Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oxirgi yillarda respublikamizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznes yuritish uchun qulay muhit yaratish sohasida keng koʻlamli ishlar olib borildi.
Shu bilan birga, tahlil shuni koʻrsatadiki, hozirgi paytda tadbirkorlik va innovatsiyalar sohasidagi istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini samarali rivojlantirishga toʻsiq boʻlayotgan qator salbiy omillar mavjud, xususan:
birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik qonun hujjatlaridagi yuridik shaxslarning amaldagi tashkiliy-huquqiy shakllari birgalikdagi biznesni yuritish uchun bir qadar murakkab tartib-taomillarni nazarda tutadi. Natijada ayrim investorlar yangi yuridik shaxs tashkil etmasdan oʻzlarining boʻsh mablagʻlarini ogʻzaki shartnoma yoki qarz shartnomasi asosida yagona hissaga yoʻnaltiradilar yoki birlashtiradilar;
ikkinchidan, potensial investorlarni, ayniqsa, mustaqil ravishda tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil etishga kirishmaydigan va oʻz mablagʻlarini biznes yuritish uchun taklif qiladigan xorijiy investorlarni faol jalb qilish uchun huquqiy baza va tashkiliy platforma mavjud emas;
uchinchidan, rivojlangan davlatlardan farqli ravishda Oʻzbekiston Respublikasida biznesni yuritish asosan tavakkalchilik bir joyda toʻplangan sharoitlarda amalga oshiriladi, yaʼni pul mablagʻlarini jamgʻarish va ularni boshqarish bilan ayni bir shaxslar shugʻullanadi. Tavakkalchilikni taqsimlash mexanizmlari hamda investitsiya aktivlarini professional boshqaruvchilarining mavjud emasligi xorijiy investorlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasida investitsiya loyihalarini amalga oshirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilishda salbiy taʼsir qilmoqda;
toʻrtinchidan, tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi munosabatlarning haddan ziyod tartibga solinishi ular oʻrtasida sherikchilik munosabatlarining rivojlanishiga toʻsqinlik qilmoqda, buning natijasida biznesni yuritish va investitsiyalarni jalb qilishning zamonaviy prinsiplari amaliyotga asossiz ravishda sekin tatbiq etilmoqda.
Innovatsion gʻoyalar, startaplar, venchur loyihalarni moliyalashtirish, ilmiy-texnik ishlanmalar natijalarini ishlab chiqarishga tatbiq qilishni tezlashtirish va innovatsion mahsulotlarni xalqaro bozorga chiqarish tizimining barqaror zanjirini yaratish va rivojlantirish, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining investorlar, ayniqsa xorijiy investorlarning investitsiya hissalarini tezkor va samarali jalb etish maqsadida investitsiya va boshqaruv kompaniyalarini tashkil qilish amaliyotini kengaytirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Belgilansinki:
investitsiya kompaniyasi boshqaruv kompaniyasi tomonidan keyinchalik innovatsion va boshqa istiqbolli loyihalarga kiritish uchun malakali investorlarning jalb etilgan mablagʻlarini shakllantirish va jamlash bilan bogʻliq faoliyatni amalga oshiruvchi tijorat tashkiloti hisoblanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
boshqaruv kompaniyasi investitsiya kompaniyasining investitsiya hissasini ular oʻrtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq boshqaradigan tijorat tashkiloti hisoblanadi;
venchur fondi jamlangan pul mablagʻlarini faqatgina yuqori xavfli venchur loyihalariga investitsiya qilish uchun moʻljallangan, boshqaruv kompaniyasi boshqaruvidagi investitsiya kompaniyasi hisoblanadi;
malakali investorlar milliy valyutada va/yoki Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining hissa kiritilgan kundagi kursi boʻyicha xorijiy valyutada 500 million soʻmdan kam boʻlmagan miqdordagi pul mablagʻlari koʻrinishidagi investitsiya hissalarini investitsiya kompaniyalariga kiritgan yuridik va jismoniy shaxslar, shu jumladan xorijiy shaxslar hisoblanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
investitsiya hissalari malakali investor tomonidan investitsiya kompaniyasiga investitsiya faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan va investitsiya kompaniyasining ustav kapitaliga ulush hisoblanmaydigan pul mablagʻlari hisoblanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
boshqaruv va investitsiya kompaniyalari, agar qonun hujjatlarida boshqa holat nazarda tutilgan boʻlmasa, har qanday tashkiliy-huquqiy shaklda tuzilishi mumkin;
