Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TRANSPORT VA ALOQA SOHASIDAGI FAOLIYATNI LITSENZIYALASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASh HAQIDA
Keyingi tahrirga qarang.
Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 21-avgust 360-sonli “Transport sohasidagi faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisidagi Nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 19-apreldagi 215-son qaroriga muvofiq avtomobil, temir yoʻl, havo transporti va aloqa sohasida bozor munosabatlarini shakllantirishdagi faoliyatning baʼzi turlari bilan shugʻullanishga maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasida temir yoʻl, havo va avtomobil transportida yuk va yoʻlovchilar tashish hamda aloqa sohasidagi faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisida nizomlar 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Transport va aloqa sohasidagi faoliyatni litsenziyalash boʻyicha Vazirlar Mahkamasining komissiyasi tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
Komissiya bir oy muddatda ish reglamentini ishlab chiqsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qoʻyilsinki, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, transport va aloqa sohasida faoliyat olib boruvchi korxonalar (tashkilotlar) 1996-yil 1-sentabrgacha transport va aloqa sohasidagi faoliyatiga maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) olishlari kerak.
Belgilangan muddatda maxsus ruxsatnoma (litsenziya) olmagan korxonalar (tashkilotlar)ning transport va aloqa sohasidagi faoliyati noqonuniy hisoblanadi va ularning faoliyatning ushbu turidan olgan daromadi tegishli budjetga olib qoʻyiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 25-iyuldagi 287-son qaroriga 6-ilovaning 5-bandi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari K.R. Rahimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1996-yil 12-may,
175-son
Temir yoʻl, havo va avtomobil transportida yuk va yoʻlovchilar tashish boʻyicha faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasida yuk va yoʻlovchilarni transportda tashishni litsenziyalash harakat va uchish xavfsizligini taʼminlash, transport obyektlaridan foydalanishda ekologiya normalariga rioya qilish va transport xizmati bozorining normal ishlashi, ushbu xizmatlar isteʼmolchilari manfaatlarini himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.
2. Yuk va yoʻlovchilar tashishning quyidagi turlari litsenziyalanadi:
a) temir yoʻl transportida:
yoʻlovchilar tashish;
yoʻlovchilarni xalqaro tashishlar;
yuk tashish;
yuklarni xalqaro tashishlar;
vokzallar faoliyati;
yuk saroylari faoliyati;
respublika ichidagi transport-ekspeditorlik faoliyati;
xalqaro transport-ekspeditorlik faoliyati;
b) avtomobil transportida:
shaharda yoʻlovchilar tashishlar;
shahar atrofida va shaharlararo yoʻlovchilar tashishlar;
yoʻlovchilarni xalqaro tashishlar;
shaharda yuk tashishlar;
shahar atrofida va shaharlararo yuk tashishlar;
yuklarni xalqaro tashishlar;
avtovokzallar, avtostansiyalar va avtokassalar faoliyati;
respublika ichida transport-ekspeditsiya xizmati koʻrsatish;
xalqaro transport-ekspeditsiya xizmati koʻrsatish;
v) havo transportida:
mahalliy havo yoʻllarida yuk tashish;
mahalliy havo yoʻllarida yoʻlovchilar tashish;
xalqaro havo yoʻllarida yuk tashish;
xalqaro havo yoʻllarida yoʻlovchilar tashish;
aeroportlarda havo kemalari, yoʻlovchilar va yuklarga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq faoliyat;
korxonalar va aholi ehtiyojlari uchun aviatsiya ishlari.
Korxonalar (tashkilotlar), bajariladigan ishlarga koʻra, yuk va yoʻlovchilar tashishlarning bir necha turi uchun litsenziyaga ega boʻlishlari mumkin.
3. Yoʻlovchilar, yuklar tashishlarning va aviatsiya ishlarining quyidagi turlari litsenziyalanmaydi:
a) Oʻzbekiston Respublikasining maxsus qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiriladigan;
b) aholi hayoti va salomatligini xavf ostiga qoʻyadigan hamda avariya-qutqaruv va tiklash ishlarini talab qiladigan tabiiy ofatlar, epidemiyalar, yirik avariyalar oqibatlarini tugatish bilan bogʻliq boʻlgan.
