Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida standartlash ishlarini tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-martdagi 45-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-son Qonuni)”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi mustaqil deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan, standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash milliy respublika tizimini yaratish zaruriyatidan kelib chiqib, shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlari oʻrtasidagi xoʻjalik, savdo, ilmiy-texnikaviy va boshqa munosabatlarni saqlab qolish, jahon mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikdagi texnikaviy toʻsiqlarni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Respublikasi hududida standartlash obyektlariga nisbatan talablarni belgilovchi meʼyoriy-texnikaviy hujjatlarning quyidagi toifalari amal qiladi:
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi davlatlarining davlatlararo standartlari (DST);
Oʻzbekiston Respublikasining standartlari (OʻzRST);
Oʻzbekiston Respublikasining texnikaviy shartlari (OʻzTSh);
korxonalar, birlashmalar, firmalar, konsernlar va boshqa xoʻjalik subyektlarining standartlari (Oʻz KST);
xorijiy mamlakatlarning xalqaro, mintaqaviy va milliy standartlari (ISO, MEK va boshqalar).
Keyingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat standartlash tizimining ilova qilinayotgan Asosiy prinsiplari tasdiqlansin.
3. Respublika manfaatlarini koʻzlab, standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash sohasida yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni shakllantirish, shuningdek, bu sohadagi ishlarga umumiy metodologik rahbarlikni taʼminlash uchun birlashma bazasida sobiq SSSR Davlat standartining respublika hududida joylashgan tashkilotlari imkoniyatlarini birlashtirish negizida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi (“Oʻzdavstandart”) tashkil etilsin.
Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasining standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash masalalari boʻyicha milliy organi funksiyasi yuklatilsin. Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi sobiq SSSR Davlat standartining Oʻzbekiston Respublikasidagi huquqiy vorisi deb belgilansin.
4. Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi tarkibiga standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash masalalariga ixtisoslashgan tashkilotlar kiritilib, ayni bir vaqtda quyidagi oʻzgartishlar kiritilsin:
mahsulot sifatini boshqarish, standartlash va metrologiya sohasidagi rahbar xodimlar va mutaxassislarning malakasini oshirish Butunittifoq institutining Sharq filiali — uni standartlash, metrologiya, sertifikatsiyalash va mahsulot sifatini boshqarish sohasidagi tadqiqotlar va kadrlar tayyorlash Oʻzbekiston institutiga aylantirgan holda;
“Etalon” Oʻzbekiston ishlab chiqarish birlashmasi;
2–“Standart” magazini;
Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markaziga boʻysunuvchi Qoraqalpogʻiston, barcha viloyatlar, Qoʻqon hamda Chirchiq standartlash va metrologiya markazlari — ularni standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash mintaqa markazlariga aylantirgan holda.
5. Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin. Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi bir oy muddat ichida uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Keyingi tahrirga qarang.
6. Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi bir oy muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasida standartlar va oʻlchov vositalari ustidan davlat nazorati toʻgʻrisidagi Ustav va Nizom loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etsin.
7. Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi 1992-yilning birinchi yarmida Oʻzbekiston Respublikasining Davlat standartlash tizimini ishlab chiqsin va respublikaning manfaatdor tashkilotlari bilan birgalikda tasdiqlasin. Ushbu davlat tizimiga barcha vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, birlashmalar, kichik va qoʻshma korxonalar, kooperativlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi boshqa xoʻjalik organlarining amal qilishi majburiydir.
8. Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi Oʻzbekistonning taraqqiyot istiqbolini belgilash qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat qurilish ishlari qoʻmitasi, Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi va Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda 1992-yilning II choragida standartlarni, texnikaviy shartlarni va metrologiya qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
Mazkur qaror tasdiqlangunga qadar sobiq SSR Ittifoqining davlat boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlangan standartlarni, texnikaviy shartlarni va metrologiya qoidalarini buzganlik uchun sanksiyalarni qoʻllanish boʻyicha amaldagi huquqiy normalarga amal qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili respublika budjeti hisobidan Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markaziga standartlar talablariga, texnikaviy shartlarga va mahsulot sifatining majburiy talablariga rioya qilish, aholining hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsizlikni, atrof muhitni muhofaza qilishni, eksportga chiqariladigan mahsulotlarning mosligini va oʻzaro almashlashga loyiqligini taʼminlash, davlat metrologiya nazorati boʻyicha ishlarga, shuningdek, standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash sohasidagi tadqiqotlar ustidan davlat nazoratiga moliya mablagʻi ajratishni nazarda tutsin.
Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi ishining boshqa yoʻnalishlari xoʻjalik hisobi asosida bajariladi.
10. Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markaziga davlatlarning respublika standartlarini nashr etish va qayta nashr etish, shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining davlatlararo standartlarini (DST) davlat va rus tillarida, nusxalarini tasdiqlagan holda, koʻpaytirish boʻyicha monopoliya huquqi berilsin, Zarur hollarda meʼyoriy-texnikaviy hujjatlarni koʻpaytirish huquqi Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi tomonidan korxonalar va tashkilotlarga berilishi mumkin.
Keyingi tahrirga qarang.
11. Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi bosh direktoriga maishiy, tibbiy, sanatoriya-kurort hamda xizmat koʻrsatishning boshqa turlari boʻyicha vazirlar uchun nazarda tutilgan imtiyozlar, bosh direktorning birinchi oʻrinbosari va oʻrinbosarlariga vazirning birinchi oʻrinbosarlari va oʻrinbosarlariga, markaz Kengashining aʼzolariga — respublika vazirliklari hayʼatlari aʼzolari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etilsin.
Keyingi tahrirga qarang.
12. SSSR Ministrlar Sovetining “SSSRda standartlash ishlarini tashkil qilish toʻgʻrisida” 1985-yil 7-yanvardagi 13-son qarori yuzasidan Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining 1985-yil 22-fevraldagi 100-son qarori (OʻzSSR QT, 1985-y., 2-son, 6-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. Mutalov
Toshkent sh.,
1992-yil 2-mart,
93-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT STANDARTLASh TIZIMINING ASOSIY PRINSIPLARI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat standartlash tizimining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
respublika standartlash, ishlab chiqarishni metrologik taʼminlash va mahsulotni (ishlar, xizmatlarni) sertifikatsiyalashning ilmiy-metodik va texnika-iqtisodiy asoslari asosiy yoʻnalishlarini shakllantirish;
mahsulotni standartlash, oʻlchovlar birligini, sertifikatsiyalashning respublika tizimini va sifatni taʼminlash tizimini Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasida davlatlararo va xalqaro tizimlar bilan uygʻunlashtirish;
oʻlchovlarning yagonaligi va ishonchliligini, fizik kattaliklar birligi etalonlarini tegishli metrologik darajada saqlash va tutishni hamda rivojlantirishni taʼminlash;
standartlar va texnikaviy shartlarga, shu jumladan, eksportga chiqariladigan mahsulotlarga, shuningdek, oʻlchov vositalarining holati va qoʻllanishi boʻyicha majburiy talablarga rioya qilinishi ustidan davlat nazorati oʻrnatish;
davlat metrologiya nazoratni olib borish;
sinov boʻlinmalarini akkreditatsiyalash, ishlab chiqarishni attestatsiyadan oʻtkazish hamda mahsulotni va sifatni taʼminlash tizimlarini xalqaro standartlarga mos ravishda sertifikatsiyalash;
sogʻliqni, xavfsizlikni va mahsulot sifatini muhofaza qilish sohasida isteʼmolchilarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilish;
standartlash, metrologiya, sertifikatsiyalash hamda sifatni boshqarish sohasida ilmiy va muhandis-texnik kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar va boshqa xoʻjalik subyektlari tomonidan olib boriladigan standartlar, metrologiya va sertifikatsiyalash borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish.
Keyingi tahrirga qarang.
