Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
TEMURIYLAR TARIXI DAVLAT MUZEYINI TASHKIL ETISH CHORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, maorif va madaniyatning yuksak darajadagi taraqqiyotini haqqoniy aks ettirish va keng targʻib qilish, chuqur insonparvarlik ruhi bilan sugʻorilgan tarixiy yutuqlarimiz va anʼanalarimiz asosida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Amir Temur tavalludining 660 yilligini oʻtkazish boʻyicha tuzilgan tashkiliy qoʻmita, Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda ijodiy uyushmalar va keng jamoatchilikning taklifi asosida:
Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Temuriylar tarixi Davlat muzeyi tashkil etilsin;
muzey uchun maxsus bino Toshkent shahrining Amir Temur xiyobonida barpo etilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Madaniyat ishlari vazirligi bilan birgalikda:
Temuriylar tarixi Davlat muzeyining Nizomini ishlab chiqib, uni Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda tasdiqlasin;
Temuriylar tarixi Davlat muzeyining ilmiy dasturini, koʻrgazma rejalarini hamda muzey faoliyatini samarali tashkil etishga yoʻnaltirilgan tadbirlarni ishlab chiqib tasdiqlasin va ularni amalga oshirishga kirishsin;
asosiy bino ishga tushguniga qadar muzey direksiyasining faoliyati uchun joy ajratsin.
3. Muzeyning shtatlar soni 22 nafardan iborat etib tasdiqlansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan hamkorlikda chet ellarda saqlanayotgan Amir Temur va temuriylar davriga oid tarixiy hujjat-ashyolar, osoriatiqalar roʻyxatlarini aniqlasin va ularning (yoki nusxalarining) Oʻzbekistonga olib kelinishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi Oʻzbekiston Rassomlar uyushmasi bilan birgalikda davlat buyurtmasi sifatida Temuriylar tarixi Davlat muzeyi uchun qirq dona mavzuli surat polotnolarni tayyorlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi muzey faoliyatini taʼminlash uchun har yili respublika budjetidan zarur mablagʻlarni ajratishni nazarda tutsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S. Saidqosimov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1996-yil 14-mart,
99-son