|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumani tabiiy resurslarga boyligi, geografik joylashuvi, yuksak turizm salohiyati, madaniy meros obyektlari va ulkan mehnat resurslari bilan oʻziga xos xususiyatga ega boʻlgan hudud hisoblanadi. Orol dengizi hududida 5,5 million gektardan ortiq Orolqum sahrosining paydo boʻlishi, har yili 100 million tonna qum va tuzning atrof-muhitga tarqalishiga qaramasdan aholining barcha qiyinchiliklarni matonat bilan yengib, fojiani omadga, tumanni “Sahro marvaridi”ga aylantirish uchun fidokorona mehnat qilayotgani va vatanparvarligi alohida eʼtirofga sazovor. Oʻtgan davrda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholiga qulay yashash sharoiti yaratish borasida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 2018-yilda 12 mlrd soʻmlik investitsiya loyihalari amalga oshirilishi hisobiga sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishni koʻpaytirishga va asosiy kapitalga kiritilgan investitsiyalar hamda qurilish ishlarining oʻsishiga erishildi. Shu bilan birga, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan va oʻz yechimini kutayotgan dolzarb muammolar mavjud, xususan: birinchidan, tumanning bosh rejasi zamonaviy shaharsozlik talablariga javob bermaydi, bu borada istiqbolda bajarilishi rejalashtirilgan tadbirlar ishlab chiqilmagan; ikkinchidan, aholining munosib turmush sharoitini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻlgan suv taʼminoti va kanalizatsiya obyektlari, ijtimoiy soha, madaniyat hamda sport inshootlari yetarli darajada barpo etilmagan, mavjudlarini esa rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash boʻyicha zarur choralar koʻrilmagan; uchinchidan, tumanda turizmni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish yuzasidan yetarli darajada chora-tadbirlar amalga oshirilmagan, zarur infratuzilma, jumladan, yoʻl-transport obyektlari va servis xizmatlari talab darajasida yoʻlga qoʻyilmagan; toʻrtinchidan, geologiya-qidiruv ishlari tashkil etilmaganligi bois foydali qazilmalarni toʻliq oʻzlashtirish choralari koʻrilmagan, ushbu sohaga investitsiyalarni jalb etish ishlari amalga oshirilmagan; beshinchidan, aholining ijtimoiy hayotida alohida ahamiyatga ega boʻlgan sogʻliqni saqlash, taʼlim, madaniyat, ijtimoiy xizmat koʻrsatish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va boshqa tor sohalardagi ixtisosliklar boʻyicha malakali mutaxassislar yetarli emas. Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini jadal kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mavjud tabiiy va mehnat resurslaridan toʻliq hamda samarali foydalanish, tumanda tadbirkorlik faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, bu borada toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalarini keng jalb etish, aholi hayot darajasi va sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi: 1. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Bosh prokuratura, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Moʻynoq tumanini (keyingi oʻrinlarda tuman deb ataladi) uning geografik joylashuvi va tabiiy iqlim xususiyatlarini inobatga olgan holda innovatsiyalar, texnologiyalar va investitsiyalar markaziga aylantirishni nazarda tutuvchi, barcha zaruriy infratuzilmaga, shu jumladan, innovatsion maktab, sport obyektlari, davolash-profilaktika muassasalari, zamonaviy aeroport, mehmonxona, savdo va koʻngilochar dam olish markazlari, “selfi obyekt”lari, optik tolali Internet tarmogʻi, IP-televideniyega ega boʻlgan zamonaviy shaharcha bunyod etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin. 2. Tuman hududida quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha investitsiya loyihalarining, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin: qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari, shu jumladan, quyosh va shamoldan foydalangan holda elektr energiya ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish; tabiiy qamishzorlardan foydalanish, qurilish materiallari ishlab chiqarishni joriy etish orqali sanoatning yangi yoʻnalishlarini yoʻlga qoʻyish; “Safari trassasi”, “Rally Muynak” musobaqalari, xalqaro gastronomik festival, hunarmandlar alleyasi, ziyorat va tibbiy turizm kabi turizmning yangi yoʻnalishlarini tashkil etish hamda rivojlantirish. 3. Quyidagilar: 2019 — 2021-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini jadal kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq; 2019 — 2021-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati (keyingi oʻrinlarda manzilli roʻyxat deb ataladi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Dastur va manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning oʻz vaqtida hamda sifatli bajarilishini taʼminlash, 2017 — 2021-yillarda Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturining amalga oshirilishini muvofiqlashtirish hamda tizimli nazorat qilishni taʼminlash Respublika komissiyasiga (keyingi oʻrinlarda Respublika komissiyasi deb ataladi) yuklansin. 