Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 13-bandiga oʻzgartirish kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 28-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2687-2]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2019-yil 13-dekabrdagi 30/12-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3208, 30.12.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi PQ-4160-son “Jahon banki va xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2015-yil 16-maydagi 12/17-son qarori (roʻyxat raqami 2687, 2015-yil 22-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 25-son, 330-modda) bilan tasdiqlangan Yuridik shaxslar tomonidan kassa operatsiyalarini amalga oshirish qoidalarining 13-bandi ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Naqd pul qabul qilinganda buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqarish vazifalarini amalga oshiruvchi shaxs hamda kassir tomonidan imzolangan, kassir shtampi (shtamp mavjud boʻlgan taqdirda) bilan tasdiqlangan kassa kirim orderi yoki kassa apparatining izi tushirilgan chipta (slip) pul topshirgan shaxsga beriladi.”.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi M. NURMURATOV
Toshkent sh.,
2019-yil 16-mart,
5/7-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.03.2019-y., 10/19/2687-2/2846-son)