Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI BANK-MOLIYA AKADEMIYASINING FAOLIYATINI TASHKIL ETISH MASALALARI TOʻGʻRISIDA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Bank-moliya akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 2-maydagi PF-1460-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
Keyingi tahrirga qarang.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
akademiyaning bank ishi va moliya fakultetlariga faqat oliy maʼlumotli shaxslar qabul qilinadi;
tinglovchilar bir yillik kursda oʻqiydilar, uni muvaffaqiyatli tugatganlar respublika va xorijiy mamlakatlarning yetakchi bank va moliya muassasalariga tajriba orttirishga yuboriladilar, ularga magistr unvonini berish uchun tanlangan mutaxassisligi boʻyicha diplom ishini himoya qiladilar.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilansinki:
bank va moliya rahbar kadrlari malakasini oshirish fakultetiga pul-moliya tizimining amaliyotchi rahbar xodimlari qabul qilinadi;
malaka oshirish fakulteti tinglovchilarining oʻqish davri olti oygachani tashkil qiladi, bunga bank va moliya ishi asosiy kurslarini oʻtish, shuningdek yetakchi moliya va bank muassasalarida tajriba orttirish va amaliy mashgʻulotlar ham kiradi;
malaka oshirish fakultetida olti oylik oʻqishni muvaffaqiyatli tugatishgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Akademiya rahbariyati:
1996-1997 oʻquv yili uchun 80 nafar, shu jumladan bank ishi fakultetiga — 40, moliya fakultetiga — 20, bank va moliya rahbar kadrlari malakasini oshirish fakultetiga — 20 nafar tinglovchi qabul qilsin;
chet tillarni oʻquv dasturiga muvofiq va fakultativ asosda, oʻquv kursi tugallangan tinglovchilarning chet tillardan birini amaliy egallashini taʼminlaydigan darajada puxta oʻrganishni tashkil etsin.
5. Oʻzbekiston banklar uyushmasining Bank-moliya akademiyasi huzurida:
Oʻzbekiston Respublikasida pul-moliya tizimini va bank ishini rivojlantirish strategiyasini;
Oʻzbekiston Respublikasining yagona va mintaqaviy moliya bozorlarini kompleks va uygʻun holda rivojlantirish hamda ularni xalqaro moliya bozorlari tizimiga bosqichma-bosqich integratsiyalash dasturlarini;
banklarni boshqarishning huquqiy va normativ bazasini hamda moliya mexanizmini takomillashtirishga doir tavsiyanomalarni ishlab chiqish boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni yoʻlga qoʻyish maqsadida Bank-moliya tizimini rivojlantirish tadqiqotlari markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Akademiya rahbariyati rektor va uch nafar prorektordan iborat tarkibda belgilansin.
7. Quyidagilar:
akademiyaning professor-oʻqituvchilar va ilmiy-tadqiqotchi xodimlariga respublikaning oliy oʻquv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalarida amalda boʻlgan mehnatga haq toʻlash miqdorlari;
qolgan xodimlariga — davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlari mehnatiga haq toʻlashning amaldagi shartlariga muvofiq tarif stavkalari;
tinglovchilarga aʼlo va yaxshi oʻqiganlik uchun — Oʻzbekiston banklari uyushmasi ajratadigan maqsadli mablagʻlar hisobidan asosiy stipendiyaning 50 foizigacha miqdorda shaxsiy ustamalar belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Akademiyada professor-oʻqituvchilarni, ilmiy-tadqiqotchi va maʼmuriyat xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasini tashkil etish nazarda tutilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
Akademiya rektoriga quyidagi huquqlar berilsin:
akademiyaning shtat jadvalini tasdiqlash, shuningdek zarurat boʻlganda tuzilmaga xodimlarining umumiy soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida oʻzgartirishlar kiritish;
yuqori malakali professor-oʻqituvchilarga, ilmiy-tadqiqotchi va maʼmuriyat xodimlariga moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi hisobidan tarif stavkasining 100 foizigacha miqdorda har oylik ustama belgilash;
Keyingi tahrirga qarang.
akademiyada oʻquv jarayonini, ilmiy va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish uchun, shu jumladan xorijiy mutaxassislar uchun erkin almashtiriladigan valyutada kontraktlar boʻyicha haq toʻlagan holda, konsultantlar, ekspertlar va mutaxassislarni, shu jumladan jahondagi yetakchi xalqaro moliya tashkilotlari va tijorat banklari mutaxassislarini jalb etishning turli iqtisodiy shakllaridan foydalanish.
