OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DIN IShLARI BOʻYIChA QOʻMITA FAOLIYATINI TAShKIL ETISh MASALALARI
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 23-apreldagi 196-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Din ishlari boʻyicha qoʻmita tuzish toʻgʻrisida” 1992-yil 7-martdagi Farmoniga muvofiq, shuningdek, davlat organlari va respublika hududida faoliyat koʻrsatuvchi barcha mazhablardagi diniy tashkilotlar oʻrtasidagi qalin hamkorlikni va oʻzaro tushunishni mustahkamlashni taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Din ishlari boʻyicha qoʻmita davlat boshqaruv organi hisoblanadi, uning oʻz huquq doirasiga kiruvchi masalalar boʻyicha qarorlari vazirliklar, idoralar, korxonalar, tashkilotlar va muassasalar, shuningdek, viloyat, shahar, rayon hokimliklari uchun majburiy hisoblanadi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita markaziy apparati xodimlarining eng koʻp soni 38 kishidan iborat qilib (binoni qoʻriqlovchi va unga xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari), mehnatga haq toʻlash fondi 1992-yil oxirigacha 418 ming soʻm va bir yilga 570 ming soʻm hisobidan belgilansin.
Din ishlari boʻyicha qoʻmitaga raisning bir nafar birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosari boʻlishiga ruxsat berilsin.
Qoʻmita raisiga, uning oʻrinbosarlariga Oʻzbekiston Respublikasi vazirlari, ularning oʻrinbosarlari uchun tegishlicha nazarda tutilgan maishiy va tibbiy xizmat koʻrsatish sharoitlari joriy qilinsin.
Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning markaziy apparati respublika budjeti hisobidan mablagʻ bilan taʼminlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunini amalga oshirish masalalariga rahbarlik qilish va mahalliy boshqaruv organlarining hududlarda joylashgan diniy tashkilotlar, shuningdek, yuqorida koʻrsatilgan qoʻmita bilan qalin oʻzaro aloqalarni taʼminlash viloyat, shahar va rayon hokimining oʻrinbosarlaridan birining zimmasiga yuklatilsin.
Zarurat boʻlganda joylarda barcha mazhabdagi diniy tashkilotlar, jamoat birlashmalari vakillaridan, olimlar va amaliyotchi mutaxassislardan iborat maslahat kengashlari tuzilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Savdo vazirligi, “Oʻzshartnomasavdo” uyushmasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning hisob-kitoblariga muvofiq zarur mablagʻlar, biriktirilgan nomenklatura boʻyicha jihozlar, asbob-uskunalar va boshqa moddiy-texnika resurslari ajratsinlar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaga ikkita GAZ-24 yengil avtomobilini ajratsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi yuqorida koʻrsatilgan avtomashinalarni saqlashga mablagʻ ajratishni va limitni nazarda tutsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi Din ishlari boʻyicha qoʻmitani zarur shahar va hukumat telefon aloqasi bilan taʼminlasin.
7. Toshkent shahar hokimi bir oy muddat ichida Din ishlari boʻyicha qoʻmitani joylashtirish uchun joy ajratsin.
8. Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1976-yil 11-maydagi 287-son qarori (OʻzSSR QT, 1976-y., 5-son, 22-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 2-aprel,
159-son
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita markaziy apparatining
TUZILIShI
Rahbariyat
Maslahatchilar
Referentlar
Huquq shuʼbasi
Ishlar Boshqarmasi
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Din ishlari qoʻmitasini tuzish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunining konstitutsion kafolatlari va talablarini amalga oshirish, fuqarolarning dinga munosabatlaridan qatʼi nazar, ularning vijdon erkinligi huquqlarini, Qonun oldida barcha dinlarning, diniy maslaklar va eʼtiqodlarning tengligini taʼminlash, shuningdek, davlat organlari bilan diniy markazlar va tashkilotlarning aloqalarini mustahkamlash va qalin hamkorliklarini taʼminlash, ularning MDH davlatlari va xorijiy mamlakatlar bilan aloqalarini muvofiqlashtirish uchun tuzilgan davlat organi hisoblanadi.
Din ishlari boʻyicha qoʻmita maslahatchilik, ekspertlik, nazoratchilik va maʼlumot berish vazifalarini bajaradi.
