Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (6-sonli BHS) “Ijara”ni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 4-martda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3142]
Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq va budjet hisobini davlat sektorida moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari bilan muvofiqlashtirish maqsadida buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (6-sonli BHS) “Ijara” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi.
Vazir D. KUCHKAROV
Toshkent sh.,
2018-yil 12-dekabr,
150-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2018-yil 12-dekabrdagi 150-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (6-sonli BHS) “Ijara”
Mazkur Oʻzbekiston Respublikasi budjet hisobining standarti (6-sonli BHS) “Ijara” (bundan buyon matnda Standart deb yuritiladi) Oʻzbekiston Respublikasining Budjet kodeksi, Oʻzbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 8-apreldagi 102-son “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq budjet tashkilotlari, davlat maqsadli va budjetdan tashqari boshqa jamgʻarmalarning ijara hisobini yuritish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Standartda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aktiv — davlat mulki obyekti boʻlib, davlat korxonalari va budjet tashkilotlari balansidagi mol-mulk, shuningdek yuridik shaxslarning ommaviy mulkni boshqaruvchi yoxud vakolatli davlat organi tomonidan tasarruf etish huquqisiz ularga berilgan mol-mulk (davlat mulki obyektlarini investitsiya majburiyatlari va boshqa majburiyatlar bilan sotish hollari bundan mustasno);
balansda saqlovchi — ijaraga berilayotgan aktivni balansida hisobga olgan budjet tashkilotlari, davlat maqsadli va budjetdan tashqari boshqa jamgʻarmalar;
dastlabki toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar — ijara shartnomasini tuzish va tayyorlash bilan bevosita bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha xarajatlar;
ijaraga beruvchi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi huzuridagi davlat mulkini ijaraga berish markazlari;
ijara muddati — ijaraga olingan aktiv boʻyicha tuzilgan ijara shartnomasi bekor qilinmaydigan davr, bu davrlar mobaynida yoki undan keyin ijarachi ijara shartnomasi muddatini kelishuv asosida uzaytirishi mumkin;
ijarachi — aktivlarni ijaraga olish boʻyicha ijara shartnomasini tuzgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
ijara muddatini boshlanishi — ijarachi tomonidan ijaraga olingan aktivdan ijara shartnomasida koʻrsatilgan foydalanish va egalik qilish huquqining boshlanish sanasi. Bu ijarani dastlabki hisobga olish sanasi hisoblanadi;
ijara shartnomasining boshlanishi — ijara shartnomasi tuzilgan yoki uning asosiy shartlari boʻyicha majburiyatlar qabul qilingan sanadan avvalroq boʻlgan davr;
ijara shartnomasida koʻzda tutilgan foiz stavkasi — ijara muddatining boshlanishida ijara obyektining joriy qiymati bilan minimal ijara toʻlovlari va kafolatlanmagan qoldiq qiymati summasi yigʻindisining diskontlangan qiymati teng boʻlishini taʼminlaydigan foiz stavkasi;
kafolatlangan tugatish qiymati:
ijarachi uchun — ijarachi yoki u bilan bogʻliq boʻlgan taraf tomonidan kafolatlangan tugatish qiymati qismi (har qanday holatda ham toʻlanishi belgilangan maksimal qiymatga teng boʻlgan kafolatlangan summa);
balansda saqlovchi uchun — moliyaviy jihatdan kafolatlar boʻyicha toʻlash qobiliyatiga ega boʻlgan balansda saqlovchiga bogʻliq boʻlmagan uchinchi shaxs yoki ijarachi tomonidan kafolatlangan tugatish qiymati qismi;
