Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“OʻZDEUAVTO” QOʻShMA KORXONASINING SAMARALI FAOLIYATINI TAʼMINLASh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
[Koʻchirma]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-yanvardagi 30-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tijorat banklarining moliyaviy barqarorligini taʼminlash, faoliyati samaradorligini oshirish va kredit siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 21-dekabrdagi PQ-4071-son qarori)”gi qaroriga asosan 2020-yil 18-apreldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi yengil avtomobillarini ishlab chiqarishga, sotishga va ularga servis xizmati koʻrsatishni tashkil etishga kompleks yondashishni taʼminlash, fuqarolarning ularni sotib olishlari uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
“OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi boshqaruvi tomonidan 1996-yil uchun ishlab chiqarishning biznes-rejasi va jadvali tasdiqlangan, zavodning birinchi navbatini 1996-yil 25-martda, ikkinchi navbatini 1996-yil iyulda ishga tushirish belgilangan;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan “Asaka” banki ustav fondining toʻlovi sifatida zarur mablagʻlar oʻtkazilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi toʻlov muddati uzaytirilgan bazis kontrakt boʻyicha “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi tomonidan sotib olinadigan materiallar va butlovchi detallar uchun toʻlov yuzasidan 1996-yil 27-martgacha “DEU” korporatsiyasiga kafolat bersin.
4. “Oʻzavtosanoat” uyushmasining “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi bilan birgalikda Asaka zavodida ishlab chiqarilgan yengil avtomobillarga:
respublika hududida — “Oʻzavtotexxizmat” aksionerlik birlashmasi korxonalarining mintaqaviy shoxobchalari orqali;
eksport uchun — “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi tomonidan servis xizmati koʻrsatish va ularni sotish shoxobchalarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Avtomobillarni eksportga sotish strategiyasini belgilash va prognozini ishlab chiqish boʻyicha masʼuliyat Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga yuklansin.
5. “Oʻzavtosanoat” uyushmasi va “Oʻzavtotexxizmat” aksionerlik birlashmasi:
“DEU” korporatsiyasi bilan kelishilgan jadvalga binoan 140 kishini marketing va avtomobillarga sotuvdan keyingi xizmat koʻrsatish boʻyicha mutaxassislar tayyorlash uchun Koreya Respublikasiga yuborsinlar;
1996-yil 1-iyulgacha Toshkent, Andijon, Buxoro, Qarshi, Urganch va Samarqand shaharlarida;
1996-yil 25-dekabrgacha Nukus shahrida va respublikaning qolgan viloyatlari markazlarida texnik xizmat koʻrsatish stansiyalarini rekonstruksiya qilishni tugallasinlar.
“Asaka” banki “DEU” korporatsiyasi tomonidan taklif etilgan servis xizmati koʻrsatish stansiyalarini texnika bilan qayta jihozlash Dasturini bir oy muddatda koʻrib chiqsin va 1996-yilda uni amalga oshirish uchun kredit resurslari ajratsin.
6. Bozor ehtiyojlariga muvofiq avtomobillarni ishlab chiqarish, sotish va ularga servis xizmati koʻrsatishning yanada mustahkam oʻzaro bogʻliqlikda boʻlishini taʼminlash maqsadida “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasining “Oʻzavtotexxizmat” aksionerlik birlashmasi aksionerlik sarmoyasida ishtirok etishi maqsadga muvofiq deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi erkin sotishga moʻljallangan ulushni qayta taqsimlash hisobiga “Oʻzavtotexxizmat” aksionerlik birlashmasi korxonalari aksiyalari umumiy paketining 35 foizini “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasiga sotishni nazarda tutsin.
Keyingi tahrirga qarang.
7. “Oʻzavtotexxizmat” aksionerlik birlashmasiga avtomobillarni birinchi navbatda 100 foizli toʻlovni bir yoʻla toʻlash shartlari boʻyicha sotish tavsiya etilsin.
“OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi ishlab chiqarayotgan avtomobillarni sotib olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga kreditlar berish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi ishlab chiqargan avtomobillarni sotib olayotgan fuqarolar sotib olish chogʻida Respublika yoʻl jamgʻarmasiga bir yoʻla toʻlovdan ozod qilinsinlar.
8. “Asaka” banki bir oy muddatda Nukus shahrida va respublikaning barcha viloyatlari markazlarida filiallar ochsin hamda ularning faoliyat koʻrsata boshlashini taʼminlasin, ularni “Oʻzavtotexxizmat” aksionerlik birlashmasining texnika xizmati koʻrsatish stansiyalari bazasida joylashtirsin.
“Oʻzavtotexxizmat” aksionerlik birlashmasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda “Asaka” banki filiallarini joylashtirish uchun bir hafta muddatda joy ajratsinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga va Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankiga “Asaka” bankining ochilayotgan filiallarini texnika va asbob-uskunalar bilan jihozlashda, chet el banklari bilan korrespondentlik aloqalari oʻrnatishda, uning markaziy apparatini va filiallarini malakali kadrlar bilan taʼminlashda amaliy yordam koʻrsatish tavsiya etilsin.
“Asaka” banki taʼsischilari “Asaka” banki ustav fondini shakllantirishni bir oy muddatda tugallasinlar.
10. “Oʻzavtosanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi Andijon viloyati hokimligi bilan birgalikda “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasining rasmiy xalqaro prezentatsiyasi dasturini bir oy muddatda ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar.
11. “Oʻzavtosanoat” uyushmasi, “Oʻzavtotexxizmat” aksionerlik birlashmasi, “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi bilan birgalikda “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasining ishlab chiqarish dasturi uchun buyurtmachilar portfelini oʻz vaqtida shakllantirishni taʼminlaydigan fyuchers kontraktlari asosida avtomobillar sotish mexanizmini ikki oy muddatda ishlab chiqsinlar va joriy etsinlar.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bir oy muddatda amaldagi normativ hujjatlarga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirishlar yuzasidan takliflar kiritsin.
13. Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 7-noyabrdagi 424-son qarori 8-bandining ikkinchi xatboshi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Oʻ.T. Sultonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 26-mart,
118-son
“OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi ishlab chiqarayotgan avtomobillarni sotib olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga kredit berish
TARTIBI
UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Tartib Vazirlar Mahkamasining “Ixtisoslashtirilgan “Asaka” davlat-aksionerlik tijorat bankini tashkil etish toʻgʻrisida” 1995-yil 7-noyabrdagi 424-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan hamda “Asaka” banki muassasalari tomonidan “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi ishlab chiqarayotgan avtomobillarni sotib olish uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga imtiyozli kreditlar berish asoslarini belgilab beradi.
2. Avtomobillar sotib olish uchun kreditlar “Asaka” banki muassasalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining doimiy ish joyiga yoki boshqa kafolatli daromad manbalariga ega boʻlgan hamda toʻliq mehnatga qobiliyatli boʻlgan fuqarolariga yashash joylari boʻyicha kredit shartnomasi asosida yetti yildan ortiq boʻlmagan muddatga kreditni qaytarish muddatiga bogʻliq ravishda kredit boʻyicha foiz stavkasi bilan beriladi.
Kredit uch yilgacha muddatda qaytarilgan taqdirda foiz stavkasi 4 foiz yillik foyda miqdorida, uch yildan besh yilgacha muddatda qaytarilganda — 5 foiz yillik foyda, besh yildan yetti yilgacha muddatda qaytarilganda — 7 foiz yillik foyda miqdorida belgilanadi. Kredit summasi qarz oluvchi tomonidan sotib olinadigan avtomobil narxining 65 foizidan oshmasligi kerak.
3. Mulkni garovga qoʻyish, sugʻurta polislarini rasmiylashtirish, sotib olinayotgan avtomobilning DAN organlari tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilishi tegishli muassasalar xodimlari tomonidan bevosita “Asaka” banki filiallarida amalga oshiriladi.
