Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan Misr Arab Respublikasi Yoshlar va sport vazirligi oʻrtasida
Sport sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
Anglashuv memorandumi
Anglashuv memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Misr Arab Respublikasi Yoshlar va sport vazirligi, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Tomonlar davlatlari oʻrtasidagi mavjud doʻstona va birodarlik munosabatlarini eʼtirof etib,
sport sohasidagi hamkorlik orqali xalqlar oʻrtasida oʻzaro anglashuv va hamjihatlikni qoʻllab-quvvatlashni istab,
har ikki davlatda sportni rivojlantirishga qaratilgan dasturlar bilan almashish orqali doʻstona munosabatlarni ragʻbatlantirish va rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida anglashuvga erishdilar:
1-modda
Tomonlar sport sohasidagi hamkorlikni qoʻllab-quvvatlaydilar va ushbu maqsadga erishish uchun ikki davlatning manfaatdor idoralariga barcha zarur boʻlgan yordamni beradilar.
2-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport taʼlimi sohasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va qoʻllab-quvvatlaydilar:
ikki davlat oʻrtasida sport turlari boʻyicha murabbiy va hakamlar bilan almashish;
ikki davlat oʻrtasida sport turlari boʻyicha zamonaviy oʻqitish uslublari sohasida tajriba almashish;
nogironlar uchun sport sohasida tajriba almashish.
3-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport tadbirlarini tashkillashtirish va sport faoliyatini amalga oshirish sohasida hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va qoʻllab-quvvatlaydilar:
tegishli federatsiyalar va olimpiya qoʻmitalari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri hamkorlik qilish orqali ikki davlatda oʻquv- mashgʻulotlar yigʻinlarini oʻtkazish uchun sport jamoalarini qabul qilish;
tegishli sport federatsiyalari oʻrtasida bevosita muvofiqlashtirish orqali milliy terma jamoalar oʻrtasida oʻrtoqlik uchrashuvlarni oʻtkazish;
sport dasturlarida ishtirok etish uchun delegatsiyalar bilan almashish;
sport tadbirlari xavfsizligini taʼminlash, ommaviy tartibsizliklarni oldini olish, sport inqirozini boshqarish sohalarida tajriba almashish.
4-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport inshootlari sohasida hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va qoʻllab-quvvatlaydilar:
ikki davlatda sport inshootlarini barpo etishda tajriba almashish;
texnik xizmat koʻrsatish va boshqarishning zamonaviy usullari bilan tanishish uchun ikki davlatdagi sport inshootlariga tashriflarni tashkillashtirish.
5-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport tibbiyoti sohasida hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va qoʻllab-quvvatlaydilar:
ikki davlatda sport tibbiyoti va antidoping sohalarida amaliy tajriba almashish;
ikki davlatdagi shifoxona va sport tibbiyoti markazlariga tashriflarni tashkillashtirish.
6-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport investitsiyasi sohasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va qoʻllab-quvvatlaydilar:
sport anjomlari va sport mashgʻulotlari bilan bogʻliq mahsulotlar ishlab chiqarishda hamkorlik qilish;
ikki davlatda turizmni koʻllab-quvvatlaydigan sport tadbirlarini tashkil etish orqali sport turizmini rivojlantirishda hamkorlik qilish.
7-modda
Tomonlar tarmoqlarni boshqarish va sport axborot texnologiyalari sohasida tajriba almashish orqali sport axborot texnologiyalari sohasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va qoʻllab-quvvatlaydilar.
8-modda
Tomonlar quyidagilar orqali sport yetakchilarini tayyorlash sohasidagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va qoʻllab- quvvatlaydilar:
sport sohasidagi zamonaviy ilmiy boshqaruv metodlari bilan tanishish va ularni sport sohasida qoʻllash maqsadida sport yetakchilari uchun tashriflarni tashkillashtirish;
ikki davlatdagi sportni rivojlantirishga qaratilgan sport dasturlari va loyihalari bilan tanishish uchun sport sohasidagi mutaxassislar bilan almashish;
ikki davlatda sportni rivojlantirish uchun sport sohasidagi qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, axborot, nashrlar va ilmiy adabiyotlar bilan almashish;
ikki davlatda sportni rivojlantirish sohasida tadqiqot tanlovlari va qoʻshma ilmiy anjumanlar tashkil etish.
9-modda
Mazkur Memorandumni talqin qilish yoki qoʻllash bilan bogʻliq har qanday nizolar Tomonlar oʻrtasida diplomatik kanallar orqali doʻstona maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
10-modda
Tomonlar sport delegatsiyalari bilan almashishni quyidagi moliyaviy shartlarga muvofiq ragʻbatlantiradilar:
tashrif buyuradigan Tomon borish va qaytish yoʻl xarajatlarini qoplaydi;
qabul qiluvchi Tomon turarjoy, ichki transport va favqulodda vaziyatlarda tibbiy yordam xarajatlarini qoplaydi.
11-modda
Mazkur Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va toʻrt (4) yil davomida amal qiladi. Basharti Tomonlardan biri mazkur Memorandumning amal qilishini tugatish niyati toʻgʻrisida yozma ravishda boshqa Tomonni xabardor qilmasa, uning amal qilish muddati oʻz-oʻzidan keyingi tegishli muddatlarga uzayaveradi.
Toshkent shahrida 2018-yil 5-sentabrda har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida boʻlgan ikki asl nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Talqin etishda tafovutlar yuzaga kelganda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)