kafolatlanmagan tugatish qiymati — ijara berilayotgan aktiv qiymatining bir qismi boʻlib (ijara shartnomasining boshlanishida aniqlangan), uning olinishini balansda saqlovchi kafolatlamaydi yoki u balansda saqlovchi bilan bogʻliq taraf tomonidangina kafolatlanadi;
foydali xizmat muddati — ijara shartnomasi muddati bilan cheklanmagan, ijara faoliyati boshlanishidan keyingi muddatda balansda saqlovchi tomonidan aktivdan foyda olishi kutilayotgan davr;
shartli ijara toʻlovi — bu ijara summasini qatʼiy belgilanmagan qismi boʻlib, ijara miqdori bilan belgilanmasligi va kelajakdagi muddat oʻzgarishlariga asoslanuvchi toʻlov (masalan, sotishdan olinadigan foiz, foydalanishning qiymati, narxlar indeksi, kelajakdagi bozor bahosining oʻzgarishi);
minimal ijara toʻlovlari — shartli ijara toʻlovidan tashqari, ijara muddati davomida ijarachidan talab qilinishi mumkin boʻlgan toʻlovlar boʻlib, balansda saqlovchi tomonidan toʻlangan xizmatlar uchun toʻlovlarni balansda saqlovchiga quyidagilar bilan birga qaytarilishi lozim boʻlgan summalardir:
a) ijarachi uchun — ijarachi yoki u bilan bogʻliq boʻlgan tomonning har qanday kafolatlangan summalari;
b) balansda saqlovchi uchun — balansda saqlovchiga uchun kafolatlangan barcha tugatish qiymati, ijarachi, ijarachi bilan bogʻliq boʻlgan tomon yoki kafolatlar uchun moliyaviy jihatdan javob bera oladigan mustaqil uchinchi shaxslar tomonidan kafolatlanadigan summalar.
2. Standart maqsadlariga koʻra ijara quyidagilarga ajratiladi:
a) moliyaviy ijara;
b) operativ ijara.
3. Moliyaviy ijara — mol-mulkni (moliyaviy ijara obyektini) egalik qilish va foydalanishga oʻn ikki oydan ortiq muddatga shartnoma boʻyicha topshirishda vujudga keladigan ijara munosabatlaridir.
Moliyaviy ijara shartnomasi quyidagi talablardan biriga javob berishi kerak:
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, moliyaviy ijara obyekti ijarachining mulkiga oʻtsa;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati moliyaviy ijara obyekti xizmat muddatining 80 foizidan ortiq boʻlsa yoki moliyaviy ijara obyektining moliyaviy ijara shartnomasi tugaganidan keyingi qoldiq qiymati uning boshlangʻich qiymatining 20 foizidan kam boʻlsa;
moliyaviy ijara shartnomasining muddati tugagach, ijaraga oluvchi moliyaviy ijara obyektini shu huquqni amalga oshirish sanasidagi bozor qiymatidan past narx boʻyicha sotib olish huquqiga ega boʻlsa;
moliyaviy ijara shartnomasining amal qilish davrida ijara toʻlovlarining joriy diskontlangan qiymati moliyaviy ijara obyektining moliyaviy ijaraga topshirish paytidagi joriy qiymatining 90 foizidan oshib ketsa. Joriy diskontlangan qiymat buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Operativ ijara — moliyaviy ijara shartnomasi hisoblanmaydigan mulkiy ijara shartnomasiga binoan aktivni vaqtinchalik egalik qilishga va foydalanishga yoki foydalanishga berish.
5. Hisoblash metodi asosida moliyaviy hisobotlarni tuzuvchi va taqdim qiluvchi balansda saqlovchilar barcha ijara turlari hisobini yuritishda mazkur Standartdan foydalanadi. Standartda quyidagilar qoʻllanilmaydi:
tabiiy resurslar, foydali qazilmalar, jumladan neft, tabiiy gaz va shu kabi qayta tiklanmaydigan resurslarni qidiruv va foydalanish boʻyicha ijara shartnomalari;
kinofilm, videoyozuv, pyesa, qoʻlyozma, patent va avtorlik huquqlari kabi obyektlar boʻyicha litsenziya kelishuvlar hisobini yuritish.