9. Belgilab qoʻyilsinki, akademiya tinglovchilari uchun oʻquv muddati mobaynida asosiy ish joyidagi oʻrtacha ish haqi saqlab qolinadi. Boshqa shaharlik tinglovchilarga, shuningdek asosiy ish joyidan amaldagi qonunchilikka muvofiq oʻqish davrida sutkalik xarajatlar hamda oʻqish joyiga borib-kelish yoʻl haqi toʻlanadi. Boshqa shaharlik tinglovchilar oʻqish davrida yotoqxona bilan taʼminlanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Moliya vazirligi va Oʻzbekiston banklar uyushmasi teng ulushlarda:
1996-yilda auditoriyalarni xalqaro standartlarga muvofiq texnika bilan jihozlash, asbob-uskunalar, idora mebellari, shaxsiy kompyuter texnikasi, xalqaro axborot tarmoqlariga integratsiyalash uchun telekommunikatsiya aloqasining zamonaviy vositalarini sotib olish uchun akademiya buyurtmanomalariga binoan mablagʻlar ajratsinlar;
Oldingi tahrirga qarang.
akademiyani mablagʻ bilan taʼminlashga, shu jumladan ushbu qaror shartlariga muvofiq ish haqiga, oʻquv-uslubiy qoʻllanmalar va ilmiy ishlarni nashr etishga, akademiyaning binolari va inshootlarini qayta qurish, asosli tuzatish va jihozlashga taqdim qilinadigan hisob-kitoblarga binoan har yili budjetdan zarur mablagʻlar ajratsinlar;
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
xorijiy mutaxassislarni ishga taklif etish, oʻqituvchilarning, eng yaxshi tinglovchilarning xorijiy banklarda va moliya tashkilotlarida tajriba orttirish, akademiya professor-oʻqituvchilarining va ilmiy-tadqiqotchi xodimlarning xalqaro konferensiyalarda qatnashishlari, shuningdek davriy nashrlarga obuna boʻlish, xorijiy mamlakatlarda nashr etiladigan darsliklarni va oʻquv qoʻllanmalarini sotib olish uchun 1996-yildan boshlab har yili, akademiya buyurtmanomalariga binoan zarur mablagʻlar ajratishni nazarda tutsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Bank-moliya akademiyasi Toshkent shahar, Yakub Kolas koʻchasidagi 16-uyga joylashtirilsin.
12. Oʻzbekiston banklar uyushmasi “Toshkentuyjoyinvestqurilish” korporatsiyasi bilan birgalikda xorijiy firmalarni jalb etgan holda, oʻquv va ilmiy-tadqiqot jarayoni xususiyatlarini nazarda tutib, akademiya binosini moslashtirish, qayta qurish va asosli tuzatishni 1996-yil 1-oktabrgacha amalga oshirsin.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi:
akademiyani kutubxonani toʻldirish uchun maxfiy boʻlmagan matbuot nashrlari va kitob mahsulotlarining nazorat nusxalarini (2 nusxa) bepul oladigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritsin;
akademiya buyurtmalari boʻyicha oʻquv-uslubiy va ilmiy asarlarni tezkorlik bilan nashr etishni tashkil qilsin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi akademiyani zamonaviy aloqaning zarur vositalari, shu jumladan aloqaning hukumat, xalqaro va boshqa turlari bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.
15. Akademiyaga oʻqitish va tadqiqot ishlari uchun taklif etiladigan xorijiy olimlar, oʻqituvchilar va mutaxassislarning yashash hamda transport xarajatlarini Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun nazarda tutilgan tariflar boʻyicha soʻmlarda toʻlashiga ruxsat berilsin.
16. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari B.S. Hamidov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 17-may,
180-son
Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining
TUZILMASI
Rektor
Ilmiy kengash
Kadrlar boʻlimi
Oʻquv ishlari boʻyicha prorektor
Bank ishi fakulteti
Moliya fakulteti
Bank va moliya rahbar xodimlari malakasini oshirish fakulteti
Oʻquv boʻlimi
Amaliyot va tajriba orttirish boʻlimi
Kafedralar
Ilmiy-uslubiy ishlar boʻyicha prorektor
Bank-moliya tizimi rivojlanishini tadqiq qilish markazi
Oʻquv-axborot kompyuter markazi
Nashriyot boʻlimi
Kutubxona
Maʼmuriy-iqtisodiy masalalar boʻyicha prorektor
Xalqaro aloqalar boʻlimi
Rejalashtirish boʻlimi
Buxgalteriya
Xoʻjalik boʻlimi
Umumiy boʻlim
Sport kompleksi
Mehmonxona kompleksi
Bosmaxona
Garaj
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasining
TUZILMASI
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi fakultetlari, kafedralari va oʻqitiladigan fanlar
ROʻYXATI
| 1. Bank ishi fakulteti. | |
| 2. Moliya fakulteti. | |
| 3. Bank va moliya rahbar xodimlari malakasini oshirish fakulteti. | |
|
Kafedralar |
Fanlar |
| 1. Iqtisodiyot, moliya va bank ishi nazariyasi kafedrasi | 1. Umumiqtisodiyot nazariyasi 2. Umumiy moliya nazariyasi 3. Bank ishi nazariyasi 4. Soliqlar va soliqqa tortish |
| 2. Iqtisodiy tarix va huquq kafedrasi | 5. Xalqaro moliya tarixi 6. Moliya etikasi 7. Xalqaro moliya huquqi asoslari 8. Oʻzbekiston Respublikasi bank va soliq qonunchiligi |
| 3. Tillar kafedrasi | 9. Chet tillar |
| 4. Axborot va statistika kafedrasi | 10. Iqtisodiy axborot 11. Iqtisodiy modellashtirish 12. Zamonaviy bank texnologiyalari 13. Moliyaviy statistika 14. Milliy schyotlar tizimi |
| 5. Boshqarish kafedrasi | 15. Davlat bank tizimini boshqarish 16. Davlat moliyasini boshqarish 17. Bank menejmenti 18. Bank marketingi 19. Aktivlar va passivlarni boshqarish 20. Ish hujjatlarini yuritish |
| 6. Kredit ishi kafedrasi | 21. Investitsiya loyihalarini tayyorlash va kompleks ekspertiza qilish 22. Kredit tavakkalchiliklarini tahlil qilish va boshqarish 23. Investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va ularning monitoringi 24. Savdoni va aylanma kapitalni moliyalashtirish |
| 7. Buxgalteriya hisobi, tahlil qilish va audit kafedrasi | 25. Buxgalteriya hisobi asoslari 26. Banklarda buxgalteriya hisobi 27. Bank nazorati va audit 28. Moliyaviy tahlil |
| 8. Pul muomalasi kafedrasi | 29. Monetar siyosat va pul muomalasi 30. Qimmatli qogʻozlar bozori |
| 9. Moliyaviy xizmatlar kafedrasi | 31. Tijorat sugʻurtasi nazariyasi va amaliyoti 32. Sugʻurta tavakkalchiliklari tahlili 33. Lizing operatsiyalari |
| 10. Xalqaro moliya tashkilotlari kafedrasi | 34. Xalqaro moliya tashkilotlari tizimi 35. Xalqaro moliya bozorlarida operatsiyalar |
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi
USTAVI
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi (keyingi oʻrinlarda “Akademiya” deb ataladi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasining Bank-moliya akademiyasini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 2-maydagi PF-1460-son Farmoni bilan tashkil etilgan hamda oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va mazkur Ustavga muvofiq amalga oshiruvchi oliy taʼlim muassasasi maqomiga ega boʻlgan ikkinchi bosqich (magistratura) respublika oliy taʼlim muassasasi va ilmiy-tadqiqot markazi hisoblanadi.
2. Akademiya Oʻzbekiston Respublikasining bank-moliya sohasida hamda bank va moliya xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boshqaruvi tizimida yetakchi oʻquv-uslubiy, ilmiy va axborot-tahliliy markaz hisoblanadi.
3. Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari va faoliyati yoʻnalishlari hisoblanadi:
a) quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha yuqori malakali bank ishi mutaxassislari tayyorlash:
monetar siyosat va pul muomalasi;
moliya menejmenti, aktivlar va passivlarni boshqarish;
investitsiya loyihalarini har tomonlama ekspertiza qilish va mablagʻ bilan taʼminlash;
xalqaro moliya bozorlaridagi operatsiyalar;
bank auditi;
b) xalqaro bank ishidagi eng yangi yutuqlarga muntazam ravishda oʻqitish yoʻli bilan bank rahbar xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
v) mamlakatda moliya-pul tizimini va bank ishini bosqichma-bosqich rivojlantirish strategiyasi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish.
4. Akademiya yuridik va jismoniy shaxslar bilan tuziladigan shartnomalar asosida bank va moliya sohasi mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni, shuningdek shartnomalar va davlat buyurtmasi asosida ilmiy tadqiqotlarni va axborot-tahliliy ishlarni amalga oshiradi.
5. Akademiya yuridik shaxs hisoblanadi, mustaqil balansga, bank muassasalarida milliy va xorijiy valyutadagi hisob-kitob schyotlariga, oʻz nomi davlat tilida yozilgan gerbli muhrga, dumaloq muhrlar va shtamplarga hamda uning faoliyati uchun zarur boʻlgan boshqa belgilar va rekvizitlarga ega boʻladi.
II. OʻQUV JARAYONINI TASHKIL ETISH
6. Akademiya oʻquv va taʼlim faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy hayotini rivojlantirishning zamonaviy talablari hisobga olingan holda ishlab chiqilgan oʻquv rejalari va dasturlar, shuningdek moliya va bank ishi sohasidagi xalqaro taʼlim standartlari talablari asosida amalga oshiradi.
Oʻqitish dasturlar boʻyicha olib boriladi, ularning xususiyati oʻqitishning maqsadlari va ixtisoslashuviga bogʻliq boʻladi.
Oʻqitish muddatlari va hajmi turlicha boʻlgan aniq yoʻnalishlar boʻyicha maxsus va fakultativ kurslar tashkil etilishi mumkin.
Oʻquv, taʼlim va kasbga oʻqitish dasturlari buyurtmachining ehtiyojlarini, shuningdek, tegishli mutaxassislik boʻyicha tayyorlash darajasiga davlat talablarini hisobga olgan holda Akademiya tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqiladi, tasdiqlanadi va amalga oshiriladi. Dasturlarning boʻlishi majburiy hisoblanadi.
7. Mutaxassislar tayyorlash, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kunduzgi oʻqish shaklida olib boriladi. Talabalar qabul qilish tartibi, oʻqitish muddatlari va shakllari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining nizomlariga muvofiq belgilanadi; kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Akademiya tomonidan oʻqitish maqsadlariga bogʻliq ravishda belgilanadi.
8. Bank-moliya sohasi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish manfaatdor banklar va moliya muassasalari hamda alohida shaxslar bilan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Qayta tayyorlash va malaka oshirishga jalb qilinadigan banklarning rahbar xodimlari uchun oʻqish davrida asosiy ish joyi boʻyicha oʻrtacha ish haqi saqlab qolinadi. Boshqa shaharlik tinglovchilarga shuningdek oʻqish davrida amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq asosiy ish joyi boʻyicha sutkalik xarajatlar toʻlanadi hamda yoʻllovchi bank yoki moliya organi hisobidan oʻqish joyiga borish-kelish yoʻl haqi toʻlanadi. Boshqa shaharlik talabalar va tinglovchilar oʻqish davrida yotoqxona bilan taʼminlanadilar.
9. Oʻqituvchilikka respublika ilmiy-tadqiqot institutlari, oliy oʻquv yurtlari, vazirliklari va idoralarining, banklarning yetakchi mutaxassislari, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning olimlari va mutaxassislari oʻrindoshlik tarzida ishlash va soatbay haq toʻlash shartlari bilan jalb qilinadi.
Xorijiy mamlakatlarning olimlari va mutaxassislari Akademiyada ishlash uchun kontrakt asosida jalb qilinadi.