2. Respublikada standartlashga doir ishlarni maqbul darajada tashkil etish, muvofiqlashtirish va taʼminlash funksiyasini quyidagilar amalga oshiradilar:
tarmoqlararo yoʻnalishdagi mahsulotlar boʻyicha — Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi;
Keyingi tahrirga qarang.
qurilish va qurilish industriyasi sohasida-qurilish va qurilish industriyasi obyektlarini loyihalash va konstruksiyalash ham shunga kiradi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat qurilish ishlari qoʻmitasi;
Keyingi tahrirga qarang.
tabiiy resurslardan foydalanish va atrof muhitni ifloslanishdan va boshqa zararli taʼsirlardan muhofaza qilishni tartibga solish sohasida — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi;
Oʻzbekiston Respublikasi sanoati tomonidan ishlab chiqariladigan tibbiyot maqsadlaridagi mahsulotlar, tibbiyot texnikasi buyumlari, dori-darmonlar va tarkibida inson uchun zararli moddalar boʻlgan mahsulotlar sohasida — Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi.
Mazkur idoralar va Sogʻliqni saqlash vazirligi (birkitilgan sohalar boʻyicha) amaldagi respublika standartlarini va ularga kiritilgan oʻzgartishlarni koʻrib chiqadilar, tasdiqlaydilar, muddatini uzaytiradilar va bekor qiladilar. Respublika standartlarini ishlab chiqish va qayta koʻrib chiqish yuqorida qayd etilgan organlar tomonidan tasdiqlangan grafikka muvofiq amalga oshiriladi. Respublika standartlari, texnikaviy shartlari va ularga oʻzgartishlar, ularni tasdiqlash darajasidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazida davlat roʻyxatiga olinishi kerak.
Keyingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasida standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash ishlariga umumiy metodik rahbarlikni Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi taʼminlaydi.
Keyingi tahrirga qarang.
3. Standartlar va texnikaviy shartlarni ishlab chiqish buyurtmachilari vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korxonalar hamda tegishli mahsulot (xizmatlar) turlarini ishlab chiqaruvchi va ulardan foydalanuvchi boshqa tuzilmalardir. Bu ishlarni mablagʻ bilan taʼminlash buyurtmachilarning mablagʻi, shu jumladan, shartnoma asosida markazlashtiriladigan mablagʻlar hisobidan amalga oshiriladi. Standartlash boʻyicha bazaviy tashkilotlar, shuningdek, tegishli mahsulot (xizmatlar) turlarini ishlab chiqaruvchi yoki foydalanuvchi korxonalar, tashkilotlar va boshqa tuzilmalar standartlar va texnikaviy shartlarni ishlab chiquvchilar hisoblanadilar.
Keyingi tahrirga qarang.
4. Standartlar va texnikaviy shartlarni ishlab chiquvchi tashkilotlar shu standartlar va texnikaviy shartlarda majburiy va tavsiya etiladigan talablarni nazarda tutishlari kerak.
Majburiy talablar jumlasiga aholining hayoti va salomatligi uchun xavfsizlikni taʼminlovchi, atrof muhitni muhofaza qiluvchi, mahsulotning mosligini va oʻzaro almashuvchanligini taʼminlovchi talablar kiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
Tavsiya etiladigan talablarga mahsulotning isteʼmol va boshqa xususiyatlarini aks ettiruvchi talablar kiradi. Ularni qoʻllanish zaruriyatini tayyorlovchi va isteʼmolchi (buyurtmachi) shartnomalar tuzilayotganda belgilaydi.
Standartlar va texnikaviy shartlarning majburiy talablari, idoraviy boʻysunishlaridan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, barcha davlat, kooperativ, ijara, qoʻshma hamda boshqa korxonalar va tashkilotlarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi fuqarolarga taalluqlidir.
Keyingi tahrirga qarang.
5. Korxonalar, birlashmalar, konsernlar, uyushmalar va boshqa xoʻjalik organlari korxonaning yangidan yaratiladigan va chiqariladigan mahsulotiga standart ishlab chiqishlari va tasdiqlashlari mumkin. Buning uchun davlatlararo va respublika standartlarining mahsulotga nisbatan nazarda tutilgan majburiy talablariga rioya etgan holda bunday standartlarning talablari davlatlararo va respublika standartlari koʻrsatkichlaridan ortiq boʻlishi yoki isteʼmolchilarning talablarini qondiradigan boʻlishi kerak.
