Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati koʻrsatish sohasida toʻlov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 16-noyabrdagi PF-5241-son Farmoni)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati koʻrsatish sohasida toʻlov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 16-noyabrdagi PF–5241-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 15-iyuldagi 194-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 7-son, 72-modda) bilan tasdiqlangan Isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi A.J. Ramatov va Oʻzbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri M.X. Saliyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 23-noyabr,
950-son
Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 23-noyabrdagi 950-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Mazkur Qoidalar ichimlik suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish markazlashtirilgan tizimlaridan foydalanish sohasida suv quvurlari — kanalizatsiya xoʻjaligi tashkilotlari (keyingi oʻrinlarda ISKX tashkiloti deb ataladi) bilan isteʼmolchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni belgilaydi”.
2. 2-bandning yigirma oltinchi xatboshidagi “ikki” soʻzi “uch” soʻzi bilan almashtirilsin.
3. 49-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“49. Faoliyat koʻrsatayotgan ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga (shu jumladan, suv olish kolonkalari va oʻt oʻchirish gidrantlari, uyning kiritma va chiquvlariga ham) oʻzboshimchalik bilan ulanib olish, shuningdek, ushbu tizimlardan oʻzboshimchalik bilan foydalanish taqiqlanadi.
Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga (yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan) oʻzboshimchalik bilan ulanish holatlari aniqlangan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi oʻrinlarda Byuro deb ataladi) vakili tomonidan bu haqda uch nusxada dalolatnoma tuziladi, bir nusxadan oʻzboshimchalik bilan ulanib olgan subyektga va ISKX tashkilotiga topshiriladi. Ushbu dalolatnoma oʻzboshimchalik bilan ulanganning javobgarlik darajasini va ISKX tashkilotiga yetkazilgan zararni aniqlash uchun asos boʻladi hamda ISKX tashkiloti ushbu Qoidalarning 94-bandiga muvofiq suv sarfi va oqova suvlarni chiqarganlik uchun toʻlov summalarini toʻlash uchun ulanma egasiga toʻlov hujjati yozib beradi.
Isteʼmolchi dalolatnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda dalolatnomaga bu haqda tegishli yozuv kiritiladi. Bosh tortish ikki nafar guvoh yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakili tomonidan tasdiqlanishi lozim.
Bunda isteʼmolchi dalolatnomada uning mazmuni boʻyicha tushuntirish va eʼtirozlarni, shuningdek, imzolashdan bosh tortish sabablarini bayon etish huquqiga ega.
Oʻzboshimchalik bilan foydalanilgan suv sarfini qayta hisob-kitob qilish isteʼmolchini isteʼmolchilarga suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari koʻrsatish qoidalarini buzganlik uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibdagi javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimlariga oʻzboshimchalik bilan ulangan isteʼmolchi Byuro yoki Byuroning majburiy talabnomasiga asosan ISKX tashkiloti tomonidan tarmoqdan uziladi va bu haqda belgilangan tartibda uch nusxada dalolatnoma rasmiylashtiriladi”.
4. 50-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“50. Ichimlik suv taʼminoti va kanalizatsiya tizimidan ilgari uzib qoʻyilgan (oʻzboshimchalik bilan ulanish, qarzdorlik mavjud boʻlganda yoki shartnoma shartlari bajarilmaganda) shaxslarni qayta ulashda I guruh isteʼmolchilaridan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida, II va III guruh isteʼmolchilaridan eng kam oylik ish haqining oʻn baravari miqdorida toʻlov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablagʻlarni oʻtkazish orqali tarmoqqa qayta ulanadi”.
5. 51-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Bunda, isteʼmolchini tarmoqdan uzish yoki qayta ulash Byuro yoki Byuroning majburiy talabnomasiga asosan ISKX tashkiloti tomonidan amalga oshiriladi”.
6. 63-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“63. Suv oʻlchash uzeli ISKX tashkiloti tomonidan Byuro bilan birgalikda plombalanishi lozim. Plombalanmagan hisoblash asboblarini oʻrnatish va ulardan foydalanish taqiqlanadi.