6. Ijara muddati va ijara shartnomasining boshlanish muddati oʻrtasidagi davrda ijara boʻyicha toʻlov summalarini oʻzgarish tartibi ijara boʻyicha shartnomada koʻrsatiladi. Bunda:
qurilish qiymatining oʻzgarishi yoki ijaraga berilgan mulkni sotib olinishi;
xarajat yoki qiymat koʻrsatkichlarining har qanday oʻzgarishlari, xususan ijarani moliyalashtirish boʻyicha balansda saqlovchining xarajatlari yoki umumiy narx darajasi koʻrsatiladi.
7. Ijara shartnomasida kelishilgan shartlar bajarilgan hollarda, ijarachi aktivga tasarruf etish huquqini berish imkoniyatini oʻz ichiga oladigan shartnomalar tuziladi. Koʻchmas mulk obyektlariga nisbatan tuzilgan shartnomalar Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 6-oktabrdagi 279-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda tuziladi.
8. Agar ijaraga berish natijasida balansda saqlovchining ishlab chiqarish yoki moliyaviy koʻrsatkichlari yomonlashsa yoki budjetdan moliyalashtirishning nazarda tutilgan limitlaridan ortiq boʻlsa, aktiv ijaraga berilishi mumkin emas. Koʻrsatib oʻtilgan holatlar yuqori turuvchi tashkilot yoki muassis (mavjud boʻlganda) bilan kelishgan holda balansda saqlovchi tomonidan hujjatlar bilan asoslantirilishi kerak.
2-bob. Ijaraning tasniflanishi
9. Ijara shartnomasining boshlanish sanasi holatida ijara moliyaviy yoki operativ ijara sifatida tasniflanadi.
10. Standartda qabul qilingan ijaraning tasniflanishi ijaraga berilayotgan aktivdan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan xatar va foydaning ijarachi va balansda saqlovchi oʻrtasida taqsimlanishiga asoslanadi.
Xatarlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
texnologiyalarning eskirganligi yoki foydalanish quvvatining yoʻqolganligi;
iqtisodiy holatlarning oʻzgarishi natijasida yuzaga keladigan aktiv qiymati oʻzgarishlari.
11. Ijara shartnomasi doirasida aktivga egalik qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xatar va foydalarning ijarachida boʻlishi moliyaviy ijara sifatida tasniflanadi.
Ijara doirasida aktivga egalik qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xatar va foydalarni ijarachida boʻlmasligi operativ ijara sifatida tasniflanadi.
12. Ijaraga beruvchi, balansda saqlovchi va ijarachi oʻrtasidagi ijara shartnomasi aniqlashtirilgan shartlar asosida tuzilishi lozim.
13. Ijaraning moliyaviy yoki operativ ijara deb tasniflanishi shartnoma shakliga emas, balki uning mazmuniga bogʻliq boʻladi.
14. Moliyaviy ijarada ijaraga berilayotgan aktivning quyidagi holatlari alohida yoki birgalikda qoʻllanilishi mumkin:
ijarachi ijaraga beruvchi va balansda saqlovchi bilan shartnomani muddatidan oldin bekor qilganda, balansda saqlovchining ushbu ijaraga tegishli barcha xarajatlarini qoplaydi;
shartnomada koʻrsatilgan ijara toʻlovi miqdori bozor qiymatidan past boʻlgan qiymatda ijarachi ijara shartnomasini yana bir muddatga uzaytiradi.
15. Boshqa turdagi aktivlar kabi, bino va yer ijarasi moliyaviy yoki operativ ijara deb tasniflanadi. Yerning foydali xizmat muddati aniq boʻlmaydi.Agar egalik huquqi ijara muddatining oxirida ijarachiga berilmasa, ijarachida xatar va foyda boʻlmaydi hamda bu ijara operativ ijara sifatida tasniflanadi.
Bunday operativ ijara uchun amalga oshirilgan toʻlov ijara shartnomasi uchun avans toʻlovi sifatida aks ettiriladi va hisobga olinadi.