2. Din ishlari boʻyicha qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, qonunlarga va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining boshqa qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Din ishlari boʻyicha qoʻmita oʻziga yuklatilgan vazifalar va vakolatlarni bajarish uchun:
diniy markazlar, tashkilotlar, diniy oʻquv yurtlari, diniy nashriyotlar, mansabdor shaxslar va fuqarolar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunining fuqarolarning dinga nisbatan oʻz munosabatini belgilash va ifodalash, hech qanday toʻsiqsiz dinga eʼtiqod qilish va diniy marosimlarni bajarish, shuningdek, fuqarolarning dinga munosabatlaridan qatʼi nazar, oʻzlarining manfaatlarini himoya qilish huquqlariga kafolat beruvchi talablarining bajarilishini taʼminlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining topshirigʻiga koʻra vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar faoliyatiga daxldor meʼyoriy hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi, qoʻmitaga taqdim etilgan Oʻzbekiston Respublikasining tegishli qonun hujjatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari loyihalari boʻyicha rasmiy ekspert xulosalarini tayyorlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining topshirigʻiga koʻra diniy tashkilotlar bilan oʻzaro munosabatlarda, shuningdek, respublikadagi din ishlari boʻyicha davlat organiga oʻxshash chet mamlakatlar muassasalari bilan munosabatlarda uning nomidan ish koʻradi;
davlat organlarining respublika hududida joylashgan va faoliyat koʻrsatayotgan barcha mazhablardagi diniy tashkilotlar bilan qalin hamjihatligini va hamkorligini oʻrnatishni taʼminlaydi;
diniy tashkilotlarning iltimosiga koʻra davlat organlari bilan kelishuvlarga erishishda koʻmak beradi va ularning hal qilishi talab etiladigan masalalar boʻyicha zarur yordam koʻrsatadi;
respublika ichida va uning tashqarisida turli diniy maslakdagi diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro tushunishni va chidamlilikni mustahkamlashga yordam beradi;
davlat siyosatida respublikaning tegishli adliya organlarida belgilangan tartibda roʻyxatga olingan barcha mazhabdagi diniy tashkilotlarning manfaatlarini ifodalaydi;
vazirliklarga, davlat qoʻmitalari va idoralarga, mansabdor shaxslar va fuqarolarga Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining qoʻllanish tartibi (vijdon va diniy maslak erkinligi masalalari boʻyicha davlat prinsiplarini amalga oshirish qismi) toʻgʻrisida tushuntirishlar va maslahatlar beradi;
respublika vazirliklari, davlat qoʻmitalari, idoralari va tashkilotlaridan, shuningdek, davlat boshqaruvining mahalliy organlaridan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunning bajarilishi masalalari boʻyicha maʼlumotlar va materiallarni soʻraydi va oladi;
respublika viloyatlari, shaharlari va nohiyalarining hokimlari bilan birgalikda barcha diniy masalalarni hal qilishda yagona davlat siyosatini oʻtkazadi;
Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlar toʻgʻrisida, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonunning ijrosi haqida, shuningdek, vijdon erkinligi masalalari boʻyicha chet el qonunlari va xalqaro huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida maʼlumotlar jamgʻarmasini tuzadi;
oʻz huquq doirasiga tegishli respublika kengashlarini va boshqa tadbirlarni oʻtkazadi.
4. Din ishlari boʻyicha qoʻmitaga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tayinlaydigan rais boshchilik qiladi.
Qoʻmita raisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tayinlaydigan birinchi oʻrinbosarga va oʻrinbosarga ega boʻladi. Oʻrinbosarlar oʻrtasidagi vazifalarni qoʻmita raisi taqsimlaydi, viloyat va shahar hokimliklari boʻyicha maslahatchilar va referentlarni birinchi oʻrinbosar birkitib qoʻyadi.
5. Diniy ekspertiza oʻtkazish va rasmiy ekspert xulosalari tayyorlash maqsadida Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzurida ekspert kengashi ishlaydi, u barcha mazhablardagi diniy tashkilotlar vakillaridan, dinshunoslardan, inson huquqlari muammolari boʻyicha mutaxassislardan iborat boʻladi. Ekspert Kengashining shaxsiy tarkibi va uning toʻgʻrisidagi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita qarori bilan tasdiqlanadi.
6. Din masalalarini koʻrib chiqishga keng jamoatchilikni jalb qilish uchun zarurat boʻlganda joylarda maslahat organi sifatida kelishish asosida viloyat, shahar va nohiya hokimining oʻrinbosari boshchiligida maslahat kengashi tuziladi, unga barcha mazhablardagi diniy tashkilotlarning, diniy birlashmalarning vakillari, olimlar, amaliyotchi mutaxassislar kiradi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi aks ettirilgan va oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi.
Keyingi tahrirga qarang.