“ASAKA” BANKI MUASSASALARIDA “AVTOOMONAT” SChYOTINI YuRITISh VA KREDIT BERISh
4. Qarz oluvchi kredit olinishidan oldingi davrda doimiy yashash joyi boʻyicha “Asaka” bankining hududiy muassasasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
olinadigan daromad va ushlab qolishlar miqdori koʻrsatilgan holda doimiy ishlash joyidan maʼlumotnoma, shuningdek qarz oluvchining badallari har oyda “Asaka” bankiga oʻtkazilishi haqida kafolatli majburiyat;
qarz oluvchi toʻlovga qodir boʻlmay qolgan taqdirda uning qarzlarini “Asaka” bankiga toʻlash toʻgʻrisida topshiriq beruvchiga xizmat koʻrsatuvchi bank tomonidan tasdiqlangan yuridik shaxsning topshirigʻi;
garovga qoʻyilgan mulkning polis sugʻurtasi bilan birgalikda notarial idorada tasdiqlangan mol-mulkni garovga qoʻyish shartnomasi (bunda garovga qoʻyilgan mulkning miqdori olinadigan kredit summasining kamida 125 foizini tashkil etishi kerak);
qarz oluvchi kredit boʻyicha qarzini toʻlashgacha vafot etishi ehtimoliga uning sugʻurta polisi.
Koʻrsatib oʻtilgan hujjatlar mavjud boʻlgan taqdirda va propiska toʻgʻrisidagi belgi qoʻyilgan pasport (harbiy xizmatchining harbiy bileti yoki guvohnomasi) taqdim etilgandan keyin “Asaka” banki muassasasi tomonidan qarz oluvchiga “Avtoomonat” schyoti ochiladi, unga avtomobil narxining kamida 35 foizi qoʻyiladi.
5. “Avtoomonat” schyotlari boʻyicha yoʻqlab olinadigan omonatlar boʻyicha belgilangan stavkaga koʻra foizlar hisoblanadi. Kredit olingunga qadar “Avtoomonat” schyotiga oʻtkazilgan foizlar jamgʻarish summasiga qoʻshiladi.
6. Omonatchi hisoblangan foizlarni olgach “Avtoomonat” schyotini yopishga haqli boʻladi. Schyotdan mablagʻlarni qisman berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
7. Omonatchi vafot etgan taqdirda “Avtoomonat” schyoti boʻyicha huquq Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblangan merosxoʻrga qayta rasmiylashtirilishi yoki omonat summasi merosxoʻrlarga toʻlanishi mumkin. Bunda omonatning merosxoʻri propiska qilingan pasportni (harbiy bilet yoki harbiy xizmatchi guvohnomasini) hamda belgilangan shakldagi meros huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomani taqdim etishi shart.
8. “Avtoomonat” schyotida avtomobil qiymatining kamida 35 foizi mavjud boʻlgan taqdirda “Asaka” banki muassasasi xaridorga (qarz oluvchiga) avtomobil narxi bilan “Avtoomonat” schyotiga qoʻyilgan omonat miqdori oʻrtasidagi farq summasiga teng kredit beradi.
9. Kredit shartnomasi quyidagi shartlar majburiy tartibda koʻrsatilgan holda ikki nusxada tuziladi:
kredit summasi;
kredit beriladigan muddat;
kredit uchun foiz stavkasi, foizlarni hisoblash tartibi;
asosiy qarzni va u boʻyicha foizlarni uzish hisobiga toʻlovlar jadvali;
tomonlar shartnoma shartlarini bajarmaganliklari uchun jarima sanksiyalari;
muddati oʻtkazib yuborilgan qarzlarni hisoblab chiqish va undirish tartibi.