16. Bino va yer uchastkalarining ijara hisobini alohida yuritish va tasniflash zarur boʻlgan hollarda minimal ijara toʻlovlarini (har qanday bir martalik avans toʻlovlari bilan birga) shartnomaning boshlanish sanasidagi bino va yer uchastkalarining ijaraga egalik huquqi oʻrtasida “bino” va “yer uchastkalari” elementlari boʻyicha haqiqiy qiymatiga koʻra proporsional taqsimlanadi.
Bu ikki element oʻrtasida ijara toʻlovi ishonchli taqsimlanmaydigan holatlarda ijara operativ ijara sifatida tasniflanadi.
17. Ijaraga berilgan yer uchastkasi va binosi Standartning 19-bandiga muvofiq “yer uchastkalari” ijara elementi uchun dastlabki tan olingan summasi sezilarli darajada boʻlmasa, yer uchastkalari va binolar ijarani tasniflash maqsadida bir obyekt sifatida koʻrilishi va Standartning 14-15-bandlariga muvofiq moliyaviy va operativ ijarasi sifatida tasniflanishi mumkin.
Bunday hollarda binoning foydali xizmat muddati ijaraga berilgan aktivning foydali xizmat muddati hisoblanadi.
3-bob. Moliyaviy ijara va uning hisobi
18. Standart aktivlarni ijaraga berish natijasida yuzaga keladigan foyda yoki zararlarni budjet hisobida aks ettirilishini belgilaydi.
19. Moliyaviy ijarada barcha xatar va foydalar ijarachida boʻladi. Ijarachining debitor qarzdorliklari sifatida toʻlanayotgan pul mablagʻlarini uning asosiy qarzini qoplash sifatida, koʻrsatilgan xizmatlar uchun kompensatsiya va ragʻbatlantirishni moliyaviy daromad sifatida hisobga olinadi.
20. Ijara muddatining boshlanishida ijarachi moliyaviy ijara doirasida olingan aktivlarni moliyaviy holatlar toʻgʻrisidagi hisobotda aktivlar sifatida va bu aktivlar bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarni majburiyatlar sifatida qabul qiladi.
21. Balansda saqlovchi moliyaviy ijara shartnomasi shartlari asosida aktiv realizatsiyasi boʻyicha foyda yoki zararni hisobga oladi.
22. Balansda saqlovchi ijara muddatida olgan ijara toʻlovlarini daromad sifatida hisobga oladi.
Balansda saqlovchi daromad sifatida hisobga olgan ijara toʻlovlarini ijaraga berilgan mulkdan kelib tushadigan debitor qarzdorligi mablagʻlari sifatida hisobga oladi.
23. Ijara bilan bogʻliq boʻlgan oʻziga xos dastlabki toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar tez-tez vujudga keladi, jumladan ijara shartnomasini tuzish va muzokaralar olib borish xarajatlari.
Moliyaviy ijara bilan bogʻliq boʻlgan balansda saqlovchi tomonidan amalga oshirilgan xarajatlar aktiv qiymatiga qoʻshiladi.
24. Minimal ijara toʻlovlari moliyaviy xarajatlar hamda qoplanmagan yoki toʻlanmagan majburiyatlarga ajratiladi.
Ijara muddati davomida xarajatlar har bir muddat uchun taqsimlanganda majburiyatlarning qolgan qismi boʻyicha davriy foiz stavkasi saqlanadi.
Shartli ijara toʻlovi toʻlangan har bir davr uchun xarajat sifatida hisoblanadi.
25. Ijarachining moliyaviy ijaraga berilayotgan aktivni yaxshilash (obodonlashtirish, qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar bilan taʼminlash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta qurollantirish va boshqalar) xarajatlari moliyaviy ijaraga olingan aktiv qiymatini koʻpaytiruvchi kapital quyilmalar sifatida aks ettiriladi.
