OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
HUQUQNI MUHOFAZA QILISh ORGANLARI FUNKSIYASINI BAJARUVChI DAVLATGA TEGIShLI BOʻLMAGAN TUZILMALARNING FAOLIYATINI TAQIQLASh HAMDA SPORT KLUBLARI (SEKSIYALARI)NING YAKKAMA-YAKKA OLIShUVLARNING JANGOVAR VA ShARQChA TURLARIGA OʻRGATISh BOʻYIChA IShLARINI TARTIBGA SOLISh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-fevraldagi 87-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz ahamiyatini yoʻqotgan ayrim qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-son Farmoni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Huquqni muhofaza qilish organlari funksiyasini bajaruvchi davlatga tegishli boʻlmagan tuzilmalarning faoliyatiga barham berish hamda sport klublari (seksiyalari)ning yakkama-yakka olishuvlarning jangovar va sharqcha turlariga oʻrgatish boʻyicha ishlarini tartibga solish, shuningdek, jamoat xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning or-nomusi, qadr-qimmati va qonuniy manfaatlarini huquqqa qarshi tajovuzlardan himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasiga qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bir oy muddat ichida huquqni muhofaza qilish organlarining funksiyalarini bajaruvchi jamoat tashkilotlari, korxonalar, kooperativlar, ularning uyushmalari va birlashmalarini, shuningdek, yakkama-yakka olishuvlarning jangovar va sharqcha turlariga oʻrgatuvchi sport klublari (seksiyalar)ni inventarizatsiyadan oʻtkazsinlar va ularning faoliyatini taqiqlasinlar. Ularning qonunga xilof ravishda harakat qilishlariga yoʻl koʻyganlar qattiq javobgarlikka tortilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat soliq bosh boshqarmasi huquqni muhofaza qilish organlarining funksiyasini bajaruvchi davlatga tegishli boʻlmagan tuzilmalar, shuningdek, yakkama-yakka olishuvlarning jangovar va sharqcha turlariga oʻrgatuvchi sport klublari (seksiyalar) tomonidan asossiz ravishda olingan daromadlar aniqlanishini va respublika budjetiga olib qoʻyilishini taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Moliya vazirligi, Davlat soliq bosh boshqarmasi, Davlat banki, Davlat jismoniy tarbiya va sport qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ikki oy muddat ichida mazkur qarorning ijrosi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga maʼlum qilsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 17-mart,
133-son