4. Respublika komissiyasi: Dasturda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirib borsin; tumanning ehtiyoji va salohiyatidan (resurs, tabiiy-iqlim va boshqalardan) kelib chiqib, investitsiya kiritish talab etiladigan istiqbolli loyihalar amalga oshirilishini taʼminlasin; tumandagi hal etilmagan muammoli masalalarni har oyda kamida ikki marta koʻrib chiqib, loyihalarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilayotgan byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etsin; tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda axborot kiritib borsin. 5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi: davlat boshqaruvi organlari, xoʻjalik birlashmalari, tijorat banklari va loyiha tashabbuskorlari bilan birgalikda dasturga va manzilli roʻyxatga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishning barcha bosqichlari, shu jumladan, loyihalarni foydalanishga topshirishning aniq muddatlari koʻrsatilgan tarmoq jadvallarining bir oy muddatda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin; tadbirkorlik subyektlari tomonidan amalga oshirilishi taklif qilinayotgan istiqbolli loyihalarni tezkor koʻrib chiqish choralarini koʻrsin, salohiyatli investorlar bilan shaxsan muzokaralar hamda uchrashuvlar oʻtkazsin; har oyda kamida ikki marta hududiy davlat organlari va tashkilotlari darajasida hal qilinmagan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan bogʻliq muammoli masalalarni, istiqbolli tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflarni Respublika komissiyasiga kiritib borsin; tadbirkorlik tashabbuslari va loyihalarini amalga oshirish uchun salohiyatli xorijiy investorlarni, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari bilan birgalikda xorijda oʻtkaziladigan xalqaro investitsiya forumlari va konferensiyalarda ishtirok etish orqali jalb etsin. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisiga Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va tijorat banklari bilan kelishuv asosida, tasdiqlangan loyihalarning qiymati hamda ish oʻrinlari sonidan kam boʻlmagan holda dasturga va manzilli roʻyxatga, zaruratga koʻra qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish huquqi berilsin. 6. Tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilishi maʼlumot uchun qabul qilinsin: tumanda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirishni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, salohiyatli investorlar, ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish, turizmni rivojlantirish, xizmatlar koʻrsatish hamda servis sohasini yanada kengaytirish, zamonaviy va milliy uslubdagi mehmonxonalar, madaniy obyektlar barpo etilishiga doir loyihalar ijrosini taʼminlash choralarini koʻrish; tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun ajratilgan mablagʻlardan maqsadli va samarali foydalanish, manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini toʻliq va oʻz vaqtida ijro etishda investitsiyalarni faol jalb etishga doir qonun hujjatlarining soʻzsiz bajarilishi, qurilish, rekonstruksiya hamda taʼmirlash ishlarining arxitektura, shaharsozlik va boshqa qonun hujjatlariga qatʼiy rioya etgan holda amalga oshirilishi yuzasidan nazorat olib borish; tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda aniqlangan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash va aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish yuzasidan choralar koʻrish, javobgarlikning muqarrarligi prinsipiga qatʼiy rioya etilishini taʼminlash. 7. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq: a) 2024-yil 1-yanvarga qadar tumanda davlat roʻyxatidan oʻtib, unda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlariga: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Erkin iqtisodiy zonalar faoliyatini faollashtirish va kengaytirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2016-yil 26-oktabrdagi PF-4853-son Farmonining 3-bandida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etiladi, bundan mazkur qaror qabul qilingunga qadar neft va gazni qidirish, burgʻulash, qayta ishlash, nasoslar qurish hamda taʼmirlash sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar mustasno; tumandagi dastur va manzilli roʻyxatda nazarda tutilgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlashda ishtirok etuvchi tashkilotlarga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Alohida muhim ijtimoiy, madaniy va tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan obyektlarni qurish, restavratsiya, rekonstruksiya qilish va mukammal taʼmirlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2018-yil 10-sentabrdagi F-5361-son farmoyishi 2 va 3-bandlarida nazarda tutilgan imtiyozlar qoʻllaniladi. Bunda mazkur farmoyishning 3-bandidagi imtiyozlar ushbu kichik bandning ikkinchi xatboshisida belgilangan muddatgacha amal qiladi; (7-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-noyabrdagi PF-193-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son) v) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati va mahalliy davlat hokimiyati organlariga investorlarni jalb etish uchun: ikki oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasida, shu jumladan tumanda mavjud foydali qazilmalar zaxiralari haqidagi maʼlumotlarni yuboradi; tumanda geologiya-qidiruv ishlari natijasida aniqlangan foydali qazilmalar zaxiralari haqidagi maʼlumotlarning har chorakda taqdim etilishini taʼminlaydi; g) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi tomonidan tumanda aniqlangan foydali qazilmalar haqidagi maʼlumotlar asosida: Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi investitsiya loyiha pasportlarini tayyorlaydi va muntazam ravishda tumanga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi hamda Investitsiya portaliga joylashtirib boradi; Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi investitsiya loyiha pasportlari asosida xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralarini koʻradi; d) tumanda davlat roʻyxatidan oʻtib, unda faoliyat yuritayotgan chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga dvigatel hajmi 2,4 litrdan kam boʻlmagan yuqori oʻtish qobiliyatiga ega boʻlgan olib kirilayotgan transport vositalaridan avtotransport vositalarini roʻyxatga olish boʻyicha alohida davlat raqami seriyasini tatbiq etgan holda va ulardan faqat Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida foydalanish sharti bilan boj toʻlovlarini toʻlamasdan foydalanish huquqi beriladi. Bunda roʻyxatga olinganiga 5 yil boʻlgan transport vositalarini boj toʻlovlarini toʻlamasdan tasarruf etishga ruxsat beriladi. Mazkur bandda nazarda tutilgan bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar qoʻllanilgan holda olib kirilayotgan transport vositalaridan maqsadli foydalanilmagan taqdirda (sotish, bepul berib yuborish yoki oʻzgaga berishning boshqa shakli), bojxona imtiyozlari berilishi munosabati bilan toʻlanmagan bojxona toʻlovlari summasi qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetiga undiriladi; (7-band “d” kichik bandining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son) e) Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tumanning sayyohlik salohiyatini targʻib qilish boʻyicha tayyorlangan reklama mahsulotlarini Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tizimidagi teleradiokanallarda namoyish etish bepul amalga oshiriladi; j) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ijobiy xulosasi hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining roziligi asosida tumanda baliq ovlash xoʻjaliklariga ijaraga berilgan va boshqa tabiiy suv havza uchastkalaridagi mavjud tabiiy qamishzorlardan oʻrib olinishi natijasida atrof tabiiy muhitga, hayvonot olamiga zarar yetkazmaydigan tarzdagi sanoat usulida foydalanish uchun qamishlarni gʻamlashga (toʻplashga) belgilangan tartibda 30 yil muddatga ruxsatnomalar beradi; z) dastur va manzilli roʻyxat doirasida davlat xaridi orqali amalga oshirilayotgan loyihalarga, istisno tariqasida, zarur uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlarni xarid qilish boʻyicha toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzishga hamda ularning ekspertiza qilmasdan roʻyxatga olinishiga ruxsat beriladi; i) Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi “Qishloq qurilish invest” IK MChJ tomonidan qurilishi tugallangan arzon koʻp kvartirali uylar kadastr hujjatlarini davlat boji, toʻlovlar va boshqa yigʻimlar undirmasdan rasmiylashtirib beradi; k) “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bir oy muddatda, istisno tariqasida, tumanda qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalari, shu jumladan, quyosh va shamoldan foydalangan holda elektr energiya ishlab chiqarish sohasiga toʻgʻridan-toʻgʻri chet el investitsiyalari kiritayotgan tashkilotlarga elektr energiyasini xarid qilish va ushbu faoliyatni amalga oshirish bilan bogʻliq boshqa zarur sharoitlar yaratilishi taʼminlanadi; l) tumanda dasturda nazarda tutilgan obyektlar qurilish-montaj ishlarini loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda amalga oshirishga ruxsat beriladi; m) tumanda faoliyat yuritayotgan chorvachilik klasterlariga, istisno tariqasida, yirik qoramol buzoqlarini import qilish sharti bilan oʻz ishlab chiqarishidagi yirik qoramol buzoqlari goʻsht va goʻsht mahsulotlarining 50 foizidan koʻp boʻlmagan hajmini eksport qilish huquqi beriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Davlat bojxona qoʻmitasi bilan birgalikda ushbu qaror doirasida bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyoz qoʻllanilgan holda olib kiriladigan tovarlardan maqsadli foydalanilishi yuzasidan qattiq nazorat oʻrnatiladi. 