Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2019-yil 22-fevraldagi PF-5668-son Farmoni)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2019-yil 22-fevraldagi PF-5668-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari L.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X. Nabiyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-fevral,
181-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-fevraldagi 181-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 10-fevraldagi 20-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 2-son, 8-modda) bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 13-bandiga kuyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi qoʻshilsin:
“Oliy taʼlim muassasalari tomonidan jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishi oʻqituvchisi (kafedra mudiri) lavozimini egallash uchun oʻtkaziladigan tanlovda Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi vakilining ilmiy kengash yigʻilishida ishtirok etishi talab etiladi”.
2. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-maydagi 369-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi toʻgʻrisidagi nizomda:
a) 11-bandning 8-kichik bandi ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“oliy taʼlim muassasalarining jismoniy tarbiya oʻqituvchilari (kafedra mudirlari)ni lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etishda oliy taʼlim muassasasi bilan birgalikda tashkil etiladigan tanlovlarda Vazirlik vakilining ilmiy kengash yigʻilishida ishtirokini taʼminlaydi”;
b) 15-bandning beshinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
v) 16-bandda:
quyidagi mazmundagi yigirmanchi xatboshi qoʻshilsin:
“davlat maktabgacha taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlarida jismoniy tarbiya oʻqituvchilarini lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etishda ishtirok etish”;
yigirmanchi xatboshi yigirma birinchi xatboshi deb hisoblansin;
g) 26-bandning 40-kichik bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.02.2019-y., 09/19/181/2689-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 22.08.2022-y., 09/22/465/0760-son)