Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasini boshqarish samaradorligini va “Oʼzmedimpeks” davlat unitar korxonasining moliyaviy barqarorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
“Dori-Darmon” AKda korporativ boshqaruvning zamonaviy uslublarini joriy qilish, “Oʼzmedimpeks” DUKning moliyaviy barqarorligini oshirish, shuningdek, respublika aholisi va tibbiyot muassasalarining dori vositalariga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining “United Investment Nealthcare Group” XK MChJni “Dori-Darmon” AK ustav kapitalidagi davlat ulushining ishonchli boshqaruvchisi sifatida jalb etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Dori-Darmon” AK Kuzatuv kengashiga “United Investment Nealthcare Group” XK MChJ tomonidan “Dori-Darmon” AK faoliyati samaradorligini yanada oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan biznes rejani bir oy muddatda koʻrib chiqish va tasdiqlash tavsiya etilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bir oy muddatda:
“United Investment Nealthcare Group” XK MChJga investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi litsenziyasini belgilangan tartibda bersin;
“Dori-Darmon” AK Kuzatuv kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda muzokaralar oʻtkazsin hamda ular asosida “United Investment Nealthcare Group” XK MChJ bilan (keyingi oʻrinlarda ishonchli boshqaruvchi deb ataladi) “Dori-Darmon” AK ustav kapitalidagi davlat ulushini ishonchli boshqarish uchun besh yil muddatga shartnoma tuzsin va tasdiqlangan biznes reja parametrlariga erishilgan taqdirda ushbu muddatni yanada besh yil muddatga uzaytirsin.
4. Belgilansinki:
ishonchli boshqaruvchi “Dori-Darmon” AKni boshqarishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish huquqiga ega;
ishonchli boshqaruvchi xizmatlari uchun toʻlov har oylik tushumdan oylik mukofot va bonus shaklida belgilanadi;
bonus miqdori biznes reja parametrlarining bajarilishiga qarab, “Dori-Darmon” AKning sof daromad summasi, shuningdek, moliyaviy yil yakunlari boʻyicha “Dori-Darmon” AK ustav kapitalidagi davlat ulushi asosida hisoblanadigan dividendlarning bir qismi hisobidan biznes rejada belgilangan miqdordan yuqori boʻlgan sof daromad summasidan hisoblab chiqiladi;
ishonchli boshqaruvchi tasdiqlangan biznes rejani amalga oshirish uchun investitsiyalarni pul mablagʻlari, asbob-uskunalar va dasturiy mahsulotlar koʻrinishida jalb qilgan taqdirda, ushbu investitsiyalar moliyaviy-xoʻjalik faoliyatni tahlil qilish yakunlariga koʻra mustaqil xalqaro auditorlik kompaniyasining xulosalari asosida hamda ishonchli boshqaruvchi va “Dori-Darmon” AK tasdiqlagan investitsiyalarni qoplash jadvaliga muvofiq asoslangan hisob-kitoblar boʻyicha “Dori-Darmon” AK tomonidan qoplanishi kerak.
5. “Dori-Darmon” AK Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda ishonchli boshqaruvchi bilan birgalikda “Dori-Darmon” AKni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ning loyihasini uch oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi oʻn besh kunda “Dori-Darmon” AKga 150 mlrd soʻm miqdorida 2 foizli budjetdan ssudani belgilangan tartibda uch yil muddatga bersin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. “Dori-Darmon” AKga 2017-yil yakunlari boʻyicha olingan daromadni, istisno tariqasida, dividendlar hisoblamasdan kompaniyaning moliyaviy barqarorligini oshirish va keyinchalik “Dori-Darmon” AK ustav kapitalini kapitallashtirish uchun yoʻnaltirishga ruxsat berilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Moliya vazirligi, “Oʼzmedimpeks” DUKning:
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan cheklangan savdo ustamalarini qoʻllamagan holda 300 mlrd soʻm miqdorida ajratilgan foizsiz budjet ssudasi hisobidan “Oʼzmedimpeks” DUK xarid qilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini, istisno tariqasida, Sogʻliqni saqlash vazirligiga topshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi va uning hududiy boshqaruv organlari, shuningdek, davlat tibbiyot tashkilotlari oʻrtasida dori vositalari hamda tibbiyot buyumlarini sotish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzish;
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi oldidagi budjetdan foizsiz qarzni 2019-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda qoplashi toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Belgilab qoʻyilsinki, ushbu qarorning 8-bandiga muvofiq dori vositalari va tibbiyot buyumlarini sotishdan tushgan mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining maxsus gʻaznachilik shaxsiy hisobraqamida jamlanadi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, hududiy sogʻliqni saqlash boshqarmalari va davlat tibbiyot boshqarmalarining rasmiy talablariga koʻra, ular tomonidan ushbu qarorning 8-bandida nazarda tutilgan tartibda yetkazib berilgan dori vositalari va tibbiyot buyumlari uchun hisob-kitob qilishga zarur budjet mablagʻlari boʻyicha ularning xarajatlar smetasiga tegishli oʻzgartirishlar kiritilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va “Oʼzmedimpeks” DUK bilan birgalikda dori vositalari va tibbiyot buyumlarini tasdiqlangan taqsimot asosida qabul qilish-topshirish hamda ikki oy muddatda ularning respublika, viloyat va tuman darajasidagi davlat tibbiyot tashkilotlariga yetkazib berilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi bilan birgalikda uch oy muddatda:
“Oʼzmedimpeks” DUKning foizsiz budjet ssudasidan maqsadli va samarali foydalanishini oʻrganish;
“Oʼzmedimpeks” DUK faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Abduxakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vaziri A.K. Shadmanov va Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari N.Sh. Sharipov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2018-yil 22-oktabr,
849-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 23.10.2018-y., 09/18/849/2084-son; 19.02.2019-y., 09/19/141/2634-son; 02.03.2019-y., 09/19/185/2702-son, 02.08.2019-y., 09/19/642/3626-son; 28.03.2020-y., 09/20/187/0379-son)