Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlarining yaqin hamkorligi asosida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyalashni taʼminlash boʻyicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Mazkur faoliyatda mamlakatdagi kriminogen vaziyatni oʻta aniqlikda belgilash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻyicha amaldagi mexanizmlarning dolzarb muammo va kamchiliklarini aniqlash, shuningdek, ularni takomillashtirishning har tomonlama oʻylangan istiqbollarini ishlab chiqish imkonini beruvchi jinoiy-huquqiy statistikani yuritish va jinoyatlarni tahlil qilishning samarali tizimini joriy etish muhim oʻrin egallaydi.
Shu bilan birga, jinoyatchilik holati statistikasini yuritish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, tizimli tahlil va sifatli nazoratni yoʻlga qoʻyish, prokuror nazoratini amalga oshirishda maʼlumotlarning aniq, ishonchliligi va yanada malakali qayta ishlashni taʼminlovchi zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish orqali maʼlumotlarni yigʻish va qayta ishlash boʻyicha amaldagi mexanizmlarni takomillashtirish zarur.
Jinoiy-huquqiy statistika tizimini takomillashtirish, jinoyatlar hisobini yuritishning shaffofligini taʼminlash, shuningdek, ularning sodir etilishi sabablarini maqsadli tahlil qilish yoʻli bilan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida:
1. Belgilansinki, 2018-yil 1-dekabrdan boshlab jinoyatlar, ularni sodir etgan shaxslar va jinoyat ishlari harakatlanishining yagona hisobi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tomonidan (keyingi oʻrinlarda — Bosh prokuratura deb yuritiladi) amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Bosh prokuratura va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimini (keyingi oʻrinlarda — Yagona axborot tizimi deb yuritiladi) joriy etish taklifiga rozilik berilsin va unda quyidagilar nazarda tutilsin:
statistik kartochkalarning elektron shakllarini tuzish orqali jinoyat ishlari, tergovga qadar tekshiruv materiallari, sud muhokamalari hamda sud qarorlari ijrosi natijalari, shuningdek, ayblanuvchi va jabrlanuvchi tariqasida jalb etilgan ishtirokchilar boʻyicha maʼlumotlarning yagona hisobini yuritish;
prokuratura, sud va boshqa davlat organlari oʻrtasida dastlabki tergov va surishtiruv organlarining elektron maʼlumot almashuv shaklini, shu jumladan, axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini integratsiya qilish yoʻli bilan joriy etish;
jinoiy-huquqiy statistikani yuritish tartib-taomillarini optimallashtirish va uni shakllantirish jarayonida inson omilini istisno etish.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga koʻra:
aniqlangan, ochilgan jinoyatlar yoki tergovning boshqa natijalari, shuningdek, jinoyat sodir etgan shaxslar boʻyicha statistik maʼlumotlar elektron statistik kartochka shakllantiriladigan Yagona axborot tizimiga kiritiladi;
jinoyat ishlari hamda tergovga qadar tekshiruv materiallariga tartib raqamlari Yagona axborot tizimiga tegishli statistik maʼlumotlar kiritilgandagina beriladi;
sud muhokamasi hamda sud qarorlari ijrosining natijalari, shuningdek, ayblanuvchi va jabrlanuvchi sifatida jalb etilgan shaxslar boʻyicha maʼlumotlar sudlar va sud qarorlari ijrosini amalga oshiruvchi davlat organlari tomonidan elektron statistik kartochkalarni toʻldirish yoʻli bilan shakllantiriladi;
Yagona axborot tizimida axborot almashuv mavjud maʼlumotlarni ruxsatsiz koʻrishga imkon bermaydigan, himoyalangan aloqa kanallari orqali amalga oshiriladi.
4. Bosh prokuratura:
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2019-yil 10-yanvardan Yagona axborot tizimining sinov versiyasini, 2019-yil 1-martdan toʻliq versiyasini ishga tushirsin;
ikki oy muddatda “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlasin;
Yagona axborot tizimining boshqa axborot tizimlari bilan doimiy kuzatuvi va integratsiyalashuvi, uzluksiz ishlashi va axborot xavfsizligini taʼminlasin.