10. Kredit shartnomasi tuzilgandan keyin operatsiyalar oʻtkaziladigan ikki kun ichida avtomobil narxi miqdoridagi mablagʻ “Asaka” banki tomonidan Sotuvchi — “Oʻzavtotexxizmat” aksionerlik birlashmasi schyotiga oʻtkaziladi, “Avtoomonat” schyoti yopiladi. Kredit berish boʻyicha operatsiyalar alohida ssuda schyotidan kredit summasiga oʻtkaziladi, keyinchalik unga qarz oluvchining kreditni toʻlashga yoʻnaltiriladigan mablagʻlari oʻtkaziladi.
AVTOMOBIL XARID QILISh YuZASIDAN ShARTNOMA TUZISh
11. Xaridor “Avtoomonat” schyotida avtomobil narxining kamida 35 foizi miqdorida mablagʻ mavjudligi toʻgʻrisida “Asaka” banki muassasasining maʼlumotnomasini va kredit shartnomasi nusxasini taqdim etib, Sotuvchi — “Oʻzavtotexxizmat” aksionerlik birlashmasi bilan shartnoma (keyingi oʻrinlarda “Oldi-sotdi shartnomasi” deb ataladi) tuzadi. Shartnoma Xaridorga shartnoma tuzilgan paytdan boshlab muayyan muddatda, bu muddat bir oydan oshmasligi kerak, avtomobilni belgilangan narx boʻyicha sotib olish huquqini beradi.
Basharti Oldi-sotdi shartnomasi tuzilgunga qadar avtomobilning narxi “Avtoomonat” schyotida mablagʻ mavjudligi toʻgʻrisida “Asaka” bankining maʼlumotnomasi olingan paytdagidan yuqori boʻlsa, avtomobil yangi narxining 35 foiziga yetmayotgan tegishli summa Xaridor tomonidan uning “Asaka” banki muassasasidagi “Avtoomonat” schyotiga oʻtkaziladi.
12. “Avtoomonat” schyoti egasi (Xaridor) bilan Sotuvchi oʻrtasida tuziladigan Oldi-sotdi shartnomasida:
Sotuvchining muayyan markadagi avtomobilni muayyan muddat ichida yetkazib berish toʻgʻrisidagi majburiyati;
tomonlarning Shartnoma boʻyicha majburiyatlar bajarilmaganligi uchun javobgarligi belgilanishi kerak.
AVTOMOBILNI YETKAZIB BERISh VA KREDIT BOʻYIChA QARZNI TOʻLASh
13. Oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddat tamom boʻlgandan keyin Sotuvchi qarz oluvchiga avtomobilni yetkazib bermagan taqdirda, Xaridor Oldi-sotdi shartnomasi qoidalariga muvofiq Sotuvchidan avtomobil yetkazib berilmaganligi tufayli unga yetkazilgan zarar undirilishini talab qilishi mumkin.
“Asaka” banki Sotuvchi tomonidan “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi ishlab chiqargan avtomobillarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga kredit hisobiga oʻz vaqtida sotilishini nazorat qiladi.
Sotuvchi Oldi-sotdi shartnomasida belgilangan muddatda Xaridorga avtomobilni yetkazib bermagan taqdirda, bank jazo sanksiyasini qoʻllashga — kechiktirilgan har bir kun uchun avtomobil narxining 0,04 foizi miqdorida penya undirishga haqlidir. Oʻtkazilgan penya summasi Xaridorning qarz majburiyatini toʻlashga yoʻnaltiriladi.
14. Qarz oluvchi tomonidan kredit shartnomasi boʻyicha majburiyat toʻliq toʻlangunga qadar “Asaka” banki muassasasi krediti hisobiga sotib olingan avtomobilni sotish yoki boshqacha tarzda birovga berish taqiqlanadi.
15. Qarz oluvchi avtomobilni sotib olganidan keyin 5 kun muddat ichida avtomobilni DAN organlaridan roʻyxatdan oʻtkazishga, ayni vaqtda transport vositasi egasining fuqarolik javobgarligi sugʻurta polisini toʻlashga va olishga majburdir.
