Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 1-avgustdagi PF-5495-son Farmoni)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 1-avgustdagi PF-5495-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Vazirliklar va idoralar oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Xolmuradov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-noyabr,
963-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 27-noyabrdagi 963-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 19-avgustdagi 423-son qarori bilan tasdiqlangan Boj stavkalari, yigʻimlar va soliq boʻlmagan boshqa toʻlovlarning tariflari (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 3-son, 16-modda) IX boʻlimining rus tilidagi matnida:
a) 2-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
| “do trex let |
350 dollarov SShA”; |
|
b) 3-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
| “do trex let |
300 dollarov SShA”. |
|
Keyingi tahrirga qarang.
2. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 3-noyabrdagi 533-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 11-son, 49-modda) bilan tasdiqlangan Davlat boji stavkalarining 9-bandi ikkinchi xatboshidagi “oʻttiz ikki baravari” soʻzlari “oʻn baravari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 21-noyabrdagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan Xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasiga kelishlari va Oʻzbekiston Respublikasidan ketishlari tartibi 2-bandining “b” kichik bandiga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Investitsiya kiritish vaqtida Oʻzbekiston Respublikasida oʻrnatilgan eng kam oylik ish haqining 8 500 baravaridan kam boʻlmagan miqdorda xoʻjalik jamiyatlarining aksiyalari va ulushlarini sotib olish, shuningdek, xorijiy korxona tashkil etish shaklida Oʻzbekiston Respublikasiga investitsiya kiritgan xorijiy fuqarolarga koʻp martalik uch yillik viza beriladi va uning amal qilish muddati Oʻzbekiston Respublikasi hududidan chiqish zaruratisiz cheklanmagan miqdorda uzaytiriladi”.
4. Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 5-son, 37-modda):
a) quyidagi mazmundagi 31-band qoʻshilsin:
“31. Yer uchastkasini olib qoʻyish va uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni koʻchirish (keyingi oʻrinlarda obyektlar deb ataladi) toʻgʻrisidagi qarorlar faqat quyidagi maqsadlarda qabul qilinadi:
mudofaa va davlat xavfsizligi, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ehtiyojlari, erkin iqtisodiy zonalarni tashkil qilish va ularning faoliyat yuritishi uchun yerlarni taqdim etish;
xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish;
foydali qazilmalar konlarini aniqlash va qazib chiqarish;
avtomobil va temir yoʻllari, aeroportlar, aerodromlar, aeronavigatsiya obyektlari va aviatexnika markazlari, temir yoʻl transporti obyektlari, koʻpriklar, metropolitenlar, tonnellar, energetika tizimi obyektlari va elektr uzatish tarmoqlari, aloqa tarmoqlari, kosmik faoliyat obyektlari, magistral quvurlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini qurish (rekonstruksiya qilish);
aholi punktlari bosh rejalarini Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan obyektlarni qurish boʻyicha bajarish, shuningdek, qonunlar va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida toʻgʻridan toʻgʻri nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Yer uchastkalarini olib qoʻyishda obyektlarni buzishga koʻchmas mulkning bozor qiymati va olib qoʻyish sababli mulkdorga yetkazilgan zarar toʻliq qoplanganidan keyin ruxsat beriladi.
Jismoniy va yuridik shaxslarga noqonuniy qaror chiqarilishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli davlat organlarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplanadi va keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinadi”;
b) 8-bandda:
uchinchi — beshinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“buzilayotgan uylar, boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar qiymatini fuqarolarga toʻlash, shuningdek, yer uchastkasini olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash;
yer uchastkasini oʻzlashtirish davrida ikki yilgacha muddatga ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berib, buzilayotgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlarning bozor qiymati toʻliq toʻlangan hamda yer uchastkasini olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan boshqa zararlarni qoplagan holda, fuqarolarga yakka tartibda uy-joy qurish uchun belgilangan norma doirasida yer uchastkasi berish;
davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasi olib qoʻyilishi oqibatida yuridik shaxslarga avvalgisiga teng qiymatli mol-mulk berish yoki koʻchmas mulkning bozor qiymatini va yetkazilgan zararlarni qoplash”;
yettinchi-sakkizinchi xatboshilar quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“fuqarolarga va yuridik shaxslarga tegishli buzilishi kerak boʻlgan uylar, imoratlar va inshootlarni koʻchirish va yangi joyda tiklash, shuningdek, yer uchastkasini olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash;
yangi joyda uylar, imoratlar qurish hamda ularni fuqarolar va yuridik shaxslarga mulk qilib berish, shuningdek, yer uchastkasini olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorga yetkazilgan zararlarni qoplash”;
v) 18-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Uyni (kvartirani) buzish faqat koʻchmas mulkning bozor qiymati oʻrni toʻliq qoplanganidan va tomonlarning kelishuvi boʻyicha mulkdorga buzilayotgan uy (kvartira) oʻrniga turar joy berilgandan keyin amalga oshirilishi mumkin. Bunda yer uchastkasini olib qoʻyish munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zarar toʻliq qoplanadi”;
g) 25-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“25. Uy (kvartira) yakka tartibda uy-joy qurish uchun mulkdorga koʻchmas mulkning bozor qiymati va olib qoʻyish sababli mulkdorga yetkazilgan zarar toʻliq qoplanganidan va yer uchastkasi ajratilgandan, shuningdek, yer uchastkasini oʻzlashtirish davrida ikki yilgacha muddatga ijara shartnomasi asosida vaqtincha uy-joy berilgandan keyin buzilishi mumkin”;
d) 30-band oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
Keyingi tahrirga qarang.
5. Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-dekabrdagi 984-son qarori bilan tasdiqlangan Yangi uzilgan, quritilgan va qayta ishlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 12-son, 287-modda):
a) 11-bandning ikkinchi hatboshi chiqarib tashlansin;
b) 12-bandda:
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
uchinchi xatboshi ikkinchi xatboshi deb hisoblansin.
Keyingi tahrirga qarang.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2018-y., 09/18/963/2234-son; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.02.2019-y., 09/19/163/2663-son; 16.11.2019-y., 09/19/911/4028-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)