Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining
buyrugʻi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining aviakorxonalaridagi oʻquv yurtlarini sertifikatlash qoidalariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2018-yil 16-oktabrda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 1881-2]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 2-sentabrdagi 692-son “Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2008-yil 10-noyabrdagi 228-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 1881, 2008-yil 13-dekabr) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 51-son, 507-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining aviakorxonalaridagi oʻquv yurtlarini sertifikatlash qoidalariga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Boshliq T. OʻLJAYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 2-oktabr,
123-n-son
Oʻzbekiston Respublikasi Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻining 2018-yil 2-oktabrdagi 123-n-son buyrugʻiga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaro aviatsiyasining aviakorxonalaridagi oʻquv yurtlarini sertifikatlash qoidalariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. 7-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“7. Birinchi marta sertifikatni olish uchun ariza “Davavianazorat” inspeksiyasiga topshiriladi. Mazkur ariza “Davavianazorat” inspeksiyasi tomonidan oʻttiz ish kunidan oshmaydigan muddatda koʻrib chiqiladi.
“Davavianazorat” inspeksiyasiga kelib tushgan ariza oʻsha kunning oʻzida roʻyxatdan oʻtkazilishi lozim. “Davavianazorat” inspeksiyasi arizachiga ariza roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi tegishli hujjat (belgi) berishi, ariza elektron shaklda berilgan taqdirda esa, ariza roʻyxatdan oʻtkazilganligini “Davavianazorat” inspeksiyasining rasmiy veb-saytidagi elektron xabarlarga tayanib yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa usul bilan tasdiqlashi shart.
“Davavianazorat” inspeksiyasida arizani roʻyxatdan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.”.
2. 16-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“16. Ariza bilan birga taqdim etilgan hujjatlarni dastlabki baholash natijalari salbiy boʻlganda, “Davavianazorat” inspeksiyasi tomonidan kamchiliklarni bartaraf etish uchun besh ish kunidan kam boʻlmagan muddat beriladi.”.
3. 25-bandning birinchi xatboshisidagi “ikki oy” degan soʻzlar “oʻttiz ish kuni” degan soʻzlar bilan almashtirilsin.
4. 38-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“38. Sertifikatning amal qilish muddatini bekor qilish yoki uni toʻxtatib qoʻyish toʻgʻrisidagi qaror “Davavianazorat” inspeksiyasi tomonidan qabul qilinadi va bir ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda oʻquv yurtiga xabar beriladi.”.
5. 40-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“40. Sertifikat harakati tugatilishiga asos boʻlgan sabablar bartaraf etilgandan keyin va kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida hisobot taqdim etilgandan soʻng Sertifikat harakatini yangilash toʻgʻrisida “Davavianazorat” inspeksiyasining qarori qabul qilinadi. “Davavianazorat” inspeksiyasi tegishli qaror qabul qilingan kunidan boshlab bir ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda buyurtmachiga bu haqda xabar beradi.”.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2018-y., 10/18/1881-2/2063-son)