Kredit hisobiga sotib olingan avtomobil texnik pasportda uning kredit hisobiga sotib olinganligi toʻgʻrisida albatta belgi qoʻyilgan holda DAN organlarida roʻyxatdan oʻtkaziladi. Belgi avtodoʻkonning maʼlumotnomasi hisobiga kreditga sotib olinganligi haqidagi belgi asosida qoʻyiladi va avtomobil egasi tomonidan “Asaka” banki muassasasi bergan kredit boʻyicha qarzlar toʻlanganligi haqidagi maʼlumotnoma taqdim etilgandan keyin bekor qilinadi. Qarz oluvchi Oʻzbekiston Respublikasi hududi doirasida yashash joyini oʻzgartirgan taqdirda DAN organlari tomonidan avtomashinani hisobdan chiqarish kredit bergan “Asaka” banki muassasasining ruxsati bilan amalga oshiriladi.
16. Asosiy qarz va foiz toʻlovlarini toʻlash qarz oluvchi tomonidan har oyda amalga oshiriladi. Qarz oluvchi asosiy qarzni uzish hisobiga muddatidan ilgari toʻlovlar toʻlashga haqlidir.
17. Qarz oluvchi asosiy qarzni va u boʻyicha foizlarni oʻz vaqtida toʻlamagan taqdirda muddati oʻtkazib yuborilgan qarzga kredit shartnomasiga muvofiq penya hisoblanadi.
18. Kredit boʻyicha qarzlarni uzish qarz oluvchi tomonidan bank muassasalari orqali naqd pul bilan, “Asaka” banki muassasasi va aloqa korxonasi orqali pul oʻtkazish yoʻli bilan, yoxud schyotlardan pul oʻtkazish orqali, shuningdek ish joyi boʻyicha buxgalteriyaga yoki pensiya tayinlagan organga uning topshirigʻi asosida ish haqidan, pensiyalardan ushlab qolish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
Qarz oluvchi kredit shartnomasi boʻyicha oʻz majburiyatlarini uzgunga qadar doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga joʻnab ketgan taqdirda asosiy qarz va muddati oʻtkazib yuborilgan qarz hisoblangan foizlar toʻlangan holda muddatidan ilgari toʻlanishi kerak. Bunda asosiy qarz va uning boʻyicha foizlar toʻlangunga qadar avtomobilni chetga olib chiqib ketish yoki boshqa shaxslarning undan ishonchnomaga koʻra foydalanishlari taqiqlanadi.
“OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi ishlab
chiqarayotgan avtomobillarni sotib olish
uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga
kredit berish tartibiga
ILOVA
chiqarayotgan avtomobillarni sotib olish
uchun Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga
kredit berish tartibiga
ILOVA
“OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi ishlab chiqargan avtomobillarni ichki bozorda sotish
SXEMASI
1. Sotuvchi — “Oʻzavtotexxizmat” va “Asaka” banki oʻrtasida kredit shartnomasi tuzish.
2. “Asaka” bankining “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasi foydasiga avtomobilning zavod narxining 100 foizi miqdorida akkreditiv ochishi.
3. “OʻzDEUAVTO” qoʻshma korxonasining avtomobillarni sotuvchiga — “Oʻzavtotexxizmat”ga joʻnatishi.
4. Xaridorning avtomobil chakana narxi qiymatining kamida 35 foizini “Asaka” bankining mintaqa boʻlinmasidagi “Avtoomonat” schyotiga qoʻyishi, shuningdek “Asaka” banki mintaqa boʻlinmasi bilan xaridor oʻrtasida belgilangan tartibda chakana narx boʻyicha avtomobil narxining 65 foizidan koʻp boʻlmagan summaga kredit shartnomasi rasmiylashtirilishi.
5. Sotuvchi (“Oʻzavtotexxizmat”) bilan xaridor oʻrtasida avtomobilning oldi-sotdi shartnomasi tuzilishi.
6. Sotuvchining avtomobilni xaridorga berishi.
7. Xaridorning kreditni “Asaka” banki mintaqa boʻlinmasiga toʻlashi.