Agar moliyaviy ijaraga berilayotgan aktiv, balansda saqlovchining ruxsati bilan yaxshilangan boʻlsa, shartnomaning amal qilish muddati tugagandan soʻng yoki shartnoma bekor qilingach, moliyaviy ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijarachi ana shu maqsad yoʻlida sarflagan barcha xarajatlarining qoplanishini talab qilish huquqiga ega.
Balansda saqlovchining ruxsatisiz amalga oshirilgan moliyaviy ijaraga berilgan aktivni yaxshilashga sarflangan mablagʻlar (qoʻyilmalar) va ularni moliyaviy ijaraga berilgan aktivga zarar yetkazmagan holda ajratib olish imkoniyati boʻlmasa, moliyaviy ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, moliyaviy ijara shartnomasining amal qilish muddati tugagach yoki shartnoma bekor qilingach, ular balansda saqlovchiga tekinga oʻtadi. Agarda ularni moliyaviy ijaraga berilgan aktivga zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlsa va agar balansda saqlovchi ularning qiymatini toʻlashga rozi boʻlmasa, bunday hollarda ijarachi ularni ajratib olishi mumkin.
26. Moliyaviy ijarada har bir hisobot davri uchun moliyaviy ijaraga berilgan aktiv boʻyicha amortizatsiya ajratmasi kabi xarajatlar yuzaga keladi va ijarachi tomonidan amalga oshiriladi.
27. Moliyaviy ijaraga berilgan aktivni har yili qayta baholash qonun hujjatlariga muvofiq ijarachi tomonidan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
28. Ijara shartnomasi tugatilganda ijarachi tomonidan moliyaviy ijaraga berilgan aktivni qaytarish munosabati bilan balansdan chiqarish, ijara shartnomasiga muvofiq moliyaviy ijara toʻxtatilgan sanadagi moliyaviy ijaraga berilgan aktivning qoplanmagan qiymati summasi boʻyicha amalga oshiriladi.
29. Balansda saqlovchining tashabbusi bilan ijara shartnomasi tugatilganda moliyaviy ijara obyektini kirim qilish ijara shartnomasiga muvofiq moliyaviy ijarani tugatish kunidagi qarzdorlik (debitor qarzdorlik) summasi boʻyicha amalga oshiriladi.
30. Balansda saqlovchi tomonidan amalga oshirilgan va moliyaviy ijara shartnomasiga muvofiq ijarachi tomonidan qoplanadigan moliyaviy ijaraga berilgan aktivni yetkazib berish va belgilangan maqsadda foydalanish uchun uni yaroqli holga keltirish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar moliyaviy ijaraga berilgan aktivning qiymatiga qoʻshiladi. Ijara shartnomasiga muvofiq yuqoridagi xarajatlar ijarachi tomonidan qoplanmaganda, ular yuzaga kelgan paytdagi tegishli hisobot davri xarajatlari sifatida hisobga olinadi.
4-bob. Operativ ijara hisobi
31. Operativ ijarada, aktivga egalik qilish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xatarlar ijarachida boʻlmaydi. Operativ ijara shartnomasi boʻyicha olingan aktivlar ijarachining balansida hisobga olinmaydi.
32. Operativ ijara obyekti ijarachi tomonidan balansdan tashqari hisoblarda — operativ ijara shartnomasida koʻrsatilgan qiymatda, balansda saqlovchida — asosiy vositalar tarkibida balans hisoblarida hisobga olinadi.
33. Balansda saqlovchining operativ ijara obyektlarini saqlab turish bilan bogʻliq xarajatlari ushbu xarajatlar yuzaga kelgan hisobot davrining joriy xarajatlari sifatida tan olinadi.
34. Ijarachining operativ ijaraga olingan aktivni yaxshilash (obodonlashtirish, qoʻshimcha qurish, qoʻshimcha asbob-uskunalar oʻrnatish, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish, texnik qayta qurollantirish va boshqalar) xarajatlari operativ ijaraga olingan aktiv qiymatini koʻpaytiruvchi kapital quyilmalar sifatida aks ettiriladi.