Suvni hisobga olish asbobiga oʻrnatilgan plombani echish isteʼmolchining murojaatiga asosan ISKX tashkiloti tomonidan Byuro bilan birgalikda amalga oshiriladi va bu haqda dalolatnoma tuziladi”.
7. 65-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Suvni hisobga olish asbobini oʻrnatish, almashtirish, echish Byuro vakili ishtirokida amalga oshiriladi”.
8. 68-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“68. ISKX tashkiloti yoki Byuro vakili tomonidan suvni hisobga olish asbobining ishlamayotganligi aniqlansa yoki uning ish tartibiga ruxsatsiz aralashilgan yoki plombalari uzilgan boʻlsa, ushbu holatga aniqlik kiritilgan holda dalolatnoma tuziladi hamda ISKX tashkiloti yoki Byuro tomonidan isteʼmolchiga (subisteʼmolchiga) suvni hisobga olish asbobini 30 kun mobaynida navbatdan tashqari tekshiruvdan oʻtkazishga koʻrsatma beradi. Muddat koʻrsatma taqdim etilgan sanadan boshlab hisobga olinadi”.
9. 69-bandda:
birinchi va ikkinchi xatboshilardagi “ISKX tashkiloti” va “ISKX tashkiloti vakili” soʻzlari tegishli ravishda “ISKX tashkiloti yoki Byuro” va “ISKX tashkiloti yoki Byuro vakili” soʻzlari bilan almashtirilsin;
quyidagi mazmundagi xatboshi qoʻshilsin:
“Mazkur bandning birinchi xatboshida belgilangan tartibda ISKX tashkiloti yoki Byuro isteʼmolchiga ogohlantirish xati bermaganda, barcha guruh isteʼmolchilari tomonidan qiyoslovdan oʻtkazish muddati tugagan hisobga olish pribori orqali isteʼmol qilingan ichimlik suvi uchun qaytadan hisob-kitob qilish qatʼiyan man etiladi.
ISKX tashkiloti yoki Byuro isteʼmolchiga ogohlantirish xati yuborgandan soʻng belgilangan muddatda davriy qiyoslovdan oʻtkazilmagan hisoblash asbobining koʻrsatkichlari inobatga olinmaydi va hisob-kitob I guruh isteʼmolchilari uchun — ushbu Qoidalar 87-bandining “a” kichik bandi boʻyicha, II va III guruh isteʼmolchilari uchun — ushbu Qoidalar 87-bandining “b” kichik bandi boʻyicha hisob-kitob qilinadi”.
10. 70, 78, 80, 86 va 92-bandlardagi “ISKX tashkiloti” soʻzlari “ISKX tashkiloti va Byuro” soʻzlari bilan almashtirilsin.
11. 71-bandda:
birinchi va ikkinchi xatboshilardagi “ikki” soʻzi “uch” soʻzi bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “ISKX tashkiloti” soʻzlari “ISKX tashkiloti va Byuro” soʻzlari bilan almashtirilsin.
12. 73-bandning birinchi xatboshidagi “ISKX tashkilotini” soʻzlari “ISKX tashkiloti yoki Byuroni” soʻzlari bilan almashtirilsin.
13. 76-bandning birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“76. Byuro tomonidan isteʼmolchilar bilan hisob-kitob qilishga asos boʻladigan suvni hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlari har oyda 1-marta olinib, tegishli dalolatnoma bilan rasmiylashtirish orqali (2 nusxada dalolatnoma tuziladi va uning bir nusxasi isteʼmolchiga topshiriladi) isteʼmolchilarning maʼlumotlariga oʻzgartirishlar kiritiladi”.
14. 77-banddagi “ISKX tashkiloti” soʻzlari “Byuro” soʻzi bilan almashtirilsin.
15. 85, 90, 102, 111 va 112-bandlardagi “ISKX tashkiloti” soʻzlari “ISKX tashkiloti yoki Byuro” soʻzlari bilan almashtirilsin.
16. 91-banddagi “jismoniy shaxslar” soʻzlari “barcha guruh isteʼmolchilari” soʻzlari bilan almashtirilsin.
