Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi bilan Misr Arab Respublikasi Investitsiyalar va erkin hududlar boʻyicha Bosh direksiyasi (GAFI) oʻrtasida
Ikki tomonlama investitsiya aloqalarini rivojlantirish sohasida anglashuv memorandumi
Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va Misr Arab Respublikasi Investitsiyalar va erkin hududlar boʻyicha Bosh direksiyasi (GAFI) (keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar) oʻrtasida ikki tomonlama investitsiya aloqalarini kengaytirish va oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishga intilgan holda,
Mazkur Anglashuv Memorandumining maqsadi ikki davlatning milliy qonunchiligi va tartiboti hamda Tomonlarning tegishli shartlari va mavjud resurslarni hisobga olgan holda ikki Tomonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga yordamlashish yoʻlida tadbirkorlik muhiti va investitsiyalar boʻyicha tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash orqali ikki tomonlama investitsiyalarni kengaytirish va tajriba almashish uchun amaliy asosni yaratish hisoblanadi.
Tomonlar quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Axborot almashish
Axborot almashish
Tomonlar har ikkala davlatning amaldagi qonunchiligi va tartibotiga muvofiq investitsiyalar boʻyicha oʻzaro axborot almashinuvini ragʻbatlantiradilar.
Har bir Tomon boshqa Tomonni oʻz davlatlaridagi investitsiya muhitiga taalluqli investitsiya imkoniyatlari, qonunchilik, tartib- qoidalar va olib borilayotgan siyosat toʻgʻrisida xabardor qiladi hamda investitsiyaga koʻmaklashish va qoʻshma korxonalarni ishga tushirish uchun ularni ishbilarmon doiralarga yetkazishga harakat qiladi.
Tomonlar oʻzlarida nashr etiladigan investitsiya muhitiga taalluqli adabiyotlar, davriy nashrlar va yoʻriqnomalar bilan oʻzaro almashadilar va ularni ikki davlat ishbilarmon doiralariga yetkazishga harakat qiladilar.
2-modda
Axborot maxfiyligi
Axborot maxfiyligi
Tomonlar oʻrtasida almashiniladigan barcha maʼlumotlar qatʼiy ravishda maxfiy hisoblanadi va boshqa Tomonning oldindan yozma roziligisiz uchinchi tomonga oshkor etilishi mumkin emas. Shuningdek, undan mazkur Anglashuv Memorandumida nazarda tutilmagan maqsadlar uchun ham foydalanilmaydi.
3-modda
Ishbilarmonlik tashriflari va investitsiya tadbirlari
Ishbilarmonlik tashriflari va investitsiya tadbirlari
Tomonlar ishbilarmonlik muhitini yaratish bilan bogʻliq har bir Tomonning ilgʻor tajriba va amaliyotini oʻrganish maqsadida ishbilarmonlar delegatsiyalarining oʻzaro tashriflarini ragʻbatlantiradilar.
Har bir Tomon boshqa Tomon bilan Oʻzbekiston Respublikasi va Misr Arab Respublikasi ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida investitsiya bilan bogʻliq, shuningdek, ikki davlat kompaniyalari va tadbirkorlarini birlashtirishga qaratilgan konferensiya va seminarlar tashkil etishda hamkorlik qiladi.
4-modda
Biznesga koʻmaklashish
Biznesga koʻmaklashish
Tomonlar investitsiyalar duch kelishi mumkin boʻlgan cheklovlarni aniqlash va ularga yechimlarni taklif qilish orqali investitsiya hajmi oʻsishi va koʻpayishiga toʻsqinlik qiluvchi har qanday toʻsiqni bartaraf etish boʻyicha barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.
5-modda
Tajriba almashish
Tajriba almashish
Tomonlar quyidagi sohalarda oʻzaro amaliy bilim va tajriba almashishni ragʻbatlantiradilar:
investitsiyani qoʻllab-quvvatlash;
investitsiya xizmatlari va jarayonlarini tartibga solish;
ikkala Tomon oʻrtasida chet el investitsiyalarini jalb etish boʻyicha ularning investitsiya siyosatini muvofiqlashtirish;
investitsiya nizolarini hal qilish va oldini olish mexanizmlarini ishlab chiqish.
Oʻquv dasturlari, ishchi uchrashuvlar, seminarlar va anjumanlar tashkil etish orqali.
6-modda
Xarajatlar
Xarajatlar
Har bir Tomon mazkur Anglashuv Memorandumi doirasida yuqorida koʻrsatilgan tadbirlarda oʻzining ishtirok etishi bilan bogʻliq sarf-xarajatlarni mustaqil tarzda qoplaydi.
7-modda
Harakat rejasi
Harakat rejasi
Tomonlar investitsiya boʻyicha hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida harakatlar rejasini tayyorlaydigan va mavjud Memorandumga ikki davlat oʻrtasidagi investitsiyani rivojlantirish uchun zarur boʻlgan oʻzgartirishlar kiritishni talab etadigan yangi masalalarni hisobga olgan holda Tomonlar oʻrtasida hamda mazkur Anglashuv Memorandumi qoidalarini amalga oshirish va vaqti-vaqti bilan qayta koʻrib chiqish bilan shugʻullanadigan qoʻshma ishchi guruhni tuzadilar.
Ishchi guruhlar navbat bilan har ikkala davlatda oʻz uchrashuvlarini oʻtkazadilar va har bir Tomondan koordinatorlarni belgilaydilar.
8-modda
Nizolarni hal etish
Nizolarni hal etish
Mazkur Anglashuv Memorandumi qoidalarini qoʻllash yoki talqin etishda yuzaga keluvchi har qanday nizolar milliy, xalqaro yoki uchinchi tomon sudlariga murojaat etmagan holda, Tomonlar oʻrtasida maslahatlashuvlar oʻtqazish orqali hal etiladi.
9-modda
Oʻzgartirishlar
Oʻzgartirishlar
Tomonlar oʻzaro roziliksiz va tegishli idoralar ruxsatisiz hech qanday oʻzgartirishlar yoki hamkorlikning yangi sohalarini qoʻshmaslikka kelishdilar.
10-modda
Kuchga kirishi
Kuchga kirishi
Mazkur Memorandum imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri ikkinchi Tomonga mazkur Memorandumni tugatish toʻgʻrisidagi yozma xabarnomasini bergan sanadan uch (3) oy oʻtgunga qadar amalda boʻladi.
Mazkur Memorandum Tomonlar yoki ularning davlatlari oʻrtasida xalqaro huquq yoki milliy qonunchilik doirasida hech qanday huquqiy yoki moliyaviy majburiyatlar keltirib chiqarmaydi.
Toshkent shahrida 2018-yil 5-sentabrda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, arab va ingliz tillarida imzolandi, bunda barcha matnlar teng autentikdir. Kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)