Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ichki ishlar organlari xodimlarini ragʻbatlantirishga doir ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-iyuldagi 514-son qaroriga muvofiq Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi huzurida tashkil qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmalari tugatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining yuridik shaxsni tashkil etmasdan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasi tashkil etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 11-mart,
207-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-martdagi 207-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan
oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 2-apreldagi 62-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2010-y., 4-son, 14-modda) bilan tasdiqlangan vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning budjetdan tashqari jamgʻarmalariga yoʻnaltirilayotgan davlat bojlari, yigʻimlar va soliq boʻlmagan toʻlovlardan, maʼmuriy va moliyaviy jazolardan ajratmalar miqdorlarida:
a) “Ajratmalar miqdori (foizlarda)” ustunining 9-pozitsiyasidagi “55*******” raqami “45” raqami bilan almashtirilsin;
b) quyidagi mazmundagi 91 pozitsiya qoʻshilsin:
|
“ |
91. |
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasi |
Yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalar summasi, maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya texnika vositalari qayd etgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalar summasidan tashqari |
10 |
”; |
v) *******) havola chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-maydagi 301-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari xodimlariga shahar yoʻlovchi transportida va shaxsiy transportdan xizmat safarlarida foydalanish bilan bogʻliq xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 12-bandidagi “yoki shaxsiy transportga ega boʻlgan” soʻzlari chiqarib tashlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-fevraldagi 137-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 2-son, 45-modda) bilan tasdiqlangan Biriktirilgan hududda ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha faoliyatini baholash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 18-bandi:
a) “hisobidan” soʻzidan soʻng “pul taʼminoti jamgʻarmasi doirasida” soʻzlari qoʻshilsin;
b) quyidagi mazmundagi ikkinchi xatboshi qoʻshilsin:
“profilaktika inspektorlari va tezkor xodimlardan bir martalik ushlanadigan pul mablagʻlari moliya yili yakunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi ixtiyorida qoldiriladi va pul taʼminoti toʻlovlari uchun sarflanadi”.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 6-iyuldagi 514-son qarorida (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 7-son, 169-modda):
2-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining yuridik shaxsni tashkil etmasdan Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarini ragʻbatlantirish va mukofotlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tashkil etilsin”;
3-bandning ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun DYHXX xodimlari tomonidan solinadigan jarimalar summasining 10 foizi Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish manbai hisoblanadi, maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya texnika vositalari qayd etgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarima summasidan tashqari”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2019-y., 09/19/207/2754-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.07.2022-y., 09/22/354/0593-son; 22.05.2025-y., 09/25/325/0460-son)