Agar standartlarning talablari xalq xoʻjaligi talablarini qondiradigan boʻlsa, Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi tomonidan belgilangan tartibda xalqaro, mintaqa va xorijiy mamlakatlarning milliy standartlarini respublika standartlari va texnikaviy shartlari sifatida qoʻllanishga yoʻl qoʻyiladi.
Keyingi tahrirga qarang.
OʻZBEKISTON DAVLAT STANDARTLASh, METROLOGIYA VA SERTIFIKATSIYALASh MARKAZI (“OʻZDAVSTANDART”) TOʻGʻRISIDA
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston davlat standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash markazi (“Oʻzdavstandart”) davlat boshqaruv organi boʻlib, standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash masalalariga ixtisoslashgan hamda davlat va uning qatnashchilari manfaatlarini koʻzlab xoʻjalik hisobi, oʻzini oʻzi mablagʻ bilan taʼminlash va oʻzini oʻzi boshqarish prinsiplari asosida, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi budjetidan ajratiladigan mablagʻ hisobiga birgalikda faoliyat koʻrsatadigan tashkilotlarni birlashtiradi.
2. “Oʻzdavstandart” Oʻzbekiston Respublikasida standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalashga rahbarlik qiladi, uning ahvoli va rivojlanishi uchun javob beradi, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat standartlash tizimining Asosiy prinsiplariga muvofiq bu sohada yagona texnika siyosatini shakllantiradi va belgilaydi.
“Oʻzdavstandart” sobiq SSSR Davlat standartining Oʻzbekiston Respublikasidagi huquqiy vorisidir. Uning zimmasiga Oʻzbekiston Respublikasining standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash masalalari boʻyicha milliy organi funksiyasini bajarish yuklatilgan.
3. “Oʻzdavstandart”ga markaz tarkibiga kiruvchi, mustaqil balansga ega boʻlgan, “Oʻzdavstandart” tuzilgan paytda qaror topgan xoʻjalik faoliyatining hamma turlarini saqlab qolgan, yuridik shaxs huquqiga ega boʻlgan tashkilotlar boʻysunadi.
4. “Oʻzdavstandart” tarkibiga kiruvchi tashkilotlar oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida korxonalar haqida”gi Qonuniga, mazkur Nizomga hamda “Oʻzdavstandart” tomonidan tasdiqlangan korxonalar va tashkilotlarning Nizomlariga muvofiq amalga oshiradilar.
Keyingi tahrirga qarang.
5. “Oʻzdavstandart” yuridik shaxs boʻlib, bank muassasalarida soʻm va chet el valyutasida oʻzining maxsus schyotini ochadi. Mablagʻlarning tushum va xarajatlar hisobi soʻm va chet el valyutasida alohida olib boriladi. “Oʻzdavstandart” korxonalar egasi, ijara hamda qonunda nazarda tutilgan boshqa asoslarda alohida mulkka, mustaqil balansga ega boʻladi, oʻz nomidan mulkiy huquqqa ega boʻlishi, sud yoki hakamlik sudida daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin. “Oʻzdavstandart” oʻziga tegishli boʻlgan, qonunchilik boʻyicha jazolanishi mumkin boʻlgan mulk yuzasidan oʻz majburiyatlari boʻyicha javob beradi.
Davlat va uning organlari “Oʻzdavstandart” majburiyatlari boʻyicha va “Oʻzdavstandart” davlat va uning organlari majburiyatlari boʻyicha javob bermaydilar.
6. “Oʻzdavstandart” oʻz shtampi, firma blankasi va boshqa rekvizitlarga, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan hamda oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega boʻladi.
“Oʻzdavstandart” Toshkent shahrida joylashgan.
“Oʻzdavstandart” belgilangan tartibda Respublikaning boshqa shaharlarida va uning tashqarisida oʻz korxonalari va tashkilotlarini, filiallari va boʻlimlarini, kichik korxonalarini taʼsis etishi mumkin.