Operativ ijaraga olingan aktiv ijaraga beruvchi va balansda saqlovchining ruxsati bilan yaxshilanganda, operativ ijara shartnomasining amal qilish muddati tugagandan soʻng yoki operativ ijara shartnomasi bekor qilingach, operativ ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ijarachi ana shu maqsad yoʻlida sarflagan barcha xarajatlarning qoplanishini talab qilish huquqiga ega.
Ijaraga beruvchi va balansda saqlovchining ruxsatisiz amalga oshirilgan operativ ijaraga olingan aktivni yaxshilashga sarflangan xarajatlar (qoʻyilmalar) va ularni operativ ijaraga olingan aktivga zarar yetkazmagan holda ajratib olish imkoni boʻlmasa, operativ ijara shartnomasining amal qilish muddati tugagach yoki shartnoma bekor qilingach, operativ ijara shartnomasida oʻzgacha shartlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, ular balansda saqlovchiga tekinga oʻtadi. Operativ ijara obyektiga zarar yetkazmagan holda ajratib olish mumkin boʻlsa va balansda saqlovchi ularning qiymatini qoplashga rozi boʻlmasa, bunday hollarda ijarachi ularni ajratib olishi mumkin.
35. Toʻlovlar boshqa asosda amalga oshirilganda, operativ ijarada tegishli ijara toʻlovlarining xarajatlar sifatida tan olinishi toʻgʻri chiziq usulida hisobga olinadi, ijarachi tomonidan foyda olishning qulayroq vaqtinchalik jadvalini taʼminlaydigan boshqa tizimli asos holati yuzaga kelishi bundan mustasno.
36. Balansda saqlovchi yil choragida kamida bir marta oʻzi uning yuritishida boʻlgan aktivni xatlovdan oʻtkazishga va foydalanilmayotgan aktiv aniqlangan taqdirda 10 kun mobaynida ijaraga beruvchiga aktiv joylashgan joyni, miqdori, tarkibi va boshqa umumiy tavsiflarini koʻrsatgan holda uning haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishga majbur.
37. Balansda saqlovchi ijara muddati davomida moliyaviy daromadni doimiy ravishda taqsimlashi lozim. Ijara toʻlovlari ijara muddati mobaynida xizmatlarga ketgan xarajatlarni chegirgan holda, debitor qarzning asosiy qismini kamaytirish uchun qabul qilinadi.
38. Dastlabki toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlar ijara muddatining boshlanishi davrida xarajat sifatida hisobga olinadi.
39. Operativ ijara boʻyicha olinuvchi daromad ijara muddati davomida toʻgʻri chiziqli usulda hisobga olinadi, agar boshqa usul ijaraga berilgan aktiv boʻyicha foyda daromadlarini hisobga olish usulini foydali tasvirlasa, oʻsha usuldan foydalaniladi.
5-bob. Qayta ijaraga olingan aktivning hisobini yuritish
40. Moliyaviy ijara orqali realizatsiya qilingan aktivni qayta ijaraga olishni hisoblash tartibi ijara tasnifiga bogʻliq hisoblanadi. Agar aktivni qayta ijaraga olish moliyaviy ijaraga olib kelsa, realizatsiya qilingan summaning balans qiymatidan ortiq boʻlgan miqdori ijarachi uchun daromad sifatida hisobga olinmaydi. Bu holatlar keyingi davrlarga oʻtkaziladi va ijara muddati davomida hisobga olinadi.
41. Qayta ijaraga olish moliyaviy ijara boʻlsa, ijarachini moliyaviy mablagʻlar bilan taʼminlashning bir usuli hisoblanib, bunda aktiv taʼminot sifatida hisobga olinadi.
42. Agar aktivni qayta ijaraga olish operatsiyalari operativ ijaraga olib kelsa, bundan kelib chiqadigan foyda yoki zarar hisobga olinadi. Aktivni sotish narxi haqiqiy qiymatdan past boʻlsa, bu holat darhol foyda yoki zarar sifatida hisobga olinadi,bundan zarar kelgusidagi ijara toʻlovlarining bozor narxidan past qiymatda qoplangan holat mustasno.
