Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziriga yuborilgan “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning sogʻlom ovqatlanishini tashkil etishning holati hamda uni amalga oshirish boʻyicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovi haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2018-yil 12-maydagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning sogʻlom ovqatlanishini tashkil etishning holati hamda uni amalga oshirish boʻyicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining yozma javobini koʻrib chiqib, Qonunchilik palatasi taʼkidlaydiki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-mayda qabul qilingan “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash borasida muayyan ishlar amalga oshirilgan.
Mazkur Qarorga asosan respublika boʻyicha mahalliy davlat hokimiyati organlariga 2017 ― 2020-yillarda ovqatlanish tizimi mavjud boʻlmagan 2630 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini 13150 ta oʻtirish oʻrinlari (toʻplamlar) bilan, har biri 2630 tadan boʻlgan muzlatkich, suv qaynatgich, elektr plita, idish yuvish vannalari va ishlab chiqarish stollari bilan jihozlash, shuningdek umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida ishlamayotgan 2061 ta oshxonani 4868 ta oʻtirish oʻrinlari (toʻplamlar) bilan, 806 ta muzlatkich, 1030 ta muzlatkich vitrina, 823 ta suv qaynatgich, 1091 ta elektr plita, 801 ta idish yuvish vannalari va 1059 ta ishlab chiqarish stollari bilan qayta jihozlash boʻyicha hududiy manzilli dasturlarni ishlab chiqish hamda ijrosini taʼminlash vazifalari topshirilgan.
2005 ― 2018-yillar davomida xalq taʼlimi tizimidagi 9628 ta maktabdan 3299 tasi (34,0 foiz) oshxona jihozlari bilan taʼminlangan.
Bugungi kunga kelib 6329 ta (66,0 foiz) maktabdagi oshxona va bufetlarning jihozlari yangilangan.
Biroq, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan mazkur vazifa toʻlaqonli bajarilishi taʼminlanmagan. Hozirgi kunda 9628 ta umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 1453 tasida (15,0 foizida) oʻquvchilar uchun issiq ovqat tayyorlash tashkil etilgan boʻlib, bu maktablarning aksariyat qismi Toshkent shahri va viloyatlar markazlariga toʻgʻri keladi.
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 4906 tasida (51,0 foizida) oshxonalar bufet tarzida boʻlib, ularning assortimentida faqat turli pishiriqlar mavjud.
Shu bilan birga, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan oʻquvchilarning sogʻlom ovqatlanishini tashkil etish masalalariga yetarli eʼtibor qaratilmaganligi hamda qishloq joylarda maktab oshxonalarini ijaraga olish xarajatlarni oqlamasligi sababli 3269 ta (34,0 foiz) umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oshxona va bufetlar faoliyati yoʻlga qoʻyilmagan. Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari oshxonalari texnologik jihozlar bilan taʼminlanmaganligi natijasida ularning moddiy-texnik bazasi nochor ahvolga kelib qolgan.
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oshxona va bufetlarini ijaraga berish boʻyicha tanlov komissiyasi tomonidan oshxona va bufetlarini yakka tartibdagi tadbirkorlarga ijaraga berishda “nol” stavkasini belgilash masalalari yetarlicha hal etilmagan.
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oshxona va bufetlarini ijaraga berish boʻyicha tanlov komissiyasi oʻquvchilar sonidan kelib chiqib, oshxona va bufetlarni yuridik shaxslar bilan bir qatorda, yakka tartibdagi tadbirkorlarga ijaraga berish masalalariga loqaydlik bilan qaragan.
Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning sogʻlom ovqatlanishini tashkil etishdagi mavjud muammolarning yechimini topish, jumladan taʼlim muassasalarining oshxona va bufetlarida sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya etish, oʻquvchilarga sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor ovqatlar sifatini nazorat qilishni kuchaytirish hamda oshxona va bufetlarni ijaraga oluvchi yuridik shaxslarga hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida mavjud oshxona va bufetlar hamda ulardagi jihozlarni inventarizatsiya qilish, shuningdek maktablar oshxona va bufetlarining qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va kapital taʼmirlanishi rejalashtirilgan loyihalarni qayta koʻrib chiqish masalalari hal etilmagan.
Yuqoridagilardan hamda parlament soʻroviga berilgan javoblardan kelib chiqib, “Parlament nazorati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 14-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi qaror qiladi:
1. “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oʻquvchilarning sogʻlom ovqatlanishini tashkil etishning holati hamda uni amalga oshirish boʻyicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi parlament soʻroviga Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vazirining yozma javobi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi “Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida sogʻlom ovqatlanishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorida belgilangan vazifalarning izchil bajarilishini nazorat qilsin;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining mavjud oshxona va bufetlar hamda ulardagi jihozlarni toʻliq inventarizatsiya qilishga va umumiy oʻrta taʼlim muassasalariga tayyor ovqatlar yetkazib berishning shaffof hamda soddalashtirilgan tizimini yaratishga, bunda yuridik shaxslar bilan bir qatorda, yakka tartibdagi tadbirkorlarning mazkur faoliyatni amalga oshirishiga keng yoʻl ochib berishga qaratilgan takliflarni ishlab chiqsin hamda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oshxona va bufetlarni tashkil etish va jihozlash uchun 2017 — 2020-yillarga moʻljallangan hududiy manzilli dasturlarni qayta koʻrib chiqib, ularni tasdiqlasin, faoliyat koʻrsatmayotgan oshxona va bufetlarni qayta alohida oʻrganib chiqib belgilangan muddat ichida oshxona va bufetlarni tashkil etsin va ularni jihozlashning moliyaviy manbalarini aniqlagan holda manzilli dasturlarni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining oshxona va bufetlarini ijaraga berishda “nol” stavkasini qoʻllash tavsiya etilsin;
2019-2020-yillarda qurilishi va rekonstruksiya qilinishi, kapital taʼmirlanishi rejalashtirilayotgan umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining loyihalarida oshxona va bufetlar nazarda tutilishiga eʼtibor qaratsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Xalq taʼlimi vazirligi bilan kelishilgan holda umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida oshxona va bufetlarning faoliyatini tashkil etish boʻyicha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi mazkur qaror ijrosi yuzasidan doimiy monitoring oʻtkazsin hamda joriy yilning dekabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashida axborot bersin.
5. Ushbu qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri N. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2018-yil 5-iyul,
1822-III-son
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 05.07.2018-y., 04/18/1822-III/1906-son)