8. Tuman hokimiga, istisno tariqasida, 2022-yil 1-yanvarga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan kelishgan holda amalga oshiriladigan quyidagi huquqlar berilsin: a) auksion oʻtkazmasdan, investor bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish orqali: sugʻorilmaydigan yerlar toifasiga kiradigan yer uchastkalaridan vaqtincha foydalanish huquqini tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyati uchun investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar belgilagan holda 50 yil muddatga “nol” xarid qiymatida sotish; avtomobil yoʻllariga tutash hududlardagi yer uchastkalari, shu jumladan, sugʻoriladigan qishloq xoʻjaligi yerlari toifasiga kiruvchi yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqini, ularning toifalaridan qatʼi nazar va qishloq xoʻjaligi hamda oʻrmon xoʻjaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklarining oʻrnini qoplashdan ozod etilgan holda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tasdiqlangan namunaviy loyihalar boʻyicha yoʻlboʻyi va turizm infratuzilmasi obyektlarini tashkil etish uchun “nol” xarid qiymatida sotish toʻgʻrisida qaror qabul qilish; b) xorijiy investor tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilanganidan qoʻshimcha soliq va bojxona imtiyozlari va preferensiyalarini berish talabi qoʻyilmagan taqdirda chet el investitsiyasi ulushi boʻlgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishda chet el investorlari bilan investitsiya shartnomalari tuzish; (8-bandning “b” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son) v) moliyalashtirish manbasidan qatʼi nazar, tumanda qurilish, rekonstruksiya va kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirish uchun pudrat tashkilotlarini tanlashda eng maqbul takliflarni tanlab olish yoʻli bilan, tanlov savdolarini oʻtkazmasdan pudrat va loyiha tashkilotlarini belgilash. 9. Tumanni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda loyihalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida Moʻynoq tumanini rivojlantirish jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda Jamgʻarma deb ataladi) tashkil etilsin. Quyidagilar Jamgʻarmani shakllantirish manbalari etib belgilansin: Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining maqsadli mablagʻlari, shu jumladan, markazlashtirilgan investitsiyalar; xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning imtiyozli kreditlari (qarzlari); Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti mablagʻlari; Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika va Moʻynoq tumani budjeti zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari; Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjetining qoʻshimcha manbalari; jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari; xayriya jamgʻarmalarining grantlari, xorijiy donorlarning mablagʻlari; Jamgʻarmaning vaqtincha boʻsh mablagʻlarini joylashtirishdan tushadigan daromadlar; qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar. (9-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son) Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ikki hafta muddatda Jamgʻarma faoliyatini tashkil etish va mablagʻlaridan foydalanish toʻgʻrisida qaror loyihasini ishlab chiqsin hamda uni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 10. Quyidagilarga shaxsiy javobgarlik yuklansin: Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorovga — manzilli roʻyxatdagi investitsiya loyihalarini amalga oshirishda tijorat banklari kreditlari boʻyicha foizli xarajatlarning bir qismini qoplash uchun beriladigan kompensatsiyalarni taqdim etish maqsadida 30 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlarni 2019-yil 1-fevralga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga oʻtkazib berish uchun; Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradovga — dasturda nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi kuzatuv kengashiga taklif kiritish va manzilli roʻyxatda belgilangan investitsiya kiritish talab etiladigan loyihalarga salohiyatli chet el investorlari, xalqaro moliya institutlari, hukumat va nohukumat tashkilotlari mablagʻlarini jalb qilish ishlarini muvofiqlashtirish uchun; Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi Q.R. Sariyevga — dasturda nazarda tutilgan obyektlarni qurish hamda oʻz vaqtida ishga tushirish, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan barcha zarur tashkiliy chora-tadbirlarni koʻrish uchun. 