Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirining
buyrugʻi
Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgartirishlar kiritish haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 18-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 402-8]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-fevraldagi PQ-4160-son “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy taʼminot vazirligi tomonidan 1998-yil 7-yanvarda 8/04-01, 32/01-son bilan tasdiqlangan Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga (roʻyxat raqami 402, 1998-yil 29-yanvar) ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazirning birinchi oʻrinbosari E. MUXITDINOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-fevral,
8-2019/B-son
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining 2019-yil 26-fevraldagi 8-2019/B-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 2.10-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur maʼlumotlarni yozgan shaxsning imzosi korxona muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi.”.
2. 2.11-bandning ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzgartirilgan yozuvlar mehnat daftarchasining birinchi betiga kiritiladi. Ilgarigi familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tugʻilgan kuni toʻgʻrisidagi yozuv ustidan bir chiziq chizilib, yangi maʼlumotlar yozib qoʻyiladi. Yozuvlar muqovaning ichkari betiga yozilib korxona rahbarining yoki uning tomonidan maxsus vakolat berilgan shaxs imzosi hamda korxona yoki xodimlar boʻlimi muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi.”.
3. 3.1-bandning birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimning mazkur tashkilotda ishlagan davrida mehnat daftarchasiga kiritilgan ishi toʻgʻrisidagi maʼlumot (yozuv)lar korxona rahbari yoki uning tomonidan maxsus vakolat berilgan shaxsning imzosi va korxona yoki xodimlar boʻlimining muhri bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) tasdiqlanadi.”.
4. 6.1-bandning yettinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mehnat daftarchalarini qabul qilib olish va sarf qilish hamda ularni hisobotini olib borish kitoblarining sahifalarida son raqamlari qoʻyilgan boʻlishi hamda ular ip bilan tikilib, ish beruvchi rahbari imzosi va surgʻuchli muhr bilan (muhr mavjud boʻlgan taqdirda) mustahkamlangan boʻlishi shart.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 18.03.2019-y., 10/19/402-8/2780-son)