Agar aktivni qayta ijaraga olish operativ ijaraga olib kelsa, realizatsiya qilingan summaning balans qiymatidan ortiq boʻlgan miqdori aktiv foydalanish davri uchun keyingi davrlarga oʻtkazilishi va hisobdan chiqarilishi kerak.
43. Operativ ijarada qayta ijaraga olingan aktivning qiymati uning balans qiymatidan past boʻlsa, bu farq zarar sifatida hisobga olinadi.
Ijarachi mol-mulkni soz holatda saqlaydi, oʻz hisobidan joriy taʼmirlash va mulkni saqlash boʻyicha xarajatlarni qoplaydi.
6-bob. Axborotni ochib berish
44. Balansda saqlovchi operativ ijara boʻyicha quyidagi axborotlarni ochib berishi kerak:
a) muddatidan oldin bekor qilish huquqisiz boʻlgan operativ ijara boʻyicha kelgusidagi minimal ijara toʻlovlarini umumiy hamda har biri uchun alohida quyidagi davrlar uchun:
bir yilgacha boʻlgan muddatda;
bir yildan soʻng, lekin, besh yildan kam boʻlmagan muddat;
besh yildan keyingi muddat;
b) moliyaviy faoliyat hisobotida, daromad sifatida hisobga olingan shartli ijara toʻlov summasi;
v) balansda saqlovchi tomonidan tuzilgan ijara shartnomalarining umumiy tavsiflari.
45. Ijarachilar moliyaviy ijara boʻyicha quyidagi axborotlarni ochib berishi kerak:
hisobot davridagi har bir aktivning turi boʻyicha sof balans qiymati;
hisobot davridagi xarajat sifatida tan olingan shartli ijara toʻlovi;
muddatidan oldin bekor qilish huquqiga ega boʻlmagan ijara shartnomalari boʻyicha balans kunida qabul qilinadigan ijaraning kelgusidagi minimal ijara toʻlovlari umumiy summasi;
moliyaviy hisobotni tuzish sanasiga ijaradan olinishi kutilayotgan kelgusi ijara toʻlovlari summasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
moliyaviy ijara muddati uchun qoplanmagan majburiyat qoldigʻiga davriy foiz stavkasini olish uchun balansda saqlovchining daromadi (moliyaviy ijara boʻyicha foizlar)ni taqsimlashda foydalaniladigan usul;
ijarachi tomonidan tuzilgan, shartli ijara toʻlovi boʻyicha kreditorlik qarzdorligining aniqlanish asosi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi, biroq bu bilan chegaralanmagan ijara shartnomalari umumiy mazmuni.
46. Ijarachi operativ ijara boʻyicha quyidagi axborotlarni ochib berishi kerak:
a) operativ ijara shartnomasi boʻyicha kelajakdagi minimal ijara toʻlovi summasini muddatidan oldin bekor qilish huquqisiz quyidagi davrlarni:
bir yilgacha boʻlgan muddat;
bir yildan soʻng, lekin, besh yildan kech boʻlmagan muddat;
besh yildan keyingi muddat;
b) muddatidan oldin bekor qilish huquqiga ega boʻlmagan ijara shartnomalari boʻyicha kelgusidagi minimal ijara toʻlovlarning umumiy summasini;
v) ijarachi tomonidan tuzilgan, quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga oluvchi, biroq bu bilan chegaralanmagan ijara shartnomalari umumiy mazmunini:
shartli ijara toʻlovi boʻyicha kreditor qarzdorlikni aniqlanishi uchun asos;
shartnomani yangilash imkoniyatining shartlari hamda mavjudligi yoki oʻzgaruvchan narxlar toʻgʻrisidagi xaridlar va eslatmalar.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.03.2019-y., 10/19/3142/2704-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)