Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FAVQULODDA VAZIYATLAR VAZIRLIGI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 18-avgustdagi 644-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 1-iyundagi PF-5066-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Ilgari qabul qilingan qarorlarni oʻzgartirgan holda hamda huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari tizimida rahbar kadrlarni tanlash, joy-joyiga qoʻyish, tayyorlash va qayta tayyorlash borasida yagona, samarali siyosatni shakllantirish va oʻtkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbar kadrlarini tanlash, joy-joyiga qoʻyish va uning faoliyati ustidan nazoratni taʼminlash boʻyicha ishlarga rahbarlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Davlat maslahatchisi xizmatiga yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Favqulodda vaziyatlar vazirligining mamlakat aholisi, sanoat, ijtimoiy-madaniy obyektlarini favqulodda vaziyatlardan himoya qilishga doir faoliyatini tashkil etishni, shuningdek vazirlikning moliya-iqtisodiy va moddiy-texnika taʼminotini oʻz vakolatlari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi amalga oshiradi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Davlat maslahatchisi (T.A. Xudoybergenov) oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligida tashkiliy-kadrlar ishlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlasin va kiritsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 28-iyun,
278-son