4. Litsenziya olish uchun komissiyaga quyidagilar taqdim etiladi:
a) belgilangan shakldagi ariza;
b) taʼsis hujjatlari yoki ularning tasdiqlangan nusxalari;
v) Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasi organlari tomonidan (aviatsiya tashishlari va ishlarini bajarish uchun berilgan) attestatsiya varaqasi nusxasi;
g) transportda tashishlarni taʼminlash, aviatsiya ishlari uchun korxona (tashkilot) ega boʻlgan harakat sostavi (havo kemalari) parki (turi, markasi va soni) toʻgʻrisida maʼlumotlar, shuningdek yuklash-tushirish mexanizmlari, omborxona binolari, maydonchalar, texnik xizmat koʻrsatish va harakatdagi sostavni, chipta-bosma apparatlarini tuzatish postlari, yoʻlovchilar uchun kutish joylari, transportga chiqarish maydonchalari mavjudligi va ularning holati toʻgʻrisida, shuningdek obyektlar, binolar, yer usti inshootlari hamda litsenziyalanadigan faoliyatni bajarish asbob-uskunalarining tayyorligi toʻgʻrisida maʼlumotlar va bajariladigan ishlarga koʻra zarur maʼlumotlar;
d) xalqaro tashishlarga xizmatlarni amalga oshirish (koʻrsatish)ga litsenziya berishda xalqaro tashishlarni tashkil etish bilan bogʻliq boʻlgan korxona (tashkilot)ning professional jihatdan yaroqliligini tasdiqlovchi hujjatlar va tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchisi guvohnomasining nusxasi qoʻshimcha ravishda talab qilinadi;
e) litsenziya berish uchun yigʻimni toʻlaganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar.
“g” va “d” kichik bandlarida koʻrsatilgan hujjatlar “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi va “Oʻzavtotrans” korporatsiyasining (faoliyat turiga koʻra) ekspert xulosasi bilan birga taqdim etiladi.
Korxona (tashkilot) rahbarlari taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgardirlar.
5. Litsenziyalar olish uchun davlat poshlinasi amaldagi qonunchilikka muvofiq undiriladi.
6. Litsenziya berish (bermaslik) haqidagi qaror toʻgʻri rasmiylashtirilgan hujjatlar olingandan keyin 10 kundan kechiktirilmay qabul qilinadi.
Komissiya hujjatlar tegishli ravishda rasmiylashtirilmay taqdim etilganda, shuningdek ular amaldagi qonunchilik va mazkur Nizom talablariga muvofiq kelmagan hollarda litsenziyalar berishni rad etish huquqiga ega. Litsenziya berishni rad etishga boshqa sabablar, shu jumladan maqsadga muvofiq emasligi tufayli yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror asoslangan boʻlishi va murojaat qiluvchiga yozma ravishda joʻnatilishi kerak.
Murojaat qiluvchi tomonidan hujjatlar qayta rasmiylashtirilgan taqdirda ular 5 kun muddatda qayta koʻrib chiqiladi.
7. Litsenziya berish:
a) harakatdagi sostav (havo kemalari), aviatsiya texnikasi yoxud boshqa shartlar tashishlar (parvozlar) xavfsizligini taʼminlash yoki amalga oshirilishiga ruxsat soʻraladigan faoliyat xususiyatiga oid belgilangan talablarga muvofiq boʻlmaganda;
b) murojaat qiluvchining ishlab chiqarish bazasi ekologik va boshqa belgilangan talablarga muvofiq kelmaganda;
v) aviatsiya tashishlari va ishlarini bajarish uchun ariza beruvchining attestatsiya varaqasi amalga oshirilishiga ruxsat soʻraladigan faoliyat xususiyatiga muvofiq boʻlmaganda;
g) taqdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganda;
d) ariza beruvchi qonunda belgilangan tartibda litsenziyalanadigan faoliyat boʻyicha nohalol raqobatchilikda aybdor deb tan olinganda;
e) Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda rad etiladi.
8. Litsenziyalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komissiyasining qaroriga binoan belgilangan shaklda 5 yil muddatgacha beriladi.
