Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga qoʻshimcha kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻsimliklarni himoya qilish va qishloq xoʻjaligiga agrokimyoviy xizmatlarni koʻrsatish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 24-oktabrdagi PQ-2640-son va “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2017-yil 30-avgustdagi PQ-3249-son qarorlariga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 7-oktabrdagi 336-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 10-son, 89-modda) bilan tasdiqlangan Rahbarlari xodimlarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiska qilish toʻgʻrisida iltimosnoma kiritishi mumkin boʻlgan davlat hokimiyati organlari, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik boshqa davlat tashkilotlari roʻyxatiga quyidagi mazmundagi 65 va 66-bandlar qoʻshilsin:
“65. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi.
66. “Oʻzagrokimyohimoya” aksiyadorlik jamiyati”.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlarining normativ-huquqiy hujjatlarini bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 28-yanvar,
62-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 29.01.2019-y., 07/19/62/2540-son)