II. “Oʻzdavstandart”ning maqsadi va vazifalari
7. “Oʻzdavstandart”ning asosiy maqsadi mahsulotning raqobatdorligini oshirish muammosini hal etishda respublika xalq xoʻjaligiga koʻmaklashish respublika xususiyatlarini va manfaatlarini hisobga olgan holda quyidagi vazifalarni hal etish yoʻli bilan oʻlchovlarning yagonaligini taʼminlashdan iboratdir:
respublika standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash tizimlarining amal qilishini, ularning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi standartlari, xalqaro, mintaqa va chet mamlakatlar standartlari bilan uygʻunlashuvini taʼminlash va takomillashtirish;
standartlarda va texnikaviy shartlarda mahsulot sifatiga, aholining hayoti va sogʻligʻi uchun xavfsizlikni, atrof muhitni muhofaza etishni taʼminlashga qaratilgan jarayonlar va xizmatlarga, mahsulotning mosligi va oʻzaro almashuvchanligiga majburiy talablar qoʻyish;
idoraviy boʻysunishidan va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, davlat, kooperativ, ijara, aksionerlik, qoʻshma hamda boshqa korxonalar va tashkilotlarda sifatni davlat tomonidan baholash, nazorat qilish, bundan maqsad odamlarning hayoti va sogʻligʻi xavfsiz boʻlishi, atrof muhitni muhofaza qilish, mahsulotning mosligi va bir-birining oʻrnini toʻldirishi bilan bogʻliq boʻlgan standartlar va texnikaviy shartlarning majburiy talablariga taalluqli davlat va isteʼmolchilarning talablarini himoya qilish, shuningdek, eksportga chiqariladigan mahsulot sifatini davlat tomonidan nazorat qilishdir;
mahsulotni, birinchi navbatda majburiy sertifikatsiya qilinadigan oziq-ovqat tovarlari va qishloq xoʻjaligi mahsulotini hamda eksportga chiqariladigan mahsulotni sinash va sertifikatsiyalash ishlarini tashkil etish;
respublika standartlarini va ularga oʻzgartishlarni tasdiqlash, davlat roʻyxatiga olish, korxona mahsuloti (xizmatlar)ga texnikaviy shartlarni, standartlarni va ularga oʻzgartishlarni davlat roʻyxatiga olish;
respublika xalq xoʻjaligini meʼyoriy-texnikaviy hujjatlar bilan taʼminlash;
oʻlchovlarning yagonaligi va ishonchliligini, fizik kattaliklar birligi etalonlarini tegishli darajada saqlash za rivojlantirishni taʼminlash;
davlat metrologiya nazorati;
moddalar va materiallarning standart namunalarini attestatsiyadan oʻtkazish ishlarini tashkil etish;
oʻlchovlarning namunaviy vositalarini ishlab chiqarish va yuqori darajada aniq oʻlchov texnikasini tuzatish;
“Oʻzdavstandart” standartlash va metrologiya markazlarini, shuningdek, idoraviy metrologiya xizmatlarini, sinash markazlarini, oʻlchov, analitik, kalibrlash laboratoriyalarini akkreditatsiyalash;
standartlash, metrologiya, sertifikatsiyalash sohasidagi tadqiqotlar;
standartlash, metrologiya, mahsulotni sinash va sertifikatsiyalashning asosiy yoʻnalishlarini, istiqbolli rejalarini va rivojlantirishning uzoq muddatli istiqbollarini ishlab chiqish;
standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash sohasida Qonunchilik aktlarini ishlab chiqish boʻyicha takliflar kiritish;
standartlash, metrologiya, mahsulot sifatini boshqarish, sinash va sertifikatsiyalash sohasidagi yutuqlarning ilmiy-texnikaviy targʻiboti;
mahsulotni davlat yoʻli bilan nazorat qilish va sertifikatsiyalash natijalarini tahlil etish hamda shu asosda mahsulotning sifatini va raqobatdorligini oshirish va sifatni taʼminlash tizimini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
“Oʻzdavstandart” tashkilotlarining ishlab chiqarish bazasini rivojlantirishning, kengaytirish, qayta qurish va texnika bilan qayta qurollantirish va kapital qurilishning umumiy vazifalarini hal etish uchun investitsiya sohasidagi yagona strategiyani roʻyobga chiqarish;
standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash sohasida chet el firmalari bilan tashqi iqtisodiy aloqalarning va ilmiy-texnikaviy hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish;
standartlash, metrologiya, sifatni boshqarish, mahsulotni sinash va sertifikatsiyalash sohasida ilmiy va muhandis-texnik kadrlar tayyorlash;
standartlar va davlat metrologiya nazorati (davlat nazoratining avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi) ustidan davlat nazoratining avtomatlashtirilgan tizimini yaratish;
vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korxonalar, tashkilotlar, kooperativlarning standartlash, metrologiya, mahsulotni sinash va sertifikatsiyalash sohasidagi faoliyatiga metodik rahbarlik qilish va uni muvofiqlashtirish;
parallelizmga va tekshirishlarning bir-birini takrorlashiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida standartlar va davlat metrologiya nazorati ustidan davlat nazoratini amalga oshirayotganda qonunchilikka rioya qilish masalalari yuzasidan huquqni muhofaza qilish va nazorat organlari bilan birgalikda harakat qilish.