Ariza beruvchining asoslangan iltimosiga binoan litsenziyaning amalda boʻlishi muddati belgilangan miqdordagi poshlina toʻlangach yana shuncha muddatga uzaytirilishi mumkin. Litsenziyaning uzaytirilishi yozma ravishda tasdiqlanadi.
Litsenziyalarda amalda boʻlish hududlari va bajariladigan ishlarning turlari boʻyicha cheklashlar nazarda tutilishi mumkin.
Litsenziya harakatdagi sostav, texnik vositalar, binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, qurilmalar va boshqa obyektlardan foydalanishning amaldagi qoidalarida nazarda tutilgan zarur guvohnomalar, ish diplomlari, sertifikatlar va boshqa hujjatlarga ega boʻlish majburiyatidan ozod qilmaydi.
9. Litsenziyani boshqa shaxslarga berish man etiladi. Litsenziatning tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgarganda litsenziya uning berilishi uchun belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirilishi lozim.
10. Litsenziya egasi:
a) yoʻlovchilar va yuk tashish hamda ishlar bajarishda har bir avtotransport vositasida, havo kemasida maxsus litsenziya kartochkalarining boʻlishini taʼminlashga;
b) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik va normativ hujjatlariga, shuningdek litsenziya shartlariga rioya qilinishini taʼminlashga;
v) komissiya va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi hamda “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi talablariga binoan litsenziyalangan faoliyati haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishga;
g) oʻz tashkiliy-huquqiy shaklining oʻzgarganligi haqida bir hafta muddatda komissiyani xabardor etishga majburdir.
11. Litsenziya blanklari va litsenziya kartochkalari qatʼiy hisobdagi hujjatlar hisoblanadi, seriyasi va tartib raqamiga ega boʻlib matbaa yoʻli bilan tayyorlanadi.
12. Litsenziya shartlariga rioya etilishi ustidan nazorat “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi va “Oʻzavtotrans” korporatsiyasi tomonidan taʼminlanadi.
13. Litsenziya quyidagi hollarda komissiya tomonidan bekor qilinishi mumkin:
a) litsenziat arizasiga binoan;
b) agar litsenziya olish uchun takdim etilgan materiallarda haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar mavjudligi aniqlansa;
v) agar korxona (tashkilot) tomonidan litsenziyada belgilangan faoliyat turiga amal qilinmayotgan boʻlsa;
g) Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
14. Litsenziyani bekor qilishga asoslar aniqlangan hollarda komissiya korxona (tashkilot)ga tartib buzilishini tuzatish zarurligi haqida ogohlantirish xati beradi. Agar korxona (tashkilot) ogohlantirish xatini olgach 30 kun muddatda tartib buzilishini bartaraf etmasa komissiya litsenziyani bekor qiladi va tegishli faoliyatning toʻxtatilishi lozim boʻlgan muhlatni belgilaydi.
Litsenziyaning bekor qilingani haqidagi qaror nusxasi 3 kun muddatda korxona (tashkilot) va u joylashgan hududdagi hokimlikka joʻnatiladi.
Qaror nusxasi olingan kundan boshlab 10 kun muddatda litsenziya va litsenziya kartochkalari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” kompaniyasi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” aviakompaniyasi va “Oʻzavtotrans” korporatsiyasiga topshirilishi zarur.
15. Korxona (tashkilot) litsenziya berish rad etilganligi yoki uning bekor qilingani toʻgʻrisidagi qaror nusxasini olgandan soʻng 30 kun muddatda sudga arz qilish huquqiga ega.
16. Mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan faoliyatni litsenziyasiz yoki mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibni buzgan holda amalga oshirgan korxona (tashkilot)lar amaldagi qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Magistral va xalqaro aloqa liniyalarini loyihalashtirish, qurish hamda ulardan foydalanishga oid faoliyatni litsenziyalash toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasida elektr aloqa sohasida xizmatlar koʻrsatish yuzasidan faoliyatni litsenziyalash davlat hokimiyati, boshqaruvi, xavfsizlik organlari manfaatlari yoʻlida milliy aloqa tarmoqlarining barqarorligini taʼminlash; belgilangan ekologiya normalariga rioya etish; aloqa xizmati bozorining normal faoliyat koʻrsatishini taʼminlash; ushbu xizmat isteʼmolchilarining manfaatlarini himoya qilish maqsadida amalga oshiriladi.