Belgilansinki, Yagona axborot tizimining sinov versiyasi ishga tushirilishiga qadar hujjatlarning qogʻoz shaklidan, tizimning toʻliq versiyasi ishga tushirilishiga qadar — bir vaqtning oʻzida hujjatlarning qogʻoz va elektron shakllaridan foydalaniladi.
5. “Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimini joriy etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
Belgilansinki, Yagona axborot tizimining ishlab chiqilishi, faoliyat koʻrsatishi va modernizatsiya qilinishi, shuningdek, undan foydalanish uchun zarur boʻlgan uskunalar, kompyuterlar, IP-telefoniya texnikalari, texnik vositalar, dasturiy taʼminot va boshqa moddiy-texnika vositalarini xarid qilish Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan istisno tariqasida:
xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazmagan holda eng yaxshi takliflarni tanlab olish yoʻli bilan;
2021-yil 1-oktabrga qadar oʻrnatilgan tartibda tasdiqlanadigan roʻyxatlarga muvofiq bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) ozod qilingan holda amalga oshiriladi.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi hamda tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni amalga oshirish vakolatiga ega davlat organlari:
jinoyat ishlari, tergovga qadar tekshiruv materiallari, ishlarning suddagi muhokamalari va sud qarorlarining ijrosi natijalari, shuningdek, ayblanuvchi va jabrlanuvchi tariqasida jalb etilgan ishtirokchilar boʻyicha maʼlumotlarning Yagona axborot tizimiga oʻz vaqtida kiritilishini;
Bosh prokuratura soʻroviga koʻra, axborot tizimlari va manbalarining jinoiy-huquqiy statistika maʼlumotlarini toʻlaqonli shakllantirish va Yagona axborot tizimining ishlashi uchun zarur boʻlgan integratsiyalashuvni taʼminlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. Quyidagilar:
a) Bosh prokuratura tuzilmasida — Jinoiy-huquqiy statistika boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda — Boshqarma), Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalari tuzilmalarida — xodimlari tegishli tuman (shahar)larga biriktirilgan holda jinoiy-huquqiy statistika boʻlimlari tashkil etilsin va quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jinoiy-huquqiy statistika maʼlumotlarini yigʻish, umumlashtirish, yuritish, qayta ishlash, toʻplash va taqdim etish;
jinoiy-huquqiy statistika sohasida qonuniylikka rioya etilishi hamda Yagona axborot tizimiga kiritilayotgan maʼlumotlarning toʻliqligi va haqqoniyligi ustidan nazorat qilish;
jinoyatchilik holatining, shu jumladan, hududlar kesimida va jinoyat turlariga koʻra statistik tahlilini olib borish;
Keyingi tahrirga qarang.
b) Bosh prokuratura Akademiyasi tuzilmasida — Jinoyatlarning sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qilish va oʻrganish markazi (keyingi oʻrinlarda — Markaz) tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
jinoyatlar sodir etilishining sabab va sharoitlarini oʻrganish hamda diagnostika qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasi, shu jumladan, alohida turdagi jinoyatlarning oldini olish holatini tahlil qilish;
jinoyatchilik ahvoli oʻzgarishlarini kriminologik prognoz qilish, shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini metodologik va konsultativ taʼminlash;
huquqbuzarliklarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish hamda ularning ijro etilishini monitoring qilib borish;
jinoyat turlari, jinoyatchi va jabrlanuvchilarning shaxsi boʻyicha ilmiy-amaliy izlanishlar olib borish.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Bosh prokuratura tuman (shahar) prokurorlari rahbarligida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan, jinoyatchilik sodir etilishi sabablarini tizimli tahlil qiladigan ekspert-tahlil guruhlarining faoliyatini tajriba tariqasida Shayxontohur tumanida, 2019-yil 1-fevraldan boshlab — Toshkent shahrining boshqa tumanlarida, 2019-yil 1-iyuldan boshlab — oʻtkazilgan tajriba natijalarini inobatga olgan holda respublikaning barcha hududlarida yoʻlga qoʻysin.
