y., 04/19/1896-III/KQ-392-III/2828-son)