Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻqituvchilar malakasini oshirish va taʼlim sohasi xodimlarini qayta tayyorlashda hamkorlik toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati, keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
2018-yil 9-martda imzolangan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Tojikiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida oliy taʼlim va fan sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni inobatga olib,
taʼlim va fan sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashga intilib,
oʻqituvchilar malakasini oshirish va taʼlim sohasi xodimlarini qayta tayyorlashda hamkorlik ikki davlat oʻrtasida oʻzaro munosabatlarni chuqurlashtirishga va oʻzaro anglashuvni yaxshilashga yordam berishiga ishonch hosil qilgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Mazkur Bitim maqsadlari uchun qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
oʻqituvchilar malakasini oshirish — ilgari olingan kasbiy bilim, malaka va koʻnikmalarni kengaytirish, chuqurlashtirish va takomillashtirishga yoʻnaltirilgan, Tomonlar davlatlarining belgilangan normativlaridan kam boʻlmagan muddatda, yakuniy attestatsiya bilan tugallanadigan qoʻshimcha kasbiy taʼlim dasturlarini amalga oshirish;
taʼlim sohasi xodimlarini kasbiy qayta tayyorlash — oʻqish muddati 500 akademik soatdan kam boʻlmagan, yakuniy attestatsiya va yangi kasbiy malakani oʻzlashtirish bilan tugallanadigan qoʻshimcha kasbiy taʼlim dasturlarini amalga oshirish.
2-modda
Tomonlar quyidagilar orqali hamkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydilar:
taʼlim sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash uchun imkoniyatlardan birgalikda foydalanish;
oʻqituvchilar va taʼlim sohasi xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha kasbiy taʼlim sohasida qoʻshma taʼlim loyihalarini amalga oshirish;
oʻqish oʻzbek va tojik tillarida olib boriladigan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oʻqituvchilari uchun malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini oʻtkazishda koʻmaklashish;
pedagogik tajribani qoʻllash boʻyicha amaliyotlarni tashkil etish;
oʻquv adabiyoti, oʻquv-metodik qoʻllanmalarni ishlab chiqish va almashish, qoʻshma ilmiy monografiyalar, ilmiy-uslubiy nashrlar, ilmiy-ommabop adabiyotlar, maqolalar va boshqalarni tayyorlash;
ilmiy ishlar va uslubiy materiallarni taqrizlash;
ilmiy va ilmiy-metodik mazmundagi qoʻshma tadbirlarni oʻtkazish: konferensiya simpozium, davra suhbatlari, seminarlar va boshqalar;
malaka oshirish sohasida tarmoqlararo hamkorlikni tashkil etish;
taʼlim muassasalari xodimlarining qayta tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha taʼlim dasturlarini oʻtishda koʻmaklashish;
taʼlim sohasi xodimlarining malakasini oshirish va qayta tayyorlash boʻyicha taʼlim dasturlarini amalga oshirishda masofaviy shakldagi taʼlimni tashkil etish.
3-modda
Mazkur Bitim doirasida Tomonlar oʻzaro manfaatli sohalarda axborot almashish, qoʻshma yigʻilishlar, uchrashuvlar va maslahatlashuvlarni oʻtkazish hamda Bitim qoidalarini amalga oshirish uchun barcha mavjud boʻlgan resurs, vosita va imkoniyatlardan foydalanib, bir-birlariga yordam berishni oʻz zimmasiga oladilar.
Mazkur Bitim doirasida tashriflar bilan almashinuv va ularning moliyaviy jihatlari tashrif shartlari va predmetidan kelib chiqib, har bir holatda alohida belgilanadi.
4-modda
Tomonlar taʼlim sohasi xodimlarini kasbiy qayta tayyorlash va oʻqituvchilarning malakasini oshirish toʻgʻrisida berilgan davlat namunasidagi hujjatlarni (diplom, guvohnoma, sertifikat) oʻzaro tan oladilar.
5-modda
Mazkur Bitim qoidalari Tomonlar davlatlari ishtirokchi hisoblangan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan ularning huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
6-modda
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilish yoki qoʻllashdagi nizolar Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuv yoki muzokaralar orqali hal etiladi.
7-modda
Tomonlar mazkur Bitimni amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan quyidagi ijro organlarini tayinlaydilar:
Tojikiston Respublikasi Hukumati nomidan — Tojikiston Respublikasi Taʼlim va fan vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi.
8-modda
Mazkur Bitim qoidalarini samarali amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi va Tojikiston Respublikasining mutasaddi vazirliklari va idoralari tomonidan idoralararo bitimlar, almashinuv dasturlari va hamkorlik ishchi rejalari (bayonnomalar) ishlab chiqilishi va imzolanishi mumkin.
9-modda
Mazkur Bitim nomuayyan muddatga tuziladi va imzolangan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Har bir Tomon mazkur Bitimning amal qilishini boshqa Tomonga diplomatik kanallar orqali yozma ravishda xabarnoma yuborish orqali tugatishi mumkin. Bitim boshqa Tomonning tegishli xabarnomasi olingandan boshlab, uch oy oʻtgach oʻz kuchini yoʻqotadi.
Mazkur Bitim amal qilishining tugatilishi u amal qilgan davrda boshlangan dastur va loyihalarni amalga oshirishga daxl qilmaydi.
Toshkent shahrida 2018-yil 17-avgustda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, tojik va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)