Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat taʼlim muassasalari va avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish, shuningdek imtihonlarni oʻtkazish va milliy haydovchilik guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimcha kiritish haqida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-maydagi 319-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 31-yanvardagi PF-5930-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mamlakatimizda davlat xizmatlari koʻrsatish tizimida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlarni yanada takomillashtirish, davlat xizmati koʻrsatishda talab etilayotgan hujjatlar sonini qisqartirish va fuqarolarga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 31-maydagi 408-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2018-yil, 5-son, 133-modda) bilan tasdiqlangan Davlat taʼlim muassasalari va avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim xizmatlari koʻrsatish faoliyatini amalga oshiruvchi boshqa yuridik shaxslarning oʻquv guruhlarini roʻyxatga olish, shuningdek imtihonlarni oʻtkazish va milliy haydovchilik guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga quyidagi tahrirdagi 581-band qoʻshilsin:
“581. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Milliy haydovchilik guvohnomasining hamda avtomototransport vositasi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning yangi namunalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 2-martdagi 116-son qarorining 31-bandida belgilangan davr mobaynida milliy haydovchilik guvohnomalarini guvohnomaning yangi namunalariga almashtirishda haydovchining imtihon varaqasi yoki milliy haydovchilik guvohnomasini bergan hududiy YHXB tasdiqnomasi, belgilangan shakldagi tibbiy maʼlumotnoma hamda avtomototransport vositalarini oʻn ikki oy mobaynida boshqarganligini tasdiqlovchi hujjatlar talab etilmaydi”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi transport vaziri A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 9-mart,
202-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.03.2019-y., 09/19/202/2732-son)