10. Akademiya talabalar va tinglovchilarni oʻqitish vositalari (oʻquv adabiyoti va boshqa adabiyotlar, audiovizual va texnik vositalar) bilan taʼminlaydi. Oʻzbekistonlik va boshqa davlatlarning talabalari va tinglovchilari kontrakt asosida oʻqiydilar.
11. Akademiya talabalar va tinglovchilar bilimlarini tekshirishni, oʻqish natijalarini kompleks baholashni eng avvalo test sinovlari asosida, shuningdek diplom ishlari, referatlar himoya qilish, maxsus tashkil etiladigan komissiyalar tomonidan suhbatlar oʻtkazish asosida amalga oshiradi. Akademiyada taʼlim dasturlarini oʻzlashtirish majburiy davlat yakuniy attestatsiyasi oʻtkazish va diplom loyihalarini tayyorlash bilan nihoyasiga yetkaziladi.
12. Oʻquv kursini tugatgan tinglovchilarga belgilangan namunadagi hujjatlar beriladi.
13. Aspiranturaga, doktoranturaga qabul qilish va tadqiqotchilarni biriktirib qoʻyish qoidalari Akademiya Ilmiy kengashi tomonidan belgilanadi.
III. ILMIY-TADQIQOT ISHLARINI TASHKIL ETISH
14. Akademiya:
Oʻzbekiston Respublikasida pul-moliya tizimini va bank ishini rivojlantirish strategiyasini;
Oʻzbekiston Respublikasi yagona va mintaqaviy bozorlarini kompleks va uygʻun rivojlantirish hamda ularning xalqaro moliyaviy bozorlar tizimiga bosqichma-bosqich integratsiyalashuvi dasturlarini;
banklarni va moliyaviy mexanizmni boshqarishning huquqiy va normativ bazasini takomillashtirishga oid tavsiyalarni ishlab chiqish boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlarni tashkil etish ishlarini maqsadli va muntazam amalga oshiradi.
15. Koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarni amalga oshirish uchun Akademiya tuzilmasida Bank-moliya tizimini rivojlantirish tadqiqotlari markazi tashkil etiladi. Markaz bank-moliya tizimining turli jihatlarini rivojlantirish muammolari va istiqbollarini oʻrganish uchun shartnomalar yoki davlat buyurtmasi asosida vaqtinchalik ilmiy jamoalar tashkil etadi.
16. Markaz qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi, shuningdek xorijiy mamlakatlarning olimlari va amaliyotchi xodimlarini shartnoma asosida jalb etadi.
17. Tadqiq etiladigan muammolar tuzilmasi, mavzusi va olib borilayotgan faoliyat toʻgʻrisidagi hisobotlar Akademiya Ilmiy kengashi tomonidan eshitiladi va tasdiqlanadi.
IV. AKADEMIYANING PROFESSOR-OʻQITUVCHILAR TARKIBI VA BOSHQA XODIMLARI
18. Akademiyada professor-oʻqituvchilar va ilmiy tarkib, muhandis-texnik, maʼmuriy, ishlab chiqarish, yordamchi va boshqa xodimlar lavozimlari nazarda tutiladi. Barcha lavozimlar mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha egallanadi.
19. Akademiyaning professor-oʻqituvchilar va ilmiy tarkibi quyidagilarga majburdir:
oʻquv jarayonining yuqori samarali boʻlishini taʼminlash, talabalar va tinglovchilarda tashabbuskorlikni va ijodiy qobiliyatni, ilmiy izlanishga intilishni rivojlantirish;
taʼlim mazmunining yuqori saviyada boʻlishini taʼminlaydigan ilmiy tadqiqotlarni olib borish;
ichki tartib qoidalariga rioya qilish.
20. Akademiyada siyosiy partiyalar, ijtimoiy-siyosiy va diniy harakatlar tashkil etilishiga va ularning faoliyat koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
21. Oʻquv-yordamchi va maʼmuriy-xoʻjalik xodimlarining huquq va majburiyatlari ichki tartib qoidalari hamda lavozim yoʻriqnomalari bilan belgilanadi.
V. AKADEMIYANI BOSHQARISH
22. Akademiya faoliyatiga rahbarlikni rektor, u boʻlmagan hollarda — oʻquv ishlari boʻyicha prorektor amalga oshiradi.
23. Akademiya rektori Oʻzbekiston banklar uyushmasi Kengashining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Akademiya prorektorlari Akademiya rektorining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston banklar uyushmasi Kengashi tomonidan tayinlanadilar va ozod etiladilar.