17. 93-bandda:
birinchi xatboshidagi “Kommunal” va “ISKX tashkilotiga” soʻzlari tegishli ravishda “Ichimlik” va “ISKX tashkiloti va Byuroga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
ikkinchi xatboshidagi “ISKX tashkiloti” soʻzlari “ISKX tashkiloti va Byuro” soʻzlari bilan almashtirilsin.
18. 97-banddagi “xususiy uy-joy egalari shirkatlari va ISKX tashkiloti” soʻzlari “xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, ISKX tashkiloti va Byuro” soʻzlari bilan almashtirilsin.
19. 98-bandning beshinchi xatboshidagi “budjet tashkilotlari” soʻzlari chiqarib tashlansin.
20. 99-banddagi “hisobidan amalga oshiriladi” soʻzlari “hisobidan va undan ortiq xonali uylarda shu tartibda amalga oshiriladi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
21. 100-banddagi “ISKX vakili” soʻzlari “Byuro vakili” soʻzlari bilan almashtirilsin.
22. 101-banddagi “kommunal” va “ISKX tashkiloti” soʻzlari tegishli ravishda “ichimlik” va “ISKX tashkiloti yoki Byuro” soʻzlari bilan almashtirilsin.
23. 105-bandning uchinchi va toʻrtinchi xatboshilaridagi “ISKX tashkiloti” soʻzlari “ISKX tashkiloti yoki Byuro” soʻzlari bilan almashtirilsin.
24. 107-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“107. ISKX tashkiloti vakillari ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun isteʼmolchilardan mustaqil ravishda toʻlov qabul qilishi taqiqlanadi”.
25. 108-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“108. I guruh isteʼmolchilari, avans tariqasida, kommunal xizmatlar (shuningdek, maxsus ustama) uchun 12 oydan koʻp boʻlmagan muddatga toʻlovlarni avvaldan amalga oshirib qoʻygan boʻlsalar, ular shu vaqt mobaynida tariflar (shuningdek, maxsus ustama miqdori)ning oʻzgarishi tufayli toʻlanadigan qoʻshimcha toʻlovlardan ozod etiladilar.
Barcha guruh isteʼmolchilari ichimlik suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati uchun hisobga olish priborlari mavjud boʻlganda oxirgi uch oyning oʻrtacha sarfi boʻyicha hamda hisobga olish priborlari mavjud boʻlmaganda oylik isteʼmol normasi boʻyicha keyingi oy uchun har oyning10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq toʻlashni amalga oshirishlari lozim.
Toʻlovning shartnomada belgilangandan kechiktirilgan har bir kuni uchun — yuridik shaxslar 0,4 foiz, jismoniy shaxslar esa 0,1 foiz penya toʻlaydilar. Ammo bu koʻrsatkich jami kechiktirilgan summaning 50 foizidan oshmasligi lozim.
Suv taʼminoti va oqova suvni chiqarish xizmatlari uchun qarzdorlik mavjud boʻlganda, I guruh isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyda propiska qilingan voyaga yetgan jismoniy shaxslar qarzdorlikni toʻlash boʻyicha solidar javobgar boʻladilar. Voyaga yetgan jismoniy shaxsning solidar javobgarligi u I guruh isteʼmolchiga tegishli boʻlgan turar joyga propiska qilingan vaqtdan boshlab vujudga keladi va propiskadan chiqarilgan vaqtgacha amal qiladi”.
26. 109-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“109. Barcha guruh isteʼmolchilari keyingi oy uchun har oyning 10-sanasiga qadar 100 foiz oldindan haq toʻlovlarini amalga oshirmasalar, Byuro isteʼmolchilarni yozma ravishda xabardor qilgan paytdan boshlab besh ish kuni oʻtgandan keyin qarzlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda isteʼmolchilarni ichimlik suv taʼminoti va suv chiqarish xizmati tarmoqlaridan uzib qoʻyish yoʻli bilan undirish choralarini koʻradi”.
27. 110-banddagi “ISKX tashkilotiga” soʻzlari “ISXK tashkiloti yoki Byuroga” soʻzlari bilan almashtirilsin.