Keyingi tahrirga qarang.
Keyingi tahrirga qarang.
III. “Oʻzdavstandart” ning faoliyati
8. “Oʻzdavstandart” oʻzining ishlab chiqarish-xoʻjalik, moliyaviy faoliyatini va rivojlanish istiqbolini belgilashni “Oʻzdavstandart” tashkilotlari tomonidan mustaqil ravishda ishlab chiqiladigan yillik va uzoq muddatli iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish rejalari, davlat buyurtmalari hamda “Oʻzdavstandart” tomonidan ishlab chiqiladigan birgalikdagi faoliyat dasturlari asosida amalga oshiradi.
Keyingi tahrirga qarang.
9. “Oʻzdavstandart” oʻz faoliyatida bevosita vazirliklar, idoralar, konsernlar, uyushmalar, Oʻzbekiston Respublikasi davlat boshqaruvining boshqa organlari bilan birgalikda oʻzaro aloqadorlikda ish olib boradi.
Keyingi tahrirga qarang.
“Oʻzdavstandart” faoliyatiga Vazirlar Mahkamasi rahbarlik qiladi.
10. “Oʻzdavstandart” rahbariyati oʻz tasarrufidagi tashkilotlarning huquqlarini Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq holda himoya qilishni taʼminlaydi, davlat hokimiyati va boshqaruvining markaziy, mahalliy organlarida ularning manfaatlarini himoya qiladi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik aktlariga zid boʻlmagan boshqa funksiyalarni bajaradi.
11. “Oʻzdavstandart” oʻz nomidan shartnomalar tuzishi, bank kreditidan foydalanishi, xorijiy banklarning tijorat kreditlarini jalb etishi, qonunda ruxsat etilgan tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishi mumkin. Shuningdek, u oʻz huquqlari doirasida ham respublikada, ham uning tashqarisida vatanimizdagi va xorijiy birlashmalar, korxonalar, firmalar bilan, shuningdek, alohida fuqarolar bilan har qanday bitimlar (tashqi savdo, kredit, veksel bitishuvlari) va boshqa yuridik aktlar tuzishi, qimmatdor qogʻozlar bozorida qatnashishi, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda qoʻshma korxonalar, shu jumladan, mamlakatimizdagi va chet ellardagi xorijiy firmalar, kichik korxonalar (firmalar, markazlar) barpo etishi, boshqa korxonalar (tashkilotlar) bilan munosabatlarda oʻz tasarrufidagi tashkilotlarning manfaatlarini himoya qilishi mumkin.
IV. “Oʻzdavstandart”ning huquq va burchlari
12. “Oʻzdavstandart”ga quyidagi huquqlar beriladi:
tegishli vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korxonalar, tashkilotlar, ilmiy-texnika jamiyatlari, matlubot jamiyatlari bilan kelishgan holda mutaxassislarni standartlash, metrologiya mahsulotni sinash va sertifikatsiyalashga jalb etish;
Keyingi tahrirga qarang.