24. Akademiya faoliyatining asosiy masalalarini koʻrib chiqish uchun rektor boshchilik qiladigan va tasdiqlaydigan Akademiya Ilmiy kengashi tashkil etiladi.
Akademiya Ilmiy kengashi tarkibiga Akademiyaning prorektorlari, ilmiy kotibi, kafedra mudirlari, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahliliy boʻlinmalari rahbarlari, Akademiyaning yetakchi olimlari va xodimlari, shuningdek boshqa oʻquv va ilmiy muassasalarning yetakchi olimlari, respublikaning yetakchi moliya va bank muassasalari vakillari kiradilar.
Akademiya Ilmiy kengashi:
oʻquv, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahliliy ishlar, kadrlar tayyorlash, xalqaro aloqalarni amalga oshirish masalalarini, shuningdek Akademiyaga qarashli filiallar, institutlar va boshqa tashkilotlarning faoliyati masalalarini hal qiladi;
oʻquv dasturlarini, oʻquv rejalarini va manfaatdor tashkilotlar ishtirokida ishlab chiqilgan alohida kurslar dasturlarini tasdiqlaydi;
Bank-moliya tizimini rivojlantirish tadqiqotlari markazining tuzilmasini, tadqiq etilayotgan muammolar mavzularini hamda olib borilayotgan faoliyat toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitadi va tasdiqlaydi;
Akademiya, uning boʻlinmalari rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi;
oʻqituvchilar tarkibidagi Akademiya xodimlariga dotsent va professor ilmiy unvonlari berish masalalarini belgilangan tartibda hal qiladi;
Akademiyaning faxriy doktori darajasini beradi.
Ilmiy kengash qarori Akademiya rektori tomonidan tasdiqlangandan keyin kuchga kiradi.
25. Akademiya rektori:
davlat hokimiyati va boshqaruvi barcha organlarida, muassasalar va tashkilotlarda Akademiya nomidan vakillik qiladi;
Akademiya Ilmiy kengashi toʻgʻrisidagi nizomni va uning tarkibini, Akademiya boʻlinmalari, uning filiallari, unga qarashli muassasalar va tashkilotlar toʻgʻrisidagi ustavlar va nizomlarni tasdiqlaydi;
oʻquv-ilmiy, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy boʻlinmalar rahbarlarini, fakultetlarning dekanlarini va kafedra mudirlarini tasdiqlaydi;
Akademiyaning kafedralari, oʻquv-ilmiy, ilmiy-tadqiqot, axborot-tahliliy va boshqa boʻlinmalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish haqida qarorlar qabul qiladi;
tinglovchilar, aspirantlar, doktorantlarni qabul qilish qoidalarini va tadqiqotchilar bilan ishlash tartibini belgilaydi;
Akademiyaning moliyaviy faoliyati masalalarini hal qiladi;
Akademiyaning mulki va mablagʻlarini belgilangan tartibda tasarruf etadi;
barcha xodimlar va Akademiyada oʻqiyotganlar bajarishlari majburiy boʻlgan buyruqlar, yoʻriqnomalar va farmoyishlar chiqaradi;
Akademiya va uning boʻlinmalari xodimlarini ishga qabul qiladi va ishdan boʻshatadi, Akademiyada yollanib ishlash boʻyicha kontraktlar tuzadi;
Akademiyani mablagʻ bilan taʼminlash xarajatlari smetasini tasdiqlaydi;
boʻlinmalar uchun lavozimlar roʻyxatini belgilaydi, lavozim maoshlari sxemalarini, oylik tarif stavkalari va mehnatga soatbay haq toʻlash miqdorlarini mavjud mablagʻlar doirasida tasdiqlaydi;
professor-oʻqituvchilar tarkibining oʻquv ish normalarini, oʻqitish va Akademiya koʻrsatadigan boshqa xizmat turlari uchun haq toʻlash miqdorlarini tasdiqlaydi;
Akademiya xodimlari mehnatiga haq toʻlash va ularni mukofotlash shakllarini belgilaydi;
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va mazkur Ustavga muvofiq boshqa faoliyatni amalga oshiradi.
