Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“INFRATUZILMALARNI RIVOJLANTIRISHNI, SHUNINGDEK SIRDARYO VILOYATI OQOLTIN TUMANIDAGI TARKIBI OʻZGARTIRILGAN XOʻJALIKLARNI QOʻLLAB- QUVVATLASH” LOYIHASINI AMALGA OSHIRISHGA DOIR QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Qishloq xoʻjaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, “Infratuzilmalarni rivojlantirishni, shuningdek Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi tarkibi oʻzgartirilgan xoʻjaliklarni qoʻllab-quvvatlash” loyihasining samarali amalga oshirilishini taʼminlash, Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Osiyo taraqqiyot banki Direktorlar Kengashi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga “Infratuzilmalarni rivojlantirishni, shuningdek Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi tarkibi oʻzgartirilgan xoʻjaliklarni qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish uchun besh yildan iborat imtiyozli davrni qoʻshgan holda 25 yil muddatga 36 mln AQSH dollari miqdorida qarz berishni maʼqullaganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Osiyo taraqqiyot bankining 16,0 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlarini Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasiga hamda 5,3 mln AQSH dollari miqdoridagi qarz mablagʻlarini mashina-traktor xizmatlarini mablagʻ bilan taʼminlash uchun Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi huzuridagi muqobil mashina-traktor parkiga subqarz bitimlariga muvofiq qayta kreditlaydi;
Keyingi tahrirga qarang.
“Xoʻjaliklar ichidagi irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini yaxshilash” komponenti boʻyicha qarzni va qoʻshilgan foizlarni toʻlash loyihada qatnashuvchi qishloq xoʻjaligi korxonalari mablagʻlari hisobiga, “Mashina-traktor xizmatlari koʻrsatish” komponenti boʻyicha — Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani qishloq va suv xoʻjaligi boshqarmasi huzuridagi muqobil mashina-traktor parki mablagʻlari hisobiga, qolgan komponentlar boʻyicha esa — davlat budjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
Keyingi tahrirga qarang.
loyihani amalga oshirish davrida qarz boʻyicha foizlarni va vositachilik haqini, shuningdek mablagʻ bilan taʼminlashni tashkil etish xarajatlarini hamda qarz mablagʻlarini toʻlash Osiyo taraqqiyot banki hisobiga amalga oshiriladi.
3. Quyidagilar:
qarzni toʻlash grafigi 1-ilovaga* muvofiq;
loyihada qatnashuvchi Oqoltin tumani xoʻjalik yurituvchi subyektlari roʻyxati 2-ilovaga* muvofiq maʼqullansin.
* Ilovalar berilmaydi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri Osiyo taraqqiyot banki bilan tuzilgan qarz bitimini, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va subqarz oluvchilar oʻrtasidagi subqarz bitimlarini Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolashga vakil qilinsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Osiyo taraqqiyot banki oʻrtasidagi qarz bitimi yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligi korxonalarini tarkibiy oʻzgartirish agentligiga hamda Oqoltin tumani hokimiga Loyiha mablagʻlaridan Osiyo taraqqiyot banki tartibotlariga binoan maqsadli foydalanilishi yuzasidan javobgarlik, shuningdek qarz bitimiga va Loyihani amalga oshirish grafigiga muvofiq Loyihaning samarali roʻyobga chiqarilishini taʼminlash yuklansin.
7. Loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi tashkilotlar va xoʻjalik yurituvchi subyektlar uni amalga oshirish davrida loyiha doirasida respublikaga import boʻyicha keltiriladigan asbob-uskunalar, tovarlar (xizmatlar) uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan ozod qilinsin (bojxona rasmiylashtiruvchi uchun yigʻimlar bundan mustasno).
8. Oʻzbekiston Respublikasi Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi investitsiya dasturlarini shakllantirishda, 2002-yildan boshlab, “Infratuzilmalarni rivojlantirishni, shuningdek Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi tarkibi oʻzgartirilgan xoʻjaliklarni qoʻllab-quvvatlash” loyihasini amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati ulushining mablagʻ bilan taʼminlanishini nazarda tutsinlar.
Keyingi tahrirga qarang.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga Loyihaning mufassal xarajatlari yigʻma smetasini hamda mablagʻlarni berish, ulardan foydalanish tartibini va ularni qaytarish mexanizmini tasdiqlash uchun kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarga, ularni davlat bojlari toʻlashdan ozod qilgan holda, koʻp martalik vizalar berilishini va muddati uzaytirilishini, shuningdek ularning vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishini va vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazish muddati uzaytirilishini taʼminlasin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi loyihani amalga oshirishda qatnashuvchi xorijiy mutaxassislarni kelish vizalari bilan belgilangan tartibda taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari R.S. Azimov va T.X. Xoltoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 27-noyabr,
462-son