respublika vazirliklari, idoralari, uyushmalari, konsernlari, korxonalari, tashkilotlari, ilmiy-texnika jamiyatlari, matlubot jamiyatlaridan “Oʻzdavstandart” zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan materiallarni olish;
vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlarning masʼul xodimlaridan, korxonalar va tashkilotlarning, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan xorijiy sheriklar bilan birgalikda ochilgan qoʻshma korxonalar va tashkilotlar rahbarlarining standartlash, metrologiya, mahsulotni sinash va sertifikatsiyalash masalalari boʻyicha axborotlarini tinglab borish;
respublika xalq xoʻjaligi uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan standartlash boʻyicha texnika qoʻmitalari, standartlash, metrologiya, mahsulotni sinash va sertifikatsiyalash muammolarini koʻrib chiquvchi muvaqqat ilmiy-texnika komissiyalarini tuzish;
standartlar, texnikaviy shartlar va metrologiya qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi Nizom ishlab chiqilgunga qadar korxonalarga va tashkilotlarga nisbatan standartlarni, texnikaviy shartlarni va metrologiya qoidalarini buzganlik uchun sobiq SSSRning boshqaruv organlari tomonidan tasdiqlangan sanksiyalarni qoʻllanish yuzasidan amaldagi huquqiy normalarga muvofiq, davlat nazorati natijalari boʻyicha huquqiy choralar va iqtisodiy sanksiyalarni qoʻllanish;
mahsulotning texnikaviy darajasini va sifatini taʼminlamaydigan hamda isteʼmolchilarning talablariga va amaldagi qonunchilikka zid boʻlgan meʼyoriy-texnika hujjatlarining amal qilish muddatini bekor qilish, cheklash yoki qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi qarorlarni bajarish yuzasidan majburiy qarorlar qabul qilish.
V. “Oʻzdavstandart”ning mulki va mablagʻlari
13. “Oʻzdavstandart” zaxira (sugʻurta) fondini tuzadi. Uning mablagʻlaridan “Oʻzdavstandart” Kengashining qaroriga muvofiq oʻz tasarrufidagi tashkilotlarga foiz olinmaydigan yoki imtiyozli kredit shaklida moliyaviy yordam koʻrsatish uchun foydalaniladi.
14. “Oʻzdavstandart” mulkini quyidagi manbalardan hosil boʻlgan mablagʻlar tashkil etadi:
tasarrufidagi tashkilotlarning ilmiy-texnika, ishlab chiqarish va ijtimoiy rivojlantirishning muammolari va dasturlarini mablagʻ bilan taʼminlash uchun maqsadli badallari;
tasarrufidagi tashkilotlarning zaxira (sugʻurta) fondini tashkil qilish uchun maqsadli badallari. Fondning foydalanilmagan qoldiqlari kelgusi yilga oʻtkaziladi va olib qoʻyilmaydi;
valyuta fondi;
bank kreditlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan budjet mablagʻlari;
oʻzining moliya-xoʻjalik faoliyatidan tushadigan daromadlar;
qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
15. Tashkilotlarning maqsadli badallari va toʻlovlarining miqdori, ulardan foydalanish tartibi “Oʻzdavstandart” Kengashi tomonidan belgilanadi.
16. “Oʻzdavstandart” oʻziga qarashli mulk va vositalardan oʻz tasarrufidagi tashkilotlar manfaatlari uchun foydalanadi, ham respublikada, ham undan tashqarida har qanday harakatdagi va koʻchmas mulkni qurishi va taʼmirlashi, sotib olishi, ajratib olishi, ijaraga olishi va topshirishi, qonunga zid kelmaydigan boshqa ishlarni amalga oshirishi mumkin.
17. “Oʻzdavstandart”ning mulki mustaqil balansda aks etadi.
18. Tasarrufdagi tashkilotlarning moliya-xoʻjalik faoliyati ikki yilda kamida bir marta taftish qilinadi.
VI. “Oʻzdavstandart”ni boshqarish
19. “Oʻzdavstandart”ga Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadigan va ozod etiladigan bosh direktor boshchilik qiladi.
Bosh direktor oʻrinbosarlari, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, “Oʻzdavstandart”ning bosh direktori tomonidan lavozimga tayinlanadilar va ozod etiladilar.
Bosh direktor va uning oʻrinbosarlari zimmasiga ayni bir vaqtda lavozimi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining standartlar va oʻlchov vositalarini nazorat qilish boʻyicha bosh davlat inspektori va uning oʻrinbosarlari vazifasi ham yuklatiladi.