2. Elektr aloqaning quyidagi turlarini loyihalash, qurish va ulardan foydalanish litsenziyalanadi:
a) aloqaning shaharlararo-telefon tarmoqlari;
b) aloqaning xalqaro telefon tarmoqlari;
v) umumiy foydalanishdagi uyali radioaloqa tarmoqlari;
g) umumiy foydalanishdagi shaxsiy radiochaqiruv;
d) maʼlumotlarni tayyorlash va uzatish tarmoqlari;
e) teleradioeshittirishlarni tarqatish.
Korxona (tashkilotlar bajariladigan ishlarga qarab faoliyatning bir necha turlari boʻyicha litsenziyaga ega boʻlishlari mumkin.
3. Elektr aloqa sohasida xizmat koʻrsatishning:
a) Oʻzbekiston Respublikasining maxsus qonunchilik hujjatlari asosida amalga oshiriladigan;
b) aholining hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyuvchi hamda avariya qutqaruv va qayta tiklash ishlari amalga oshirilishini talab qiluvchi tabiiy ofatlar, epidemiyalar, yirik avariyalar oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq boʻlgan faoliyat turlari litsenziyalanmaydi.
4. Litsenziya olish uchun Vazirlar Mahkamasi komissiyasiga:
a) belgilangan shakldagi ariza;
b) taʼsis hujjatlari yoki ularning tasdiqlangan nusxalari, korxona (tashkilotning roʻyxatdan oʻtkazilgan) haqidagi hujjatlar;
v) korxona (tashkilot) ega boʻlgan aloqaning texnik vositalari haqidagi maʼlumotlar, tarmoqlarni tashkil etish rejasi va bajariladigan ishlarga bogʻliq boʻlgan boshqa zarur maʼlumotlar;
g) xalqaro elektr aloqa (kabel, radiotele, sunʼiy yoʻldosh va boshqa kanallar va kommunikatsiya stansiyalari) xizmati koʻrsatishga litsenziya berishda qoʻshimcha tarzda korxona (tashkilot)ning Xalqaro elektr aloqa ittifoqida xalqaro operator sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi hujjat nusxasi va korxona (tashkilotning tashqi iqtisodiy aloqalar qatnashchisi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgani toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
d) litsenziya (berish uchun yigʻimning toʻlangani toʻgʻrisidagi hujjatlar taqdim etiladi.
“v” hamda “g” kichik bandlarida koʻrsatilgan hujjatlar Aloqa vazirligining tegishli ekspert xulosasi bilan birga taqdim etiladi.
Korxona (tashkilotlar rahbarlari taqdim etilgan maʼlumotlarning toʻgʻriligi uchun javobgardirlar.
5. Litsenziya olish uchun davlat poshlinalari amaldagi qonun hujjatlariga binoan olinadi.
6. Litsenziya berish (bermaslik) haqidagi qaror toʻgʻri rasmiylashtirilgan hujjatlar olingandan keyin 10 kundan kechikmay qabul qilinadi.
Komissiya hujjatlar tegishli ravishda rasmiylashtirilmay taqdim etilganda, shuningdek ular amaldagi qonunchilik va mazkur Nizom talablariga muvofiq kelmagan hollarda litsenziya berishni rad etish huquqiga ega. Litsenziya berishni rad etishga boshqa sabablar, shu jumladan maqsadga muvofiq emasligi tufayli yoʻl qoʻyilmaydi.
Liiyenziya berishni rad etiish toʻgʻrisidagi qaror asoslangan boʻlishi va murojaat qiluvchi yozma ravishda joʻnatilishi kerak.
Murojaat qiluvchi tomonidan hujjatlar qayta rasmiylashtirilgan taqirda u 5 kun muddatda qayta koʻrib chiqiladi.
7. Litsenziya berish:
a) aloqaning taqdim etilayotgan texnik vositalari va tarmoqlarni tashkil etish rejasi belgilangan talablarga javob bermaganda;
b) takdim etilgan hujjatlarda notoʻgʻri maʼlumotlar koʻrsatilganda;
v) ariza beruvchi qonunda belgilangan tartibda litsenziyalanadigan faoliyat boʻyicha nohalol raqobatchilikda aybdor deb tan olinganda;
g) Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda rad etiladi.
8. Litsenziyalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi komissiyasining qaroriga binoan belgilangan shaklda 5 yil muddatgacha beriladi.
Ariza beruvchining asoslangan iltimosiga binoan litsenziyaning amalda boʻlishi muddati belgilangan miqdordagi poshlina toʻlangach yana shuncha muddatga uzaytirilishi mumkin. Litsenziyaning uzaytirilishi yozma ravishda tasdiqlanadi.
Litsenziyalarda amalda boʻlish hududlari va bajariladigan ishlarning turlari boʻyicha cheklashlar nazarda tutilishi mumkin.
Litsenziya aloqaning texnik vositalari, binolar, inshootlar, asbob-uskunalar, qurilmalar va boshqa obyektlardan foydalanishning amaldagi qoidalarida belgilangan zarur guvohnomalar, ish diplomlari, sertifikatlar va boshqa hujjatlarning mavjud boʻlishi majburiyatidan ozod qilmaydi.
9. Litsenziyani boshqa shaxslarga berish man etiladi. Litsenziatning tashkiliy-huquqiy shakli oʻzgarganda litsenziya uning berilishi uchun belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirilishi lozim.
10. Litsenziya egasi:
a) ishlarni amalga oshirish va elektr aloqa xizmati koʻrsatishda obyektlar va mijozlarga xizmat koʻrsatish joylarida litsenziya nusxalarining mavjud boʻlishini taʼminlashga;
b) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik va normativ hujjatlariga, shuningdek litsenziya shartlariga rioya etilishini taʼminlashga;
v) Vazirlar Mahkamasi komissiya va Aloqa vazirligi talabi boʻyicha litsenziyalangan faoliyati haqidagi maʼlumotlarni taqdim etishga;
g) oʻz tashkiliy-huquqiy shaklining oʻzgarganligi haqida bir hafta muddatda komissiyani xabardor etishga majburdir.
11. Litsenziya blanklari va litsenziya kartochkalari qatʼiy hisobdagi hujjatlar hisoblanadi, seriyasi va tartib raqamiga ega boʻlib matbaa yoʻli bilan tayyorlanadi.
12. Aloqa vazirligi litsenziya shartlariga rioya etilishi ustidan nazoratni taʼminlaydi.
13. Litsenziya quyidagi hollarda komissiya tomonidan bekor qilinishi mumkin:
a) litsenziat arizasiga binoan;
b) agar litsenziya olish uchun taqdim etilgan materiallarda haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar mavjudligi aniqlansa;
v) agar korxona (tashkilotda litsenziyada belgilangan faoliyat turiga amal qilinmayotgan boʻlsa;
g) Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
14. Litsenziyani bekor qilishga asoslar aniqlangan hollarda komissiya korxona (tashkilotga tartib buzilishini tuzatishi zarurligi haqida ogohlantirish xati beradi. Agar korxona (tashkilot) ogohlantirish xatini olgach 30 kun muddatda tartib buzilishini bartaraf etmasa komissiya litsenziyani bekor qiladi va tegishli faoliyatning tugatilishi lozim boʻlgan muhlatni belgilaydi.
Litsenziyaning bekor qilingani haqidagi qaror nusxasi 3 kun muddatda korxona (tashkilot) va u joylashgan hududdagi hokimlikka joʻnatiladi.
Qaror nusxasi olingach 10 kun muddatda litsenziya va litsenziya kartochkalari Aloqa vazirligiga topshirilishi zarur.
15. Korxona tashkilot litsenziya berish rad etilgani yoki uning bekor qilingani toʻgʻrisida qaror nusxasini olgandan soʻng 30 kun muddatda sudga arz qilish huquqiga ega.
16. Mazkur Nizomning 2-bandida koʻrsatilgan faoliyatni litsenziyasiz yoki mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibni buzgan holda amalga oshirgan korxona (tashkilotlar amaldagi qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
(Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari toʻplami, 1996-y., 5-son, 14-modda)