Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
2004-yil 16-iyunda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida strategik sherikchilik toʻgʻrisidagi Bitimga va 2005-yil 14-noyabrda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi Shartnomaga tayanib,
sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalari Tomonlarning iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishidagi ustuvor rolini hisobga olib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi sanoat mahsulotlari bozorlarida oʻzaro manfaatli raqobat muhitini yaratish maqsadida,
oʻzaro manfaatli munosabatlar prinsipiga asoslangan Tomonlar davlatlari sanoat sohalarining muvofiqlashtirilgan ishlashini taʼminlashning muhimligini eʼtirof etib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasida sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalarida iqtisodiy hamkorlikning mumkin boʻlgan yangi yoʻnalish va shakllarining istiqbolini anglagan holda,
qoʻshma iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish ishida Tomonlarning kuch va imkoniyatlarini jamlash natijasida har bir Tomon uchun imkoniyatlar ochadigan afzalliklarni inobatga olib,
ikki davlat hududida amalda boʻlgan milliy qonunchilikka rioya qilgan holda hamda xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalarini hisobga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida uni quyidagi yoʻnalishlar va shakllarda amalga oshiradilar:
sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalaridagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, mumkin boʻlgan qoʻshma dastur va loyihalarning roʻyxatini shakllantirish;
Tomonlar sanoati toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalarining raqobatbardoshligi va barqaror rivojlanishini yuksaltirishdagi birgalikdagi harakatlarni va ikki davlat xoʻjalik yurituvchi subyektlari hamkorligini muvofiqlashtirish;
Tomonlar davlatlari sanoatining toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish;
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasida oʻzaro manfaatdorlik asosida sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalaridagi sanoat kooperatsiyasini shakllantirish va rivojlantirishga koʻmak koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududida toʻqimachilik, tikuv va trikotaj ishlab chiqarishini tashkil etish va kengaytirishga yoʻnaltirilgan qoʻshma korxonalarni tashkil etish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirishni ragʻbatlantirish;
Oʻzbekiston Respublikasida paxta tolasi, yigirilgan ip, toʻqima va trikotaj gazlamalari ishlab chiqarish boʻyicha korxonalar va (yoki) paxta-toʻqimachilik klastyerlarini ularda ishlab chiqarilgan mahsulotlarni kerakli hajmlarda raqobatbop narxlarda Rossiya Federatsiyasiga yetkazib berish uchun Rossiya investitsiyalarini jalb qilgan holda tashkil etish, shuningdek, Rossiya Federatsiyasida oʻzbek korxonalari ishtirokida pardozlov, tikuv va trikotaj ishlab chiqarishlarini va (yoki) klastyerlarini tashkil etish masalalarini ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududida koʻrgazma-yarmarka tadbirlarini oʻtkazish, savdo uylarini tashkil etish orqali sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalarida oʻzaro savdoni rivojlantirishga koʻmaklashish;
Tomonlar davlatlari toʻqimachilik korxonalari sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi xoʻjalik yurituvchi subyektlari uchun tashqi iqtisodiy faoliyat yuritishning qulay shart-sharoitlarini yaratish, shu jumladan, oʻzaro bojxona protseduralarini soddalashtirish;
Tomonlar davlatlari hududida paxta-toʻqimachilik klastyerlarini tashkil etish uchun Rossiya Federatsiyasi banklari moliyaviy mablagʻlarini jalb qilishda va ular tarafidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarni rossiyalik isteʼmolchilarga yetkazib berishda yordam koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasi sanoatining paxta-toʻqimachilik klastyerlari, toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalari korxonalari tarafidan ishlab chiqariladigan mahsulotlarning oʻzaro kelishilgan keng nomenklatura hajmlarida Rossiya korxonalari tarafidan xarid qilinishi uchun qulay shart-sharoitlarni kengaytirish;
Sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalaridagi Oʻzbekiston korxonalari tarafidan xomashyoni xarid qilishni, uni qoʻshimcha qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarga qayta ishlashni va Rossiya Federatsiyasiga eksport qilishni kreditlash uchun Rossiya Federatsiyasi banklari moliyaviy mablagʻlarini jalb qilishda koʻmak koʻrsatish;
Oʻzbekiston Respublikasidan toʻqimachilik yarimfabrikatlari va tayyor toʻqimachilik mahsulotlari tovarlar yoʻnalishlarini, shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasining Ivanovsk viloyatida va boshqa mintaqalarida logistik markazlarni shakllantirish doirasida jamlash va shaffofligini taʼminlash;
Tomonlar davlatlariga yuborish nazarda tutiladigan sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalari tovarlariga belgi qoʻyilishi va ular kuzatilishini joriy qilishda oʻzaro axborot va metodologik koʻmak koʻrsatish;
Tomonlar davlatlarining ilmiy-ishlab chiqarish, ilmiy- tadqiqot muassasalari va oliy taʼlim muassasalari ishtirokida sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalarida ilmiy tadqiqotlar yoʻnalishida axborot hamkorligi va tajriba almashinuvi;
Tomonlar davlatlarining oliy taʼlim muassasalari bazasida muhandis va ilmiy (aspirantlar, doktorantlar) kadrlar tayyorlash;
sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalarida ishlab chiqarishning zamonaviy standartlarini ishlab chiqish va joriy etishda birgalikdagi ishlarni tashkil etish va oʻtkazish.
2-modda
Tomonlar mazkur Bitimga muvofiq Tomonlar davlatlari qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga rioya qilgan holda oʻzlarining vakolat berilgan (vakolatli) organlari orqali sanoatning toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni amalga oshiradilar.
Tomonlarning vakolat berilgan (vakolatli) organlari Tomonlar davlatlari sanoatining toʻqimachilik, tikuv va trikotaj sohalarini rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatlashuv oʻtkazish, axborot, fikr almashish orqali hamkorlikni amalga oshiradilar.
Mazkur Bitimning qoidalarini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan vakolat berilgan (vakolatli) organlar quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi va “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi;
Rossiya Federatsiyasi tomonidan — Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi.
Vakolat berilgan (vakolatli) organlarga taalluqli oʻzgartirishlar toʻgʻrisida Tomonlar bir-birlarini diplomatik kanallar orqali zudlik bilan xabardor etadilar.
3-modda
Aniq loyihalarni amalga oshirishning moliyaviy va tashkiliy masalalari loyihalar ishtirokchilarining alohida ikki tomonlama bayonnomalari va shartnomalari doirasida koʻrib chiqiladi va amalga oshiriladi.
4-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro roziligiga koʻra tegishli bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan, uning ajralmas qismi hisoblanadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
5-modda
Tomonlar oʻrtasida mazkur Bitimni qoʻllash va talqin qilishda yuzaga keladigan nizoli masalalar Tomonlar oʻrtasida oʻzaro maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
6-modda
Mazkur Bitim imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi, besh yil davomida amal qiladi, basharti Tomonlardan biri uning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida tegishli muddat tugagunga qadar kamida olti oy oldin boshqa Tomonni yozma shaklda xabardor qilmasa, u keyingi besh yillik muddatlarga oʻz-oʻzidan uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2018-yil 19-oktabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, bunda har ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)