26. Akademiya rektori oʻzining ayrim vakolatlarini Akademiyaning prorektoriga va boshqa mansabdor shaxslariga berish huquqiga egadir.
VI. AKADEMIYANING MOLIYA-XOʻJALIK FAOLIYATI
27. Oʻzbekiston banklar uyushmasi ajratgan mablagʻlar, budjetdan ajratilgan mablagʻlar, turli davlat va xususiy banklar, korxonalar, shu jumladan xorijiy korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar, shuningdek grantlar, texnik yordam va xalqaro moliya institutlari za xorijiy banklarning homiylik badallari Akademiya moliya-xoʻjalik faoliyatining asosi hisoblanadi.
28. Akademiyaga quyidagi huquqlar beriladi:
belgilangan tartibda noshirlik faoliyatini amalga oshirish, yiliga 4-marta chiqadigan bank-moliya jurnalini nashr etadi;
Akademiyaga ajratilgan mablagʻlar yoki oʻz daromadi hisobiga davlat yoki tijorat korxonalaridan zarur asbob-uskunalarni va boshqa moddiy resurslarni sotib olish, ijaraga olish, ularga buyurtma berish;
Akademiyaga tegishli boʻlgan mulkka, xoʻjalik va boshqa xil faoliyatdan olingan mahsulotga, daromadlarga, shuningdek amaldagi qonunchilik yoʻl qoʻyadigan boshqa asoslar boʻyicha sotib olingan mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish;
ilmiy, axborot-tahliliy mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotish;
Akademiya tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarga va koʻrsatiladigan xizmatlarga tariflar, narxlar va baholarni mustaqil ravishda belgilash;
moddiy-texnik bazani rivojlantirish, Akademiya xodimlariga va taklif etilgan mutaxassislarga mehnat haqi toʻlash, ularni moddiy ragʻbatlantirish, uy-joy-turmush sharoitlarini yaxshilash, shuningdek mazkur Ustavda nazarda tutilgan ijtimoiy va boshqa vazifalarni hal qilish uchun budjetdan ajratiladigan mablagʻlar bilan bir qatorda ishlab topilgan va boshqa shaxslar hamda tashkilotlardan olingan mablagʻlarni oʻz ixtiyoriga koʻra sarflash.
Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan va mazkur Ustavga zid boʻlmagan boshqa faoliyatni amalga oshirish.
29. Akademiya bank kreditidan foydalanadi va kredit shartnomalarining bajarilishi va hisob-kitob intizomiga rioya qilinishi uchun javob beradi. Pul mablagʻlarini saqlash va hisob-kitob, kredit hamda kassa operatsiyalarining barcha turlarini amalga oshirish uchun bank muassasalarida oʻzining schyotlari (shu jumladan, valyuta schyotlari)ga ega boʻladi.
30. Akademiyada oʻz mablagʻlari va oʻziga qarashli muassasalarning xoʻjalik faoliyatidan olingan daromadlar, shuningdek jalb qilingan boshqa mablagʻlar hisobiga Akademiyani rivojlantirish jamgʻarmasi tashkil etiladi.
VII. XALQARO FAOLIYAT
31. Akademiya talabalar (tinglovchilar)ni tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ularni attestatsiyadan oʻtkazish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, kadrlar tayyorlash sohasida xorijiy tashkilotlar bilan kontraktlar tuzish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirish huquqiga egadir.
Akademiya talabalar (tinglovchilar) uchun oʻquv jarayonining zarur qismini va xodimlarning tajriba orttirishini yetakchi xorijiy ilmiy va oʻquv markazlarida, banklarda, xalqaro moliya tashkilotlarida va shu kabilarda mustaqil ravishda tashkil etadi.
32. Akademiyada xorijiy davlatlar fuqarolari malakasini oshirish va qayta tayyorlash, Akademiya professor-oʻqituvchilar tarkibi va talaba (tinglovchi)larining chet ellardagi pedagogik, ilmiy-tadqiqot ishlari va tajriba orttirishi tegishli bitimlar va kontraktlar asosida amalga oshiriladi.
VIII. AKADEMIYA FAOLIYATINI TOʻXTATISH
33. Akademiyani tugatish yoki qayta tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga muvofiq yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.