Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va “Elektron parlament” tizimini yanada rivojlantirish doirasida norma ijodkorligi jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun kompyuter texnikasi, server va kommunikatsiya uskunalari, shuningdek, dasturiy taʼminlash roʻyxati ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi bilan kelishgan holda, zarurat boʻlganda, ushbu qaror bilan tasdiqlangan roʻyxatga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish huquqi berilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda:
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi bilan kelishgan holda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun eng yaxshi takliflarini tanlash asosida ushbu qarorga ilovada koʻrsatilgan kompyuter texnikasi, server va kommunikatsiya uskunalarini, dasturiy taʼminlashni yetkazib berishga yetkazib beruvchilar va pudrat tashkilotlarini aniqlasin;
ushbu qaror bilan tasdiqlangan roʻyxatga muvofiq 2018-yil 25-dekabrgacha — kompyuter texnikasi, 2019-yil 1-fevralgacha — server va kommunikatsiya uskunalari, shuningdek, dasturiy taʼminlash —keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi apparatiga bepul berilgan holda belgilangan tartibda yetkazib berilishi va oʻrnatilishini tashkil etsin.
4. Quyidagilar:
kompyuter texnikasini xarid qilish va oʻrnatishga — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamgʻarmasi mablagʻlari;
server va kommunikatsiya uskunalarini, dasturiy taʼminlashni xarid qilish va oʻrnatishga — Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish uchun ushbu qarorga ilovada koʻrsatilgan kompyuter texnikasi, server va kommunikatsiya uskunalari, dasturiy taʼminlash, shuningdek, unga Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan va yetkazib beruvchilar va/yoki pudratchilar tomonidan olib kiriladigan ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar 2019-yil 1-avgustgacha boʻlgan muddatda bojxona toʻlovlaridan ozod qilinsin (bojxona yigʻimlari bundan mustasno).
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri D.A. Kuchkarov va Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.M. Sodiqov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 19-dekabr,
1035-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 20.12.2018-y., 09/18/1035/2352-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 29.12.2023-y., 09/23/688/0996-son)