Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
2018 — 2021-yillarda kimyoviy, biologik, radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash sohasidagi xalqaro hujjatlarni bajarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Milliy harakatlar rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 6-maydagi 266-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2024-yil 1-sentabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan islohotlar milliy davlatchilikni qaror toptirish, xavfsizlik, huquq-tartibot, suverenitetni va davlat chegaralari daxlsizligini, qonun ustuvorligini taʼminlash uchun mustahkam asos yaratdi, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilish tizimini joriy etishga, fuqarolarning hayoti faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratishga koʻmaklashdi.
Xavfsizlikni taʼminlashning ustuvor yoʻnalishlaridan kelib chiqib, shuningdek, xavfsizlikning turli sohalarida hamkorlikni mustahkamlash, Oʻzbekiston atrofida mintaqada barqarorlik hamda yaqin qoʻshnichilikni saqlash prinsiplariga asoslangan xavfsizlik poyasini tashkil qilish, xorijda mamlakatning ijobiy nufuzini yanada mustahkamlash, kimyoviy, biologik, radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash sohasidagi xalqaro hujjatlarning toʻliq bajarilishini taʼminlashga qaratilgan puxta oʻylangan, oʻzaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
2018 — 2021-yillarda kimyoviy, biologik, radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash sohasidagi xalqaro hujjatlarni bajarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Milliy harakatlar rejasi (keyingi oʻrinlarda Milliy harakatlar rejasi deb ataladi) 1-ilovaga* muvofiq;
2018 — 2021-yillarda kimyoviy, biologik, radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlash sohasidagi xalqaro hujjatlarni bajarish yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Milliy harakatlar rejasini amalga oshirish boʻyicha ishchi guruh (keyingi oʻrinlarda Ishchi guruh deb ataladi) tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
1-2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Quyidagilar Milliy harakatlar rejasini amalga oshirish doirasida asosiy vazifalar etib belgilansin:
yadro, kimyoviy va biologik qurol-yarogʻ hamda uni yetkazib berish vositalarini noqonuniy koʻchirish va tarqatishning oldini olish;
vakolatli davlat organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash;
kimyoviy, biologik, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash hamda ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
eksport nazoratidagi tovarlar roʻyxatini tasdiqlash, shuningdek, kimyoviy, biologik, radiatsiya va yadro xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan boshqa vazifalarni oʻz vaqtida hamda sifatli bajarish.
3. Belgilansinki:
qoʻyilgan vazifalarning bajarilishini tashkil qilish, shuningdek, Milliy harakatlar rejasining oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirilishi uchun masʼuliyat “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasiga yuklanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
Milliy harakatlar rejasi xalqaro tashkilotlar, sherik mamlakatlar yoki donorlar tomonidan beriladigan mablagʻlar, shuningdek, Milliy harakatlar rejasi doirasida jalb etilgan tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
4. “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha hamkorlikdagi faoliyatni yoʻlga qoʻyish maqsadida Milliy harakatlar rejasini tegishli xalqaro tashkilotlarga oʻn kun muddatda, belgilangan tartibda yuborsin.
5. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi ommaviy axborot vositalarini jalb qilgan holda, Milliy harakatlar rejasining amalga oshirilishini muntazam yoritishni tashkil etsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.S. Sultanov va “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshligʻi B.V. Gʻulomov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 27-noyabr,
968-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 28.11.2018-y., 09/18/968/2232-son; 07.03.2019-y., 09/19/195/2712-son; 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son)