O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritish haqida
2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining mas’ul xodimlariga samarali faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va respublika hududlaridan yuqori malakali mutaxassislarni doimiy mehnat faoliyatiga jalb etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktabrdagi 336-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 10-son, 89-modda) bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish to‘g‘risida iltimosnoma kiritishi mumkin bo‘lgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari ro‘yxatiga kuyidagi mazmundagi 67-band qo‘shilsin:
“67. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi”.
2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A. Abduxakimov, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori M.M. Karimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 5-mart,
191-son
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 06.03.2019-y., 09/19/191/2709-son)