28. 114-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“114. Uyda vaqtincha istiqomat qiluvchi (yollovchi)lar istiqomat qilganda toʻlovlar haqiqatda istiqomat qilayotganlar soniga qarab amalga oshiriladi. I guruh isteʼmolchisi, oʻzi yashayotgan xonadonda turuvchilar soni koʻpayishi (shu jumladan, vaqtinchalik yashayotganlar hisobiga hamda Qoidalarning 87-bandi “a” kichik bandida koʻzda tutilgan koʻrsatkichlar boʻyicha) yoki kamayishi holatlari yuzasidan, oʻzgarishlar sodir boʻlgan vaqtdan boshlab 5 ish kunidan kechikmay ISKX tashkiloti yoki Byuroni yozma ravishda ogohlantirishi lozim. Bunda isteʼmolchi, ISKX tashkiloti yoki Byuro, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi vakillari va uyning asosiy egasi tomonidan — uch tomonlama dalolatnoma tuziladi”.
29. 115-bandda:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“115. Obyekt egasi oʻzgarganda isteʼmolchi chiqib ketishidan 7 kun avval debitorlik qarzlarini uzib, bu haqda Byuro bilan dalolatnoma imzolashi shart. Isteʼmolchi chiqib ketgach, suvni hisobga olish asbobi, plombalarning butligi va qoplanmagan debitor qarzdorlik uchun javobgarlik obyektning yangi egasi zimmasiga yuklanadi”;
beshinchi xatboshidagi “issiqlik” soʻzi “ichimlik” soʻzi bilan almashtirilsin.
30. 119-bandning:
oʻn beshinchi, yigirma toʻrtinchi va yigirma oltinchi xatboshilar tegishli ravishda oʻn uchinchi, yigirma ikkinchi va yigirma uchinchi xatboshilar deb hisoblansin.
31. 123-bandda:
uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“oʻzlarining hududida va tasarrufida boʻlgan ichimlik suv va kanalizatsiya tarmoqlari hamda qurilmalarining zarur darajada qoʻriqlanishini taʼminlash, ularning buzilishi, suv bosishi va muzlab qolishiga yoʻl qoʻymaslik, quduqlarning qopqogʻini muz va qordan tozalash, ISKX tashkiloti Byuro bilan birgalikda oʻrnatilgan plombalarning saqlanishini nazorat qilish, yer usti suv oqimlarining quduqlar yonidan oqizib yuborilishini taʼminlash, yongʻin gidrantlariga kirib borish yoʻlaklarini tirband qilmaslik, yongʻin gidrantlari koʻrsatkichlarining ishga yaroqliligini kuzatib borish va mavjud boʻlgan yongʻin gidrantlarini va yongʻin kranlarini plombalash uchun taqdim qilish”;
oltinchi xatboshidagi “ISXK tashkilotiga” soʻzlari “ISXK tashkiloti yoki Byuroga” soʻzlari bilan almashtirilsin;
oʻn oltinchi xatboshidagi “ISXK tashkiloti” soʻzlari “ISXK tashkiloti yoki Byuro” soʻzlari bilan almashtirilsin.
32. 124-bandda:
toʻrtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ISKX tashkiloti yoki Byuro bilan hisob-kitob qilish uchun foydalaniladigan suvni hisobga olish asbobi, aylanma liniya zulfini, yongʻin zulfinlari, gidrantlar va uning hududida yoki tasarrufida boʻlgan hamda ISKX tashkiloti yoki Byuro tomonidan plombalangan boshqa ichimlik suv qurilmalaridagi plombalarning butligi va saqlanishi uchun”;
oʻninchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Ichimlik suv taʼminotining yongʻinga qarshi tizimidan foydalanish toʻxtatilganda isteʼmolchi 24 soat mobaynida ISKX tashkiloti yoki Byuroga plomba uzilgani toʻgʻrisida dalolatnoma taqdim etishi va zulfinlarni plombalash uchun ISKX tashkiloti va Byuro vakilini chaqirishi shart”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2018-y., 09/18/950/2216-son)