9. 2018-yil 1-dekabrdan Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot markazi va uning hududiy boʻlinmalari tugatilsin va qisqartirilayotgan 258 ta shtat birligi Bosh prokuraturaning, shu jumladan, yangi tuzilayotgan, boʻlinmalarini shakllantirish uchun yoʻnaltirilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
10. Bosh prokuratura va Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tugatilayotgan ichki ishlar organlari axborot markazlarining boʻshayotgan shtat birliklari hisobidan vazirlikning Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasi (keyingi oʻrinlarda Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasi deb yuritiladi) hamda uning hududiy boʻlinmalarini tuzish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
huquqbuzarliklarning oldini olish, aniqlash, ochish va tergov qilishda foydalanish uchun tezkor maʼlumotlar hisobini tashkil qilish va yuritish;
shaxslarning hududiy va davlatlararo qidiruvga berilishini, ichki ishlar organlarining arxiv-maʼlumot va maxsus jamgʻarmalari yuritilishini taʼminlash;
maʼmuriy huquqbuzarliklar haqidagi maʼlumotlarni ichki ishlar organlari va boshqa davlat organlarining markazlashgan axborot tizimlariga integratsiya qilish asosida toʻplash, umumlashtirish, qayta ishlash, yigʻish va taqdim etish;
avtotransport vositalari, fuqarolik va xizmat qurollari, qidiruvdagi shaxslar va ashyolar, shuningdek, boshqa maʼlumotlarning avtomatlashtirilgan, huquqbuzarliklarning samarali profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga xizmat qiluvchi maʼlumotlar bazasini yuritish.
Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosariga Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasining faoliyatini samarali tashkil etish uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Quyidagi majburiyatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida saqlab qolinsin:
Boshqarma bilan birgalikda xalqaro shartnomalarda nazarda tutilgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi mamlakatlarining Davlatlararo axborot bankiga huquqiy statistik maʼlumotlarni taqdim etish;
Keyingi tahrirga qarang.
2019-yilning 1-yanvariga qadar hisobot davrlarida toʻplangan huquqiy statistik maʼlumotlar arxivini saqlash.
Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasi toʻgʻrisidagi Nizomni va uning yangilangan tuzilmasini tasdiqlasin.
12. Belgilansinki:
Bosh prokuraturada, shu jumladan, uning yangi tuzilayotgan boʻlinmalarida shakllantirilayotgan shtat birliklarini moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti va Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari xodimlariga Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan (belgilangan boshqa qoʻshimcha va ustama haqlardan qatʼi nazar) lavozim maoshining 30 foizi miqdorida oylik ustama toʻlanadi.
Keyingi tahrirga qarang.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda mazkur Farmonga muvofiq Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi xarajatlar smetasi va shtat jadvaliga oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
14. Bosh prokuratura:
bir oy muddatda yangi tuzilayotgan boʻlinmalar va kiritilayotgan shtat birliklarining mebel, aloqa vositalari va boshqa zarur moddiy-texnik resurslar bilan jihozlanishini taʼminlasin;
ikki oy muddatda prokuratura organlarining yangi tuzilayotgan boʻlinmalarini, avvalo, tugatilayotgan ichki ishlar organlari axborot markazlari xodimlari hisobidan, malakali kadrlar bilan toʻldirsin;
2019-yilning birinchi yarim yillik yakunlariga koʻra mazkur Farmon ijrosi samaradorligini oʻrgansin hamda zarurat boʻlganda, jinoiy-huquqiy statistika tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisidagi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 31-oktabr,
PF-5566-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 31-oktabrdagi PF-5566-son Farmoniga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga kiritilayotgan
OʻZGARTIRISH VA QOʻSHIMCHALAR
(koʻchirma)
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PF-5019-sonli Farmonida:
a) 4-bandning beshinchi xatboshisidagi “5 110 nafar” soʻzlari “5 363 nafar” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi PF-5019-sonli Farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining
TASHKILIY-SHTAT TUZILMASI
Jami prokuror-tergov xodimlari shtat birligi ― 364 ta”;
v) 4-ilovada:
“Harbiy prokurorning kadrlar boʻyicha katta yordamchisi (yordamchisi) 2” bloki “Kadrlar boʻlimi 2” bloki bilan almashtirilsin;
“Harbiy prokurorning milliy xavfsizlik organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boʻyicha katta yordamchisi (yordamchisi) 2” bloki “Harbiy prokurorning Davlat xavfsizlik xizmati organlarida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boʻyicha katta yordamchisi (yordamchisi) 2” bloki bilan almashtirilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda isteʼmol qilish sohasida toʻlov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5059-sonli Farmoni 4-bandida:
a) ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, hisobga olish asboblariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek hisobga olish asboblarining koʻrsatkichlarini oʻzgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish holatlari boʻyicha tekshirishlar oʻtkazish”;
b) oʻn uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“energiya resurslari isteʼmolini hisobga olish tizimi va asboblarini koʻzdan kechirish”;
v) quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“Belgilansinki, mazkur band talablari toʻlovlarning oʻz vaqtida va toʻliq undirilishini taʼminlash Byuro va uning hududiy boʻlinmalariga yuklatilgan boshqa koʻrsatiladigan kommunal xizmatlarga ham tatbiq etiladi”.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Prokuratura organlari kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2018-yil 8-maydagi PF-5438-son Farmonida:
a) 2-band quyidagi mazmundagi xatboshilar bilan toʻldirilsin:
“jinoyatlarning sodir etilishi sabab va sharoitlarini oʻrganish va diagnostika qilish, huquqbuzarliklar profilaktikasi holatini tahlil qilish, shu jumladan alohida turdagi jinoyatlarning oldini olish;
jinoyatchilik holati oʻzgarishini kriminologik prognoz qilish, shuningdek huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini metodologik va konsultativ taʼminlash”;
b) 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 8-maydagi PF-5438-sonli Farmoniga
1-ILOVA
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasining
TUZILMASI
Xodimlarning cheklangan soni (texnik, xizmat koʻrsatuvchi, oʻquv-yordamchi xodimlar tarkibidan tashqari) — 74 nafar, shu jumladan, professor-oʻqituvchilar 39 nafar, boshqaruv xodimlari 35 nafar
* Texnik, xizmat koʻrsatuvchi va oʻquv-yordamchi xodimlar soni oliy taʼlim muassasalari uchun oʻrnatilgan normativlar asosida belgilanadi”.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi “Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5490-sonli Farmonining rus tilidagi matni 2-ilovasi “Proverki (kontrolnie funksii)” grafasining 17-pozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Proverki faktov nezakonnogo podklyucheniya k elektricheskim, gazotransportnim, gazoraspredelitelnim setyam, sistemam vodosnabjeniya i vodootvedeniya, umishlennoy porchi priborov ucheta, a takje vmeshatelstva v pribori ucheta izvne s selyu izmeneniya ix pokazateley”.
Keyingi tahrirga qarang.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2833-sonli qarorida:
7-banddagi “25” raqami “22” raqami bilan almashtirilsin;
8-bandning ikkinchi xatboshisidagi “lavozim maoshining” va “lavozim maoshi” soʻzlari tegishincha “ish haqi fondining” va “ish haqi fondi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PQ-3413-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarida xizmatni oʻtash tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 16-bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Dastlabki tanlov sinovlarining biridan yoki yakka tartibdagi yakuniy suhbatdan oʻta olmagan nomzod ularni takroran topshirishiga qoʻyilmaydi”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 02.11.2018-y., 06/18/5566/2153-son; 25.11.2020-y., 06/20/6118/1562-son; 26.03.2021-y., 06/21/6196/0240-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2024-y., 06/24/1/0001-son; 16.01.2024-y., 06/24/10/0031-son; 23.11.2024-y., 06/24/184/0954-son; 11.04.2025-y., 06/25/65/0331-son)