Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oliy taʼlim va fan sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
taʼlim va fan sohasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga intilib,
oliy taʼlim va fan sohasidagi hamkorlik ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarni chuqurlashtirishiga va oʻzaro yaxshi anglashuvga koʻmaklashishiga ishonch bildirib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar oliy taʼlim va fanning turli sohalarida, xususan, oliy taʼlim muassasalari va ilmiy-tadqiqot muassasalari, professor-oʻqituvchilar tarkibi va olimlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytiradilar.
2-modda
Tomonlar kuyidagi yoʻnalishlarda hamkorlik qiladilar:
a) Tojikiston Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik oʻrnatish;
b) professor-oʻqituvchilar tarkibi, aspirantlar (tadqiqotchilar) va talabalar almashinuvi;
v) ikki mamlakat talabalarining taʼlim va ilmiy faoliyatda oʻzaro ishtiroki;
g) oliy taʼlim va oliy taʼlimdan keyingi taʼlim sohasida oʻquv, ilmiy-uslubiy materiallar almashinuvi;
d) oliy taʼlim muassasalari talabalari va oʻquvchilari uchun qoʻshma ilmiy konferensiyalar, simpoziumlar, olimpiadalar va tanlovlar oʻtkazish;
e) ikki mamlakatning ilmiy jurnallari va boshqa nashrlarida maqolalar eʼlon qilish;
j) diplom ishlari va dissertatsiyalar himoyasi boʻyicha komissiyalar va ixtisoslashtirilgan kengashlar ishida birgalikda ishtirok etish;
z) hamkorlikning oʻzaro manfaatli boshqa yoʻnalishlari.
3-modda
Tomonlar oʻqituvchilar va mutaxassislarni, ilmiy-pedagogik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, Tomonlar oʻz davlatlarining manfaatdor tashkilotlari oʻrtasida tuzilishi mumkin boʻlgan toʻgʻridan toʻgʻri shartnomalar orqali qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish sohasidagi hamkorlikni rivojlantiradilar.
4-modda
Har bir Tomon boshqa Tomon davlatining fuqarolariga oʻz davlatining tili, madaniyati, milliy tarixi, adabiyoti, joʻgʻrofiyasi, urf-odatlari va anʼanalari bilan tanishish imkoniyatini beradigan shart-sharoitlar yaratishga intiladi.
5-modda
Tomonlar mazkur Bitimning amalga oshirilishi uchun masʼul boʻlgan quyidagi ijro organlarini belgilaydilar:
Tojikiston Respublikasi Hukumati nomidan — Tojikiston Respublikasi Taʼlim va fan vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi.
6-modda
Taʼlim va almashinuvning moliyaviy va boshqa shartlari muzokaralar, rasmiy xatlar almashish yoki boshqa alohida kelishuvlar tuzish orqali aniqlanadi.
7-modda
Tomonlar taʼlimga oid hujjatlar, ilmiy darajalar va unvonlarning tan olinishi sohasida axborot almashish va maslahatlashuvlar oʻtkazish maqsadida hamkorlik qiladilar.
8-modda
Tomonlar ikkala mamlakat fuqarolariga milliy tarkibiy qismlarga ega boʻlgan dasturlarni oʻrganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadidagi saʼy-harakatlarni amalga oshiradilar.
9-modda
Tomonlar tajriba almashish va hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, mazkur Bitimning qoidalari lozim darajada bajarilishini koʻrib chiqish va baholash maqsadida oliy taʼlim sohasida ekspertlar almashinuvini amalga oshiradilar.
10-modda
Mazkur Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
11-modda
Mazkur Bitim Tomonlar davlatlari ishtirok etadigan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan Tomonlarning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
12-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv va muzokaralar orqali hal etiladi.
13-modda
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Har bir Tomon mazkur Bitimning amal qilishini boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma xabarnoma yuborish orqali tugatishi mumkin. Mazkur Bitimning amal qilishi boshqa Tomonning tegishli xabarnomani olgan sanasidan boshlab uch oy oʻtgach tugatiladi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi uning amal qilishi davrida boshlangan dastur va loyihalarning bajarilishiga daxl qilmaydi.
Dushanbe shahrida, 2018-yil 8-martda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)