11. Dasturda belgilangan masʼul vazirlik va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda: Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturida koʻzda tutilgan loyihalarni dasturda belgilangan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti va Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladigan loyihalar bilan almashtirish yuzasidan qayta koʻrib chiqsinlar; qayta koʻrib chiqish natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi kuzatuv kengashiga taklif kiritsinlar. Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlarini moliyalashtirish jamgʻarmasi kuzatuv kengashi besh kun muddatda-taqdim etilgan taklif asosida Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yilga moʻljallangan Investitsiya dasturiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin. 12. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “Oʻzmetkombinat”, “Oʻzqurilishmateriallari” hamda “Oʻzneftmahsulot” aksiyadorlik jamiyatlari buyurtmachi hamda loyiha tashkilotlarining asoslangan hisob-kitoblari boʻyicha qurilish obyektlari uchun, shuningdek, tumandagi muhandislik-transport kommunikatsiyalari hamda infratuzilma obyektlari qurilishi uchun oʻrtacha birja kotirovka narxlarida toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalarga muvofiq haqini oldindan toʻliq toʻlash sharti bilan metall prokati, sement, qurilishbop oyna va yonilgʻi-moylash materiallari ajratilishini taʼminlasin. 13. “Oʻzbekenergo” va “Oʻztransgaz” aksiyadorlik jamiyatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan birgalikda: aholini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash; dastur va manzilli roʻyxat doirasida amalga oshiriladigan, shu jumladan, investitsiya loyihalari obyektlarigacha, zarurat boʻlganda, mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan tashqi muhandislik kommunikatsiyalarini qurish choralarini koʻrsinlar. 14. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga tijorat banklari bilan birgalikda tumanda tijorat banklari filiallari hamda mini-bank kassalarini ochish choralari koʻrilishini taʼminlash tavsiya etilsin. 15. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tumanda quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan va taʼmirlanadigan obyektlar uchun asosiy qurilish materiallarini (sement, gʻisht, beton plitalar, ohak va inert materiallari) Qoʻngʻirot temir yoʻl stansiyasiga imtiyozli narxlarda yetkazib bersin. 16. “Oʻztransgaz” va “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatlari 2019 — 2021-yillarda tumanda quriladigan obyektlar uchun asosiy qurilish materiallari (sement, gʻisht, beton plitalar, ohak) ishlab chiqaruvchi korxonalarga aynan tuman uchun ishlab chiqariladigan mahsulotlar hajmi doirasida ishlatilgan tabiiy gaz va elektr energiya toʻlovlarini, istisno tariqasida, aholiga beriladigan tarifda belgilasin. 17. Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, vazirlik, idora va tashkilotlarning multimedia markazlari ommaviy axborot vositalarida ushbu qarorning mazmun-mohiyati, shu jumladan zamonaviy shaharchaning qurilishi hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayoniga bagʻishlangan roliklar, tok-shou, alohida telekoʻrsatuvlar, davra suhbatlari oʻtkazilishi va keng yoritilishini tashkil etsin. 18. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.B. Murodov va Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.T. Yerniyazov zimmasiga yuklansin. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV Toshkent sh., 2019-yil 16-yanvar, 37-son Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 37-son qaroriga 1-ILOVA 2019 — 2021-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanini jadal kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish DASTURI
*Tadbirlar qiymatiga loyiha — smeta hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash natijalari boʻyicha aniqlik kiritiladi. **Moliyalashtirish manbalari loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tasdiqlash bosqichida aniqlashtiriladi. Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 16-yanvardagi 37-son qaroriga 2-ILOVA 2019 — 2021-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Moʻynoq tumanida sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida amalga oshiriladigan istiqbolli investitsiya loyihalarining MANZILLI ROʻYXATI
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.01.2019-y., 09/19/37/2490-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 11.11.2023-y., 06/23/193/0844-son) |
Постановление Кабинета Министров Республики Узбекистан О мерах по комплексному социально-экономическому развитию Муйнакского района Республики Каракалпакстан Премьер-министр Республики Узбекистан А. АРИПОВ г. Ташкент, 16 января 2019 г., № 37 |
||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||