ustav kapitalida davlat ulushi boʻlgan yuridik shaxslar, davlat organlari, shuningdek siyosiy partiyalar, notijorat tashkilotlar, kasaba uyushmalari, jamoat fondlari va diniy tashkilotlar boshqaruv kompaniyasining taʼsischilari boʻlishi mumkin emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
3. Belgilab qoʻyilsinki:
investitsiya va boshqaruv kompaniyalarining faoliyati litsenziyalanmaydi;
boshqaruv kompaniyasi oʻzining taʼsis hujjati va qonun hujjatlari bilan belgilanadigan tarkibda va tartibda ichki audit xizmatini tashkil etishga majbur;
investitsiya kompaniyalari, boshqaruv kompaniyalari va malakali investorlar oʻrtasidagi munosabatlar faqatgina shartlari ular tomonidan mustaqil ravishda belgilanishi, shu jumladan birgalikdagi faoliyat jarayonida paydo boʻladigan nizolarni hal qilish shakli va usullarini tanlash erkin boʻlgan shartnoma asosida tartibga solinadi;
investitsiya kompaniyalari zayomlar, shu jumladan garov taʼminoti bilan yoki garov taʼminotisiz foizsiz zayomlar berish huquqiga ega;
investitsiya kompaniyasi oʻzining taʼsis hujjati va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har yili tashqi audit oʻtkazilishini tashkil etishga majbur;
investitsiya va boshqaruv kompaniyalarining faoliyatini monitoring qilish qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 22-yanvardagi PF-5308-son “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan quyidagilar 2023-yil 1-yanvarga qadar muddatga yagona ijtimoiy toʻlovdan tashqari, barcha turdagi soliq va majburiy toʻlovlar toʻlashdan ozod qilingan:
Keyingi tahrirga qarang.
yuqori texnologiyali tadbirkorlik loyihalari-startaplarni birgalikda moliyalashtirish uchun tashkil qilinadigan venchur fondlar;
venchur fondlardan birgalikda moliyalashtiriladigan yuqori texnologiyali loyihalar-startaplar.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi:
Keyingi tahrirga qarang.
Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda investitsiya va boshqaruv kompaniyalarining faoliyat mezonlari, turlarini belgilash va ularni, shu jumladan venchur moliyalashtirishni amalga oshirishdagi monitoringi toʻgʻrisidagi Nizom loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari, ommaviy axborot vositalarini jalb etgan holda investitsiya va boshqaruv kompaniyalarini tashkil etish, shuningdek, ular faoliyatiga investitsiyalar va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha doimiy ravishda keng tushuntirish va amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Fanlar Akademiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda investitsiya va boshqaruv kompaniyalari uchun malakali kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Belgilansinki:
ushbu Farmonning 2 — 4-bandlari yangi tuzilgan investitsiya va boshqaruv kompaniyalari faoliyati samaradorligini oʻrganish va baholash uchun tajriba tariqasida 2022-yil 1-yanvargacha amal qiladi;
Keyingi tahrirga qarang.
2022-yil 1-yanvargacha tashkil etilgan hamda oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan investitsiya va boshqaruv kompaniyalari oʻz faoliyatlarini belgilangan tartibda davom ettirishlari mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Davlat statistika boʻyicha qoʻmitasi, Davlat soliq qoʻmitasi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga:
(7-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-maydagi PF-5733-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.05.2019-y., 06/19/5733/3216-son)
Keyingi tahrirga qarang.
har yili, 1-dekabrga qadar, yangi tashkil etilgan boshqaruv va investitsiya kompaniyalari faoliyatining asosiy koʻrsatkichlari boʻyicha maʼlumotni;
2020-yil 1-yanvarga qadar muddatda, shu jumladan boshqaruv va investitsiya kompaniyalari, shuningdek, malakali investorlarning investitsiya faoliyatini tartibga soluvchi “Sherikchilik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasini;
Keyingi tahrirga qarang.
2021-yil 1-yanvarga qadar muddatda keyinchalik tegishli qaror qabul qilish uchun oʻtkazilgan eksperiment natijasi boʻyicha takliflarni kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.R. Xolmurodov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 24-noyabr,
PF-5583-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.11.2018-y., 06/18/5583/2221-son; 30.05.2019-y., 06/19/5733/3216-son; 28.09.2020-y., 06/20/6075/1330-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.04.2021-y., 06/21/6218/0398-son, 23.08.2021-y., 06/21/6280/0811-son, 30.12.2021-y., 06/21/42/1224-son; 13.10.2022-y., 06/22/233/0915-son)