“Oʻzdavstandart”ning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va shaharlardagi standartlash, metrologiya va sertifikatsiyalash mintaqa markazlarining direktorlari oʻz lavozimiga koʻra ayni bir vaqtda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, shahar standartlar va oʻlchov vositalarini nazorat qilish boʻyicha bosh davlat inspektorlari, ularning oʻrinbosarlari esa Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat va shahar standartlar va oʻlchov vositalarini nazorat qilish boʻyicha bosh davlat inspektorining oʻrinbosarlari hisoblanadilar.
Standartlar va oʻlchov vositalarini davlat yoʻli bilan nazorat qilib borish topshirilgan “Oʻzdavstandart”ning boʻlim boshliqlari, ularning oʻrinbosarlari, bosh mutaxassislari, mansabdor shaxslari oʻz lavozimiga koʻra ayni bir vaqtda standartlar za oʻlchov vositalarini nazorat qilish boʻyicha davlat inspektorlari hisoblanadilar.
Standartlar va oʻlchov vositalarini davlat yoʻli bilan nazorat qiluvchi mansabdor shaxslar davlat nazoratchisi yoki “Oʻzdavstandart” tomonidan belgilangan tartibda davlat tekshiruvchisi sifatida attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak.
20. Bosh direksiyaning burchi quyidagilardan iboratdir:
“Oʻzdavstandart” vazifalariga muvofiq ishlab chiqarish-xoʻjalik va boshqa faoliyatga rahbarlik qilish;
tasarrufdagi tashkilotlar bilan birgalikda iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning, fan-texnika taraqqiyotining, kadrlar siyosatining joriy va istiqbolli rejalarini ishlab chiqish va belgilash;
Vazirlar Mahkamasiga va davlat boshqaruvining tegishli organlariga “Oʻzdavstandart”ning faoliyati haqida belgilangan tartibda hisobotlar va axborot taqdim etish;
manfaatdor tashkilotlarni jalb etgan holda, respublika vazirliklari, idoralari, uyushmalari, konsernlari, korxonalari, tashkilotlari va fuqarolarining “Oʻzdavstandart” faoliyati hamda standartlar va metrologiya qoidalarining buzilishi bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha shikoyatlar va daʼvolarini koʻrib chiqish.
21. Tasarrufdagi korxonalar va tashkilotlarning rahbarlari bosh direktor tomonidan shartnoma asosida lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
22. “Oʻzdavstandart”ning bosh direktori huzurida maslahat organi — Kengash tuziladi. Uning vazifasi mahsulotni standartlash, metrologiya, sinash va sertifikatsiyalashni rivojlantirishning eng muhim muammolarini koʻrib chiqish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilishdir.
Kengash qarori oddiy, koʻpchilik ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi va qarorlar bilan rasmiylashtiriladi.
Kengash ishi “Oʻzdavstandart” rahbariyati tomonidan tasdiqlangan Kengash haqidagi Nizom asosida amalga oshiriladi.
VII. Hisobot va nazorat
23. “Oʻzdavstandart” oʻz tasarrufidagi tashkilotlardan “Oʻzdavstandart” funksiyalarini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan faoliyat haqida operativ maʼlumotlar va davriy hisobotlar oladi. Tasarrufdagi tashkilotlar belgilangan statistik va buxgalteriya hisobotini taqdim etadilar.
24. “Oʻzdavstandart” belgilangan tartibda operativ buxgalteriya va statistik hisob olib boradi, Vazirlar Mahkamasiga va tegishli organlarga ishlab chiqarish-xoʻjalik faoliyatining barcha turlari boʻyicha tasdiqlangan forma boʻyicha va belgilangan muddatlarda hisobot tuzadi va topshiradi, hisobotlar va balanslarning ishonchliligini taʼminlaydi.
“Oʻzdavstandart” amaldagi qonunchilikka qattiq rioya etilishini taʼminlaydi.
VIII. “Oʻzdavstandart”ni qayta tashkil etish va tugatish
25. “Oʻzdavstandart”ni qayta tashkil etish va tugatish, belgilangan tartibda, Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Keyingi tahrirga qarang.