Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
anglashuv Memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashini tashkil etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
1996-yil 24-dekabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida abadiy doʻstlik toʻgʻrisida Shartnomaga amal qilgan holda,
ikki davlat chegaraoldi viloyatlar oʻrtasida doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida oʻzaro anglashuvga erishdilar:
1. Ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor masalalarini samarali hal qilish hamda ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi bosh vazirlari boshchiligida Oʻzbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirgʻiziston Respublikasi Hukumatining chegaraoldi viloyatlardagi vakolatli vakillari Kengashini (keyingi oʻrinlarda “Kengash” deb yuritiladi) tashkil etadilar.
2. Kengash tarkibiga Oʻzbekiston tomonidan Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlari hokimlari, Qirgʻiziston tomonidan Qirgʻiziston Respublikasi Hukumatining Batken, Jalolobod va Oʻsh viloyatlaridagi vakolatli vakillari kiradi.
Kengash tarkibiga, shuningdek Tomonlar davlatlarining manfaatdor idoralari va jamoat tashkilotlari vakillari ham kiradi.
3. Kengash majlislarida taklif qilingan shaxslar (kelishuv asosida) ishtirok etishlari mumkin.
4. Kengash zaruriyatga koʻra doimiy yoki vaqtinchalik asosda ishchi guruhlar tuzishi mumkin.
5. Kengash majlislari bir yilda kamida ikki marotaba va navbat bilan Tomonlar davlatlari hududida oʻtkaziladi.
Kengash doirasida koʻrib chiqish taklif etilayotgan hujjatlar loyihalari va materiallar majlisdan kamida bir oy avval yuborilishi lozim.
Viloyatlar rahbarlari Kengash majlisida bevosita ularning vakillari hisoblanadilar.
6. Majlis faoliyatiga hududida Kengashning navbatdagi uchrashuvi oʻtkazilayotgan davlatning Bosh vaziri raislik qiladi, basharti Kengash boshqacha tarzda qaror qabul qilmasa.
7. Ortga qoldirib boʻlmaydigan masalalarni koʻrib chiqish uchun Tomonlardan birining tashabbusiga muvofiq navbatdan tashqari Kengash majlislari chaqirilishi mumkin.
Kengashning navbatdan tashqari majlislari tashabbus koʻrsatgan davlat hududida yoki Tomonlar kelishuviga muvofiq oʻtkaziladi.
8. Kengash quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
muntazam ravishda uch yillik muddatga qabul qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi chegaraoldi viloyatlari oʻrtasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish boʻyicha Qoʻshma tadbirlar rejasining amalga oshirilishini monitoring qilish;
chegaraoldi viloyatlar oʻrtasida barcha sohalardagi ikki tomonlama munosabatlar holatini doimiy monitoring va tahlil qilish, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi bilan Qirgʻiziston Respublikasi oʻrtasida oʻzaro munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan takliflar ishlab chiqish;
chegaraoldi viloyatlarning har tomonlama hamkorligini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish yuzasidan tavsiyalar tayyorlash;
savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish;
innovatsiya, fan, madaniyat, taʼlim sohalarida, shu jumladan tilni rivojlantirish, sogʻliqni saqlash, sport, turizm va boshqa oʻzaro manfaatli boʻlgan sohalarda qoʻshma loyihalar hamda mintaqalararo dasturlarni amalga oshirishga koʻmak koʻrsatish;
mintaqa boshqaruvi va hududlarni strategik rivojlantirish sohalarida mutaxassislar bilan almashinuv;
yuzaga kelayotgan masalalarning oʻz vaqtida hal etilishi yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish.
9. Kengash qarorlari konsensus asosida qabul qilinadi va ikki nusxada tuziladigan Bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.
Kengashning qabul qilingan qarorlarini bajarish maqsadida manfaatdor vazirliklar, idoralar va tashkilotlar tomonidan ularning ijrosi yuzasidan rejalar va dasturlar qabul qilinadi.
10. Qabul qiluvchi davlat Kengash majlisini oʻtkazish bilan bogʻliq xarajatlarni qoplaydi, Kengash majlisining oʻtkazilishi uchun zarur axborot, moddiy-texnik, transport va boshqa tashkiliy sharoitlarni yaratadi.
Yuboruvchi Tomon, basharti Tomonlar oʻrtasida boshqa ahdlashuv boʻlmasa, Kengash majlisida ishtirok etish uchun Kengashning milliy aʼzolari qismini yuborish boʻyicha xarajatlarni qoplaydi.
11. Majlis davomidagi va ular oraligʻidagi davrda Kengash faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi tashqi ishlar vazirliklari tomonidan amalga oshiriladi.
12. Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi va Qirgʻiziston Respublikasi ishtirokchi hisoblangan va oʻrnatilgan tartibda kuchga kirgan xalqaro shartnomalar hamda mazkur Memorandumga amal qiladi.
13. Kengashning ishchi tili rus tili hisoblanadi.
14. Tomonlarning oʻzaro roziligi asosida mazkur Memorandumga uning ajralmas qismi hisoblangan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
15. Mazkur Memorandum nomuayyan muddatga tuziladi va imzolangan sanadan kuchga kiradi.
Bishkek shahrida 2017-yil 6-sentabrda ikki asl nusxada oʻzbek, qirgʻiz va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Memorandumni talqin qilishda rus tilidagi matn qoʻllaniladi.
(imzolar)