Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI HUZURIDAGI AMALDAGI QONUN HUJJATLARI MONITORINGI INSTITUTI FAOLIYATINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oliy Majlis Kengashining “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutini tashkil etish toʻgʻrisida” 1996-yil 3-dekabrdagi 322-I-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oliy Majlis Kengashining 1996-yil 3-dekabrdagi 322-I-son qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzurida Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti tashkil etilganligi, uning Ustavi va xodimlari soni 21 nafardan iborat boʻlgan (xizmat koʻrsatuvchi xodimlardan tashqari) tuzilmasi tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Institut direktori maqomi, mehnatga haq toʻlash, maishiy, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qoʻmitasining raisiga tenglashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Institut binosi xarajatlariga va xodimlarga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kotibiyati xodimlari uchun belgilangan tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashga, bosma nashrlar chiqarishga har yili mablagʻ ajratishni nazarda tutsin;
chet ellik mutaxassislarni kontrakt boʻyicha ishga taklif etish, Institut xodimlarining xorijiy mamlakatlarda tajriba orttirishi, malaka oshirishi, ularning xalqaro anjumanlarda ishtirok etishi, “Internet” xalqaro tarmogʻiga va boshqa axborot tarmoqlariga ulanish hamda ulardan foydalanish, xorijiy mamlakatlar va xalqaro tashkilotlarning davriy nashrlariga obuna boʻlish bilan bogʻliq xarajatlarga haq toʻlashga har yili belgilangan tartibda chet el valyutasida mablagʻ ajratsin;
taqdim etilgan hisob-kitoblarga binoan binoni rekonstruksiya qilish va mukammal tuzatish, Institutni ofis mebeli bilan jihozlash, kompyuter texnikasi, dasturiy vositalar hamda bitta mikroavtobus xarid qilish uchun mablagʻ ajratsin;
Institutga bitta yengil avtomobil xarajatlariga limit ajratsin.
3. Toshkent shahar hokimligi Institutni Toshkent shahri, Mustaqillik maydoni, 5-uy, 3-korpusga joylashtirsin, binoni, shuningdek, unga tutash hududni rekonstruksiya qilish va tuzatishni amalga oshirsin.
4. “Toshshaharyoʻlovchitrans” davlat uyushmasi Institutga belgilangan tartibda limit boʻyicha yengil avtomobil ajratsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi, Vazirlar Mahkamasining Hukumat aloqasi xizmati Institutni aloqaning zarur turlari va vositalari, shu jumladan hukumat aloqasi bilan taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutiga chet mamlakatlardagi shunga oʻxshash institutlar va tashkilotlar bilan xalqaro aloqalarni amalga oshiriщda yordam koʻrsatsin.
7. Vazirliklar va idoralar Institutning soʻroviga muvofiq inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalariga doir materiallarni taqdim etsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat matbuot qoʻmitasi:
Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutini kutubxonani butlash uchun matbuot asarlarining va kitob mahsulotining nazorat nusxalarini (1 nusxa) tekin oluvchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritsin;
Institutning buyurtmanomalari boʻyicha tahliliy-axborot va ilmiy mahsulot nashr etilishini taʼminlasin.
9. Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va farmoyishlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining normativ va yoʻriqnoma hujjatlari majburiy tartibda bir nusxadan tarqatiladigan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilsin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazirning oʻrinbosari A. A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Oʻ. SULTONOV
Toshkent sh.,
1997-yil 15-yanvar,
29-son