Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi bilan Misr Arab Respublikasi Yoshlar va sport vazirligi oʻrtasida
Anglashuv memorandumi
Yoshlar sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi va Misr Arab Respublikasi Yoshlar va sport vazirligi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshishga intilib,
yoshlar sohasidagi hamkorlik ikki xalq oʻrtasidagi yaqinlashuv va oʻzaro anglashuvni chuqurlashtirish uchun muhim ahamiyat kasb etishiga ishongan holda,
ikki davlat yoshlari oʻrtasida doʻstlik aloqalarini yanada rivojlantirish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida oʻzaro anglashuvga erishdilar:
1-modda
Mazkur Memorandumning maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi yoshlari oʻrtasida doʻstlik aloqalarini mustahkamlash, shuningdek, ikki mamlakat yoshlarining har tomonlama rivojlanishini taʼminlash sohasida Tomonlarning oʻz vakolatlari va mazkur Memorandum qoidalari doirasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni oʻrnatish va rivojlantirishdan iborat.
2-modda
Tomonlar mazkur Memorandum doirasida quyidagi ustuvor yoʻnalishlarda hamkorlikni amalga oshiradilar:
Tomonlar tarafidan oʻtkaziladigan xalqaro yoshlar konferensiyalari, davra suhbatlari, festivallar, koʻrgazmalar, oromgohlar va boshqa tadbirlarning ishida yoshlar delegatsiyalarining ishtirokini taʼminlash;
har ikkala davlatlar yoshlari uchun seminarlar tashkil qilgan holda quyidagi sohalarda toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlikni yanada rivojlantirish:
Yoshlar va volontyorlik faoliyati;
Yoshlar va sanʼat;
Yoshlar turizmi.
3-modda
Mazkur Memorandum doirasida hamkorlik boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlarning moliyaviy shartlari Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan, joriy yil uchun nazarda tutiladigan budjet mablagʻlari hisobidan belgilanadi.
4-modda
Tomonlar oʻrtasida almashiladigan barcha maʼlumotlar qatʼiy ravishda maxfiy hisoblanadi va boshqa Tomonning oldindan yozma roziligisiz uchinchi tomonga oshkor etilishi mumkin emas. Shuningdek, ulardan mazkur Memorandumda nazarda tutilmagan maqsadlarda ham foydalanilmaydi.
5-modda
Tomonlar oʻz davlatlaridagi qonun va qoidalarga rioya qilish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
6-modda
1. Mazkur Memorandum imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi va uch (3) yillik muddatga tuziladi hamda Tomonlardan biri navbatdagi muddat tugashidan kamida uch oy avval Memorandum amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilmasa, oʻz-oʻzidan keyingi uch yillik muddatlarga uzayaveradi.
2. Mazkur Memorandum qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan kelishmovchiliklar, kelishish uchun biron-bir milliy, xalqaro va uchinchi tomon sudiga murojaat qilinmasdan, Tomonlar oʻrtasida doʻstona maslahatlashuvlar orqali hal qilinadi.
3. Mazkur Memorandum Tomonlar oʻrtasida oʻzaro kelishilgan har qanday boshqa tadbirlarni va tashriflar almashish imkoniyatini istisno etmaydi.
4. Mazkur Memorandum amal qilishining tugatilishi mazkur Memorandum qoidalari asosida kuchga kirgan hamda uning amal qilishi tugatilishi paytida tugallanmagan hamkorlik sohalariga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 2018-yil 5-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Mazkur Memorandum qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi,
(imzolar)