Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlarni notarial tasdiqlashni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 25-maydagi PQ-3741-son qarori ijrosi yuzasidan hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 25-maydagi PQ-3741-son qarori bilan 2019-yil 1-yanvardan boshlab koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlarni notarial tasdiqlash faqat “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadigan, himoya darajasiga, seriyaga, tartib raqamiga va hududiy kodga ega boʻlgan, qatʼiy hisobot beriladigan gerbli (maxsus) blankalarda (keyingi oʻrinlarda gerbli blankalar deb ataladi) amalga oshirilishi belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilansinki:
gerbli blankalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakl boʻyicha “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadi;
Keyingi tahrirga qarang.
koʻchmas mulkni ayirboshlash shartnomasining ikki nusxasi, koʻchmas mulk bilan bogʻliq qolgan barcha bitimlarning bir nusxasi gerbli blankalarda rasmiylashtiriladi.
3. Koʻchmas mulk bilan bogʻliq bitimlarni gerbli blankalarda notarial tartibda tasdiqlanganligi uchun eng kam oylik ish haqining 10 foizi miqdorida gerb yigʻimi undiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
Gerb yigʻimidan tushadigan mablagʻlar quyidagi tartibda taqsimlanadi:
50 foizi — tumanlar va shaharlar budjetlari daromadiga;
50 foizi — Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining gʻaznachilik hisob raqamlariga oʻtkaziladi va gerbli blankalar tayyorlashga, boshqa shaxsga berish taqiqlangan yoki xatlab qoʻyilgan koʻchmas mulklar toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar bankini yaratishga, shuningdek, adliya organlari va muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish tadbirlariga sarflanadi.
4. Boshqa shaxsga berish taqiqlangan yoki xatlab qoʻyilgan koʻchmas mulklar toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar bankini shakllantirish tartibi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi bilan birgalikda tasdiqlanadi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
boshqa shaxsga berish taqiqlangan yoki xatlab qoʻyilgan koʻchmas mulklar toʻgʻrisidagi elektron maʼlumotlar bankini shakllantirsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri R.K. Davletov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-noyabr,
941-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.11.2018-y., 09/18/941/2206-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 25.12